Qo‘qon shahri mezbonlik qilgan ArMI – 2020 Xalqaro armiya o‘yinlarining «Yo‘l patruli» bahsida Vatanimiz sharafini himoya qilgan yurt o‘g‘lonlari birinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi va bu natija O‘zbekiston jamoasi uchun musobaqa tarixidagi eng yuqori natijadir.
Bir necha kun davom etgan murosasiz bellashuvlarda Mudofaa vazirligi harbiy avtomobil nazorati xodimlari Rossiya hamda belaruslik raqiblaridan har tomonlama ustun ekanliklarini namoyish etishdi. Kapitan Mansurjon Akobirov, serjantlar Siddiq A’zamov, Farhod Musaev PM pistoleti va avtomatdan o‘q otish, ekstremal boshqarish va yo‘l harakati hodisasi paytida sodir bo‘lishi mumkin bo‘lgan yong‘inni o‘chirish hamda jabrlanganlarga birinchi yordam ko‘rsatish shartlarini bajarish jarayonida o‘z mahoratlarini namoyish etishdi.
Aynan birinchi kungi shartlarga ko‘ra jamoamiz vakili Siddiq A’zamov avtomobilni ekstremal boshqarish borasida musobaqa rekordini yangiladi. U konuslar bilan chegaralangan maxsus qisqa va tor yo‘lakni bosib o‘tishda 1 daqiqayu 23.55 soniya vaqt sarfladi va birorta ham konusni yiqitmadi. Natijada u 2019 yilda o‘rnatilgan Rossiya terma jamoasiga tegishli rekordni 7.37 soniyaga yangiladi. Individual va jamoaviy poyga bahslarida qatnashchilar ikki aylanadan iborat 6 kilometrlik masofani bosib o‘tishda belgilangan nuqtalarda tegishli shartlarni bajarib, vakillarimiz tezlik borasida raqiblaridan ancha o‘zib ketishga muvaffaq bo‘ldilar.
Dasturga ko‘ra so‘nggi ikki shart – avtomobil g‘ildiraklarini almashtirish va yo‘l harakatini boshqarish (tanlovdan tashqari) borasidagi bahsda kichik serjant Muzaffar Tulyabaev va katta leytenant Jamoliddin Egamberdiev juftligi 1 daqiqayu 14.76 soniyada avtomobil shinasini almashtirib, o‘zlariga topshirilgan vazifani a’lo darajada bajarishdi. Bu natija «Yo‘l patruli» musobaqasining navbatdagi rekordi sifatida qayd etildi. Bu shartdagi avvalgi rekord O‘zbekiston terma jamoasiga tegishli bo‘lib, 2019 yilda yigitlarimiz avtomobil g‘ildiragini 1 daqiqayu 34.82 soniyada almashtirishga muvaffaq bo‘lgan.
Tanlovdan tashqari o‘tkazilgan yo‘l harakatini boshqarish shartida serjant Jo‘rabek Qodirov, Aleksey Serebrov (Rossiya Federatsiyasi) va Aleksandr Sheglov (Belarus Respublikasi) eng yaxshi inspektorlar sifatida o‘zlarini ko‘rsatishdi.
Qayd etilgan natijalar yakuniga ko‘ra, O‘zbekiston terma jamoasi birinchi, Rossiya Federatsiyasi ikkinchi, Belarus Respublikasi uchinchi o‘rindan joy oldi. Shuningdek, hakamlar hay’ati tomonidan individual yo‘nalishdagi nominantlar ham aniqlandi. Unga ko‘ra, serjant Siddiq A’zamov (O‘zbekiston, «Ekstremal haydovchi»), serjant Farhod Musaev (O‘zbekiston, «Universal mutaxassis»), kapitan Mansurjon Akobirov (O‘zbekiston, «Professional»), serjant Jamoliddin Egamberdiev va kichik serjant Muzaffar Tulyabaev (O‘zbekiston, «Eng yaxshi texnik yordam»), leytenant Kazbek Avsanov (Rossiya Federatsiyasi, «Maksimal forsaj»), podpolkovnik Sergey Kipet (Belarus Respublikasi, «Eng yaxshi jamoa sardori») nominatsiyasida g‘olib deb topildi.
«Yo‘l patruli»ning tantanali yopilish marosimida g‘olib va sovrindorlar kubok va qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlandi.

Asror RO‘ZIBOYEV,
«Vatanparvar»