«Forish» tog‘ poligonida VI Xalqaro armiya o‘yinlarining «Harbiy-tibbiy estafeta» tanlovi haqida gazetamizning oldingi sonida xabar bergandik. Musobaqa yakunlandi. Endi u tarixga aylandi. O‘zbekiston ikki yil ketma-ket mezbonlik qilgan musobaqa xotiralarda hamyurtlarimizning ishonchli g‘alabalari bilan eslanadi. Sportda «o‘z uyingda devorlar ham suyaydi», degan ibora bor. Biroq buning uchun puxta tayyorgarlik, zafariyat uchun mustahkam zamin zarur. Harbiy xizmatchilarimizning xalqaro musobaqada zafar quchganini maqola boshidanoq ma’lum qilganimga ma’zur tutgaysiz. Bellashuvlarni o‘tgan hafta kelgan joyidan davom ettirsak.

SHIFOKORLAR SHIDDATI

Xalqaro bellashuvning «Individual mahorat» bosqichida harbiy shifokorlarning maxsus tayyorgarligi sinovdan o‘tdi. To‘siqlar yo‘lakchasini bosib o‘tgan mutaxassislar simulyatsiya vositalaridan foydalangan holda kasbiy mahoratlarini namoyish etdi. Bunda konikotomiya (traxeyaga tashqaridan havo yuborish), torakotsentez (plevra bo‘shlig‘idan havo chiqarish), yurak-o‘pka reanimatsiyasi, tomirga dori vositasini yuborish mashqlari bajarildi. Shuningdek, o‘quv-tibbiy simulyatsiya markazida davom etgan bellashuvda rentgen va elektrokardiogrammani sharhlash, teriga jarrohlik chokini qo‘yish kabilar bo‘yicha amaliy mashqlar bajarildi.
Harbiy shifokorlar bahslarida o‘zbekistonlik tibbiy xizmat katta leytenanti Sanjarbek A’zamov 2019 yilda hamyurti tomonidan o‘rnatilgan rekordni yangilab, 1 645 ball to‘pladi. Mezbon jamoaning yana bir vakili tibbiy xizmat mayori Bobojon Elmurodov esa 1 435 balli natija qayd etdi. Rossiya jamoasi vakili tibbiy xizmat katta leytenanti Andrey Malaxov 1 302 ball bilan kuchli uchlikni yakunladi.
Ayollar bahsi ham barcha tomoshabinlarni hayajonga soldi. O‘zbekiston jamoasi vakili tibbiy xizmat mayori Larisa Xolmamatova qayd etgan natija – 1 354 ball qolganlar uchun etib bo‘lmas marra bo‘ldi. Bellashuvda ikkinchi va uchinchi o‘rin rossiyaliklarga nasib etdi. Tibbiy xizmat katta leytenanti Violetta Kistenda 1 204, tibbiy xizmat katta leytenanti Nadejda Malaxovada 1 101 ball.

REKORD «BEGONA» QILINMADI

O‘rta va kichik tibbiyot xodimlari o‘rtasida to‘siqlar yo‘lakchasidan o‘tish mashqi. Turli mamlakatlarning erkaklar va ayollar jamoalari to‘siqlar yo‘lakchasidan o‘tish maydonchasida jam bo‘ldi.
Ishtirokchilarni qo‘llab-quvvatlovchilarning aksari o‘zbekistonliklar bo‘lgani tabiiy. Vatandoshlarimiz esa ularning olqishiga har jihatdan munosib bo‘lishning uddasidan chiqishdi. Bu ular qayd etgan natijalarda aks etgan. Darvoqe, mamlakatlar erkaklar va ayollar jamoalari yakunda bir xil o‘rinlarni egallashdi. Bu safar ham mezbonlarni «devorlar suyadi» – birinchi o‘rin. Rossiyaliklar ikkinchi pog‘onani band etgan bo‘lsa, Belarusь jamoasi – uchinchi.
To‘siqlar yo‘lakchasidan o‘tishda hamyurtimiz kichik serjant Valijon Begaliev 339 ball bilan rekord o‘rnatdi. E’tiborli jihati, kichik serjant Xokimbek Madaminjonov 337 ball bilan 2019 yilda o‘zi qayd etgan rekordni – 317 balli natijani yaxshilashga muvaffaq bo‘ldi. Shuningdek, rossiyalik serjant Aslan Bidjiev 325, kichik serjant Shohrux Ibragimov 338 ball to‘pladi.
Ayollar orasida ham rekord «begona» qilinmadi. O‘zbekistonlik kichik serjant Liliya Manasipova 2019 yilgi (281 ball) rekordini yangilay oldi – 295 ball. Kichik serjant Saidaxon Abdumo‘minova 284 ballni qo‘lga kiritdi.

YAQQOL USTUNLIK

O‘rta va kichik tibbiyot xodimlarining maxsus tayyorgarligi sinovdan o‘tganda, ular simulyatsiya vositalaridan foydalangan holda kasbiy mahoratlarini namoyish etdi. Bunda shartli ravishda og‘ir jarohatlangan bemorni jang maydonidan turli usullar bilan olib chiqish, yurak-o‘pka reanimatsiyasi, tomirga dori vositasini yuborish kabi amaliy mashqlar bajarildi.
Bu safar ham o‘zbekistonlik harbiy xizmatchilar musobaqaning qolgan ishtirokchilaridan ko‘ra tayyorgarligi yuqoriroq ekanliklarini namoyish etdi. Kichik serjantlar – Valijon Begaliev, Xokimbek Madaminjonov, Shohrux Ibragimov, Shohida Rahimova, Liliya Manasipova, Saidaxon Abdumo‘minova mos ravishda o‘z yo‘nalishlari bo‘yicha kuchli uchlikni shakllantirib, mazkur shartni bajarish bobida mutloq g‘alabaga erishdilar.
Shu tariqa «individual mahorat» bosqichining barcha shartlarida O‘zbekiston jamoasi eng ko‘p ball jamg‘arishga muvaffaq bo‘ldi.

BIRLASHGAN O‘ZAR. O‘ZDIKMI?

Xalqaro tanlovning so‘nggi sharti – «Jamoaviy birinchilik» doirasidagi bellashuv nufuzli musobaqa shartlari orasida eng shiddatlisi va tomoshabopi bo‘ldi. Qolgan jamoalarning tayyorgarligini munosib e’tirof etgan holda ta’kidlash joizki, shu kuni ham eng yuqori natija uchun asosiy raqobat mezbonlar va rossiyaliklar orasida kechdi.
Harbiy-tibbiy ko‘pkurash musobaqasi shartiga ko‘ra, ishtirokchilar to‘siqlardan o‘tish, yaradorlarni jangovar texnikadan xavfsiz hududga olib chiqish, birinchi tibbiy yordam ko‘rsatish, yaradorlarni suvli to‘siqdan olib o‘tish va evakuatsiya qilinadigan texnikaga joylashtirish kabi mashqlar bajarildi. «Individual mahorat» bosqichidan farqli ravishda bu erda jamoa har bir a’zosining roli, salohiyati hal qiluvchi ahamiyatga ega. Boisi, mashqlarning ko‘p qismi ishtirokchilar tomonidan parallel ravishda amalga oshirildi.
Hakamlar hay’ati xulosasiga ko‘ra, erkaklar bahslarida O‘zbekiston jamoasi 2 572 ball bilan «Jamoaviy birinchilik» bosqichida tengsiz topildi. Asosiy raqobatchilar – rossiyaliklar 1 513 ball to‘plab, finishda ikkinchi bo‘ldi. Uchinchi o‘rinda Belarus jamoasi – 814 ball. Ayollar orasida ham yurtdoshlarimiz 1 642 ball to‘plab, birinchi o‘rinni egalladi. Rossiya jamoasida 1 452 ball. Belarusliklar 554 ball bilan kuchli uchlikning quyi pog‘onasida.
Navbatdagi shartni ham o‘z foydasiga hal qilgan, ishonchli g‘alabaga erishgan o‘zbekistonlik harbiy xizmatchilar 2019 yilda «Forish» tog‘ poligoni ilk bor mezbonlik qilgan «Harbiy-tibbiy estafeta»ning «Jamoaviy birinchilik» bosqichida o‘rnatilgan 7’35,9’’ (erkaklar) va 11’35,6’’ (ayollar) vaqtlik rekordlarni mos ravishda yangiladilar: 6’28,8’’ va 10’09,2’’.
Shu bilan «Harbiy-tibbiy estafeta» xalqaro musobaqasi o‘z yakuniga etdi. Barcha shartlar bo‘yicha to‘plangan umumiy natijaga ko‘ra, 12 857 ball bilan o‘tgan yilgi g‘olib – O‘zbekiston chempionlik titulini himoya qildi. Rossiyaliklarda 10 110 ball va ikkinchi o‘rin. Belarus jamoasi esa 6 585 ball bilan sovrinli o‘rinni egalladi. Keyingi o‘rinlar quyidagicha taqsimlandi – Tojikiston, Vetnam va Falastin.
«Harbiy-tibbiy estafeta» g‘olib va sovrindorlarini taqdirlash va xalqaro musobaqaning tantanali yopilish marosimi voqeaga mos ravishda dabdaba bilan o‘tkazildi. O‘zbekiston Mudofaa vazirligi jamoasiga «Lacetti» avtomobilining kaliti, «ArMI – 2020» kubogi topshirildi. Turli yo‘nalishlar bo‘yicha eng yuqori natijalarni qayd etgan harbiy xizmatchilar – belgilangan nominatsiyalar g‘oliblariga qimmatbaho sovg‘alar topshirildi.

Podpolkovnik To‘lqin JUMANAZAROV,
«Vatanparvar»