Mamlakatimiz mustaqilligining 29 yilligiga ham sanoqli kunlar qoldi. Xalqimiz eng ulug‘ va eng aziz ayyomimizni ko‘tarinki kayfiyatda kutib olmoqda. Xususan, bayram arafasida Mudofaa vazirligi harbiy qism va muassasalarida yangi ob’ektlar foydalanishga topshirilmoqda. Toshkent harbiy okrugi «Angren» umumqo‘shin tog‘ poligoni va harbiy qism ana shular jumlasidan.

So‘nggi yillarda tizimda amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari, zamonaviy tipda barpo etilayotgan bino va inshootlar harbiy xizmatchilar faoliyati uchun qulay sharoit yaratish, xizmat samaradorligini yanada oshirishda muhim omil bo‘lmoqda. Mamlakatimiz Prezidenti tomonidan belgilab berilgan ustuvor vazifalarga asosan milliy armiyamizning jangovar salohiyatini oshirishga yo‘naltirilgan dastur amaliyotga tatbiq etilmoqda.
Zamonaviy infrastruktura asosida yangilangan harbiy poligon, harbiy qism va shaharchalar, harbiy xizmatchilarning ijtimoiy ta’minotiga yo‘naltirilgan ipoteka turarjoylari bosqichma-bosqich qurib bitkazilmoqda. Qisqa muddat ichida zamon talablariga mos ravishda kapital ta’mirlangan «Angren» umumqo‘shin tog‘ poligoni o‘zining mohiyat va ko‘lami bilan ajralib turadi.

Mudofaa vazirligi rahbariyati ishtirok etgan tadbirda ta’kidlanganidek, aynan istiqlolimizning 29 yilligi bayrami arafasida bunday inshootning topshirilishi yurt himoyachilari uchun chinakam tuhfa bo‘ldi. Tog‘ yonbag‘rida joylashgan poligonda zamonaviy sport maydoni, yotoqxona, 500 kishiga mo‘ljallangan oshxona, dam olish va maishiy xizmat ko‘rsatish xonalarining barchasi zamon talablariga mos ravishda barpo etildi. Zarur o‘quv, moddiy-texnik baza va zamonaviy vositalar bilan to‘liq jihozlandi.
Dala-o‘quv maydoni chin ma’noda askar akademiyasidir. Chunki poligonda harbiy xizmatchi nazariy bilimlarini amalda sinovdan o‘tkazadi. Har tomonlama toblanadi. Mahoratini oshiradi. Jahon standartlariga to‘laqonli javob beradigan mazkur poligonda barpo etilgan aloqa, muhandislik, radiatsion, kimyoviy-biologik muhofaza, havo hujumidan mudofaa, artilleriya, tog‘ tayyorgarligi kabi o‘ndan ortiq o‘quv joylari yurt himoyachilarining ko‘nikmalarini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.
E’tiborli jihati, ushbu dala-o‘quv maydonida har bir harbiy xizmatchining individual va professional tayyorgarligini oshirish, mashqlarni real vaziyatlarga yaqinlashtirilgan holda tashkil etish imkoniyati mavjud. Marosim davomida ishtirokchilar uchun ko‘rgazmali mashg‘ulotlar ham o‘tkazildi. Bunda yurt himoyachilari o‘quv joylarida turli murakkab mashqlarni bajarib, yuqori jangovar tayyorgarlik va mahoratga ega ekanliklarini namoyon etishdi.
Xulosa qilib aytadigan bo‘lsak, ushbu dala-o‘quv maydoni kelgusida mustaqil O‘zbekistonimizni munosib himoya qiladigan minglab mard va jasur o‘g‘lonlarning kasbiy tayyorgarligini oshirish, professional yurt himoyachilari safini yanada kengaytirishga xizmat qiladi. Chinakam malaka va tajriba maktabiga aylanadi.

Mayor Shunqor BO‘RIYEV