Xalqaro armiya o‘yinlari doirasidagi «Artilleriya olovi ustasi» musobaqalarining so‘nggi estafeta bosqichi qizg‘in va murosasiz o‘tdi. Moskvadan samolyotda bir soatdan ziyod vaqt masofa bosib o‘tiladigan Saratov viloyatida yurtimizdan kelgan harbiy xizmatchilar Rossiya, Belarus, Armaniston, Vetnam, Tojikiston kabi davlatlar bilan musobaqaga kirishgan edi.
Ushbu tanlov uch bosqichdan iborat bo‘lib, birinchi «Individual poyga» bosqichida minomyot hisoblari umumiy uzunligi 4 km.lik (2 km. dan 2 aylana) to‘siqlardan o‘tib, belgilangan nishonlarni yo‘q qilishi lozim. Ikkinchi bosqich – «Tungi sprint» harakatlari xuddi birinchi bosqichdagi kabi amalga oshiriladi. Farqi, harakatlar qorong‘ida bo‘lib o‘tadi.
«Estafeta» – uchinchi bosqichda ikkala minomyot hisobi ishtirok etadi. Bunda birinchi minomyot hisobi finishga 50 metr qolganda, ikkinchi minomyot hisobiga tartib raqamini uzatadi. Tartib raqamlari qo‘lga uzatilmay turib, ikkinchi minomyot hisobi start chizig‘ini kesmay turadi.
So‘nggi bosqichdagi ko‘rsatkichlar egallanadigan o‘ringa daxldorligi bilan juda ham ahamiyatli. Estafeta davomida birgina ortiqcha harakat yoki harakatsizlik jamoaning reytingi ko‘tarilib yoki tushib ketishiga keskin ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Yigitlar ham bir necha oylar mobaynida qizg‘in tayyorgarliklardan o‘tganliklari sezilib turardi.
Yurtdoshlarimizning texnika bilan harakatlanishi, manyovrlari, nishonlarni to‘g‘ri mo‘ljalga olishi ham yuqori baholandi. Mashina bosib o‘tiladigan suv hududi, mina maydonidan ham talafotsiz o‘tdilar. Ishtirokchilar bir-birlarini ruhan qo‘llab-quvvatlashi, hayqirib dalda berishlarini ko‘rib, havasingiz keladi.
Biror voqelikni ifodalash uchun ham o‘ziga yarasha ijodiy qobiliyat, mehnat talab qilinadi. Lekin hodisalarning bevosita ishtirokchisi bo‘lish alohida mas’uliyat. Ishtirokchilar bilan tasvirga olish jarayonida birga harakat qilarkanman, ularning quvonchu tashvishlarini qalban his qildim. Har birining fikru xayoli, maqsadi Vatan taqdiri bilan vobasta edi. Beixtiyor fotoapparatni qoldirib, Vatan sharafi uchun ularning o‘rnida bahsga kirishib ketishni istaysiz. Ona yurt kishisining begonasi bo‘lmasligini yurak-yurakdan his qilasiz.
Musobaqalar yakuniga ko‘ra, yurtimiz vakillari faxrli II o‘rinni qo‘lga kiritdi.

katta leytenant Aziz NORQULOV, «Vatanparvar»

(Rossiya, Moskva viloyati)