O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari akademiyasi va boshqa oliy ta’lim muassasalarida mamlakatimiz suvereniteti va mustaqilligini kafolatlashga qodir kadrlar tayyorlash sifatini oshirish bo‘yicha e’tiborga loyiq ishlar amalga oshirilmoqda.

So‘nggi yillarda O‘zbekiston Respublikasi mintaqada barqaror xavfsizlikni yaratish tamoyillariga amal qilish bilan bir qatorda tinchliksevarlik va do‘stona siyosat tarafdori sifatida xalqaro maydonda o‘ziga xos nufuzga ega bo‘lib bormoqda. Qurolli Kuchlar akademiyasida xorijiy davlatlar bilan harbiy ta’lim sohasidagi hamkorlikni kuchaytirish doirasida «O‘zbekiston Respublikasining suvereniteti va mustaqilligini mustahkamlashda Qurolli Kuchlarning roli» mavzusida xalqaro ilmiy anjuman o‘tkazildi.
Anjumanda Xitoy Xalq Respublikasi, Frantsiya, Germaniya, Hindiston, Italiya, Qozog‘iston, Pokiston, Janubiy Koreya, Turkiya, Ukraina, Buyuk Britaniya, AQSH davlatlarining O‘zbekistonda akkreditatsiyadan o‘tgan elchixonalarning harbiy attashelari, shuningdek, Mudofaa vazirligi, Davlat xavfsizlik xizmati, Milliy gvardiya, Davlat bojxona qo‘mitasi, Ichki ishlar vazirligi mas’ul ofitserlari hamda Qurolli Kuchlar akademiyasi va boshqa oliy harbiy ta’lim muassasalarining professor-o‘qituvchilari ishtirok etishdi.
Ilmiy anjuman dasturiga ko‘ra, dastlab xorijiy davlatlar harbiy attashelari o‘quv maskanida bunyod etilgan «Harbiy attashelar xiyoboni»da ko‘chat o‘tqazish marosimiga taklif etildi. Marosim oldidan mudofaa vazirining o‘rinbosari polkovnik Xamdam Karshiev so‘zga chiqib, qo‘shni va boshqa xorijiy davlatlar bilan harbiy ta’lim sohasida olib borilayotgan o‘zaro aloqalar, buning natijasida erishilayotgan yutuqlarga to‘xtalib o‘tdi va Qurolli Kuchlar akademiyasida barpo etilgan mazkur xiyobon do‘stona hamkorlikning yangi timsoli bo‘lib qolishini alohida ta’kidladi.

Shundan so‘ng mamlakatimizda ro‘yxatdan o‘tgan elchixonalarning harbiy attashelari o‘quv maskanining Anhor kanali bo‘yida barpo etilgan so‘lim va xushmanzara xiyobonga turli xil daraxt ko‘chatlarini ekish tadbirida ishtirok etishdi. Xitoy Xalq Respublikasi harbiy attashesi katta polkovnik Syuy Chjan Ji ginkgo, Buyuk Britaniya harbiy attashesi podpolkovnik Alan Xeyton, Frantsiya harbiy attashesi yordamchisi Maris Bolu xonim, Germaniya harbiy attashesi yordamchisi katta serjant Dennis Xerbold, Hindiston harbiy attashesi polkovnik Nipun Anand, Italiya harbiy attashesi polkovnik Stefano Porchedda eman, Qozog‘is­ton harbiy attashesi polkovnik Marat Batalov qarag‘ay, Turkiya harbiy attashesi polkovnik Mustafo Baloglu, Pokiston harbiy attashesi yordamchisi katta serjant Asad Jan chinor, Janubiy Koreya Respublikasi harbiy attashesi polkovnik Pak An So sharon atirguli, Ukraina harbiy attashesi polkovnik Gleb Smolyar kashtan, AQSH harbiy attashesi podpolkovnik Daniel Prendergast bodom ko‘chatlarini ekishdi.
Qurolli Kuchlar akademiyasi majlislar zalida o‘tkazilgan ilmiy anjumanni mudofaa vazirining o‘rinbosari polkovnik Xamdam Karshiev kirish so‘zi bilan ochib, dunyoda COVID-19 pandemiyasi global tarqalgan vaziyatga qaramay tadbirga tashrif buyurganlarga minnatdorlik bildirdi. Shuningdek, hamkorlikda amalga oshirilayotgan ishlar natijalari va istiqboldagi loyihalar to‘g‘risidagi masalalar har tomonlama muhimligini alohida ta’kidlab o‘tdi.
Ilmiy anjuman davomida Qurolli Kuchlar hamda IIV akademiyalari, Davlat xavfsizlik xizmati, Milliy gvardiya, Bojxona institutlarining professor o‘qituvchilari o‘zlarining ilmiy ma’ruzalari bilan ishtirok etdilar. Qurolli Kuchlarimiz tizimida yoshlarga harbiy bilim berib kelayotgan malakali ustozlar o‘z chiqishlari davomida O‘zbekistonda faoliyat olib borayotgan xorijiy attashelarni qiziqtirgan savollarga javob berishdi. O‘z navbatida Turkiya harbiy attashesi polkovnik Mustafo Baloglu, Buyuk Britaniya harbiy attashesi podpolkovnik Alan Xeyton, Frantsiya harbiy attashesi yordamchisi Maris Bolu xonim ham fotoslayd va videolavha orqali ushbu davlatlar olib borayotgan harbiy siyosatni aks ettiruvchi ma’ruzalarini yig‘ilganlar e’tiboriga havola etishdi. Tadbir yakunida harbiy attashelarga esdalik sovg‘alari va diplomlar topshirildi.
Xulosa o‘rnida aytish joizki, davlatimiz rahbari tomonidan ma’qullangan «Harbiy attashelar xiyoboni»ni barpo etish Qurolli Kuchlar akademiyasining shonli an’analarida yangi sahifani ochib, O‘zbekistonning xorijiy davlatlar bilan olib borayotgan hamkorligining timsoli bo‘lib qoladi.

Asror RO‘ZIBOYEV