1 sentyabr – Mustaqillik kunini Moskvada xalqaro harbiy musobaqalarda ishtirok etayotgan harbiylarimiz bayram tabriklari, quvonchli yo‘qlovlar bilan qarshi oldilar.
Yaxshi kayfiyat bilan «Alabino» poligoniga yo‘l oldik. Xayolimizda kun rejasi, kontsert dasturi, o‘zbekona madaniyat namoyishi, tantanalar. Boshqalar bilarmikan, bizning eng ulug‘, eng aziz sanamizni?!

Poligonda, nazarimda, o‘zbekona shukuh kezib yurardi. Bir tarafda to‘yga taraddud ko‘rayotgandek osh harakatiga tushgan oshpazlar. Do‘stlik uyida Qurolli Kuchlar Markaziy ashula va raqs ansambli jamoasining polkovnik Husan Botirov boshchiligidagi badiiy guruhning chiqishlari. Yo‘limizda uchragan, O‘zbekistondanligimizni bilgan borki, ulug‘ niyatlar bildirib, bizni sevintiradi.
Xalqaro armiya o‘yinlarida ishtirok etayotgan musobaqa qatnashchilari erishayotgan muvaffaqiyatlar esa istiqlol shodiyonalariga bir to‘yonadek bo‘ldi.
Ayni shu kundagi yutuqlarga bir nazar solaylik. «Men g‘olib!» shiori ostida harakat qilgan harbiy xizmatchilarimiz «Harbiy-tibbiy estafeta», «Sodiq do‘st», «Yo‘l patruli» musobaqalarida birinchilikni egallashdi. «Artilleriya olovi ustasi», «Xavfsiz marshrut», «Harbiy ralli», «Otliq marafoni», «Qurolsoz usta» yo‘nalishlarida vakillarimiz ikkinchi o‘rinni zabt etishdi. «Avtozirhli tank-texnika ustasi», «Dala oshxonasi» hamda «Xavfsiz muhit» guruhidagi harbiylarimiz uchinchi o‘ringa munosib topildi.
Himmatli xalqmiz. Shodiyonalarda ishtirok etgan mehmonlar badiiy chiqishlarda hordiq chiqarish barobarida o‘zbek palovi bilan siylandi. Ajab emas, ular kelgusi yilgi musobaqalarda ham yurtimizdagi tantanalarning hisobini olib yursa.

katta leytenant Aziz NORQULOV, «Vatanparvar»

(Rossiya, Moskva viloyati)