Xalqaro armiya o‘yinlari poyoniga yetdi

Xalqaro armiya o‘yinlari – 2020 musobaqalari nihoyasiga etdi. Moskva viloyatida joylashgan «Patriot» parkida barcha ishtirokchilar hozir bo‘ldi. Ushbu tantanalarda O‘zbekiston Respublikasi mudofaa vaziri general-mayor Bahodir Kurbanov qatnashdi.

Har qancha g‘urur bilan aytish mumkin, 23 avgustdan 5 sentyabrgacha davom etgan musobaqalar yakuniga ko‘ra, yurtdoshlarimiz 14 ta faxrli o‘rinlarni qo‘lga kiritdi. «Men g‘olib!» shiorini bellariga kamarbasta qilgan jamoalarimiz 3 ta I, 8 ta II va 3 ta III o‘rinni zabt etdilar. Ya’ni O‘zbekiston Mudofaa vazirligi harbiylari «Harbiy-tibbiy estafeta», «Sodiq do‘st», «Yo‘l patruli» musobaqalarida mutlaq g‘olib bo‘lib, I o‘rinni qo‘lga kiritdi. «Artilleriya olovi ustasi», «Xavfsiz marshrut», «Harbiy ralli», «Otliq marafoni», «Qurolsoz usta», «Elbrus halqasi», «Merganlar marrasi», «Qo‘shinlar razvedkasi a’lochisi» musobaqalarida esa II o‘rinni egallashdi. «Avtozirhli tank-texnika ustasi», «Dala oshxonasi» hamda «Xavfsiz muhit» musobaqalarida vakillarimiz III o‘ringa munosib topildi.
Faxrli o‘rinlar bilan g‘ururlanishimiz tabiiy. Shu o‘rinda dunyoni lol qoldirgan harbiy xizmatchilarimiz haqida alohida to‘xtalmasak, adolatdan bo‘lmas. Xalqaro armiya o‘yinlari doirasida harbiy xizmatchilarimiz rekord natijalarni ko‘rsatib, dunyo ahlini lol qoldirdi. Keling, ular bilan tanishamiz.
«Sodiq do‘st» musobaqalarida serjant U. Nurillayev «Mohir o‘qchi» bellashuvida (AK – 74 avtomatidan otish) 144 ball bilan rekord natijasini 11 ballga yangiladi. O‘tgan yilga nazar soladigan bo‘lsak, oxirgi rekord 2019 yil yurtimiz jamoasi a’zosi katta leytenant Sh. Shomurodov tomonidan 133 ball natija bilan qo‘yilgan edi.
«Qo‘shinlar razvedkasi a’lochisi» musobaqasida serjant A. Madaminov guruhning mina yo‘lagidan talafotsiz olib o‘tishda avval qayd etilgan rekordni 2 daqiqaga yangiladi. O‘tgan yili rekord ham serjant A. Madaminovga tegishli.
«Elbrus halqasi» musobaqalarida tog‘ to‘siqlari yo‘lagidan o‘tishda kichik serjantlar R. Tog‘ayev, I. O‘ktamov va kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatchi, oddiy askar U. Soliyev uchligi 12 daqiqayu 50 soniya ko‘rsatkich (250 ball) bilan rekord vaqtini 1 daqiqayu 30 soniyaga yangiladi. So‘nggi rekord 2018 yili Xitoy Xalq Respublikasi jamoa a’zolari tomonidan qo‘yilgan, vaqti 14 daqiqayu 20 soniya.
«Merganlar marrasi» musobaqasida kichik serjant I. Usmonov «Mo‘ljalga olish nuqtasini o‘zgartirib otish» mashqini 17,75 soniyaga bajarib, rekord vaqtini 3,50 soniyaga yangiladi. Bundan avvalgi rekord 2019 yili Belarus Respublikasi jamoasi a’zolari tomonidan qo‘yilgan, vaqti 21,25 soniya.
«Xavfsiz muhit» bahsining 3-bosqich «Estafeta» shartida olovli-shturm yo‘lagidan o‘tishda jamoa tarkibi 4 daqiqayu 50 soniya bilan rekord vaqtini 36 soniyaga yangiladi. Avvalgi rekord 2018 yili Rossiya Federatsiyasi jamoasi a’zolari tomonidan qo‘yilgan, vaqti 5 daqiqayu 26 soniya.
«Otliq marafoni» musobaqasining 2-bosqich «Qisqa masofaga aralash estafeta» shartida jamoa tarkibi 34 daqiqayu 34 soniya ko‘rsatkich bilan rekord vaqtini 6 daqiqayu 17 soniyaga yangiladi. Ilgarigi rekord 2019 yili Qozog‘iston Respublikasi jamoasi a’zolari tomonidan qo‘yilgan, vaqti 40 daqiqayu 51 soniya.
«Harbiy-tibbiy estafeta»ning «Jamoaviy bellashuv» bosqichida:
● erkaklar jamoasi 6 daqiqayu 28,8 soniya ko‘rsatkich bilan rekord vaqtini 1 daqiqayu 8 soniyaga yangiladi. Oxirgi rekord 2019 yil O‘zbekiston Respublikasi erkaklar jamoasi tomonidan qo‘yilgan, vaqti 7 daqiqayu 35,9 soniya;
● ayollar jamoasi 10 daqiqayu 9,2 soniya ko‘rsatkich bilan rekord vaqtini 1 daqiqayu 24 soniyaga yangiladi. So‘nggi rekord 2019 yil O‘zbekiston Respublikasi ayollar jamoa­si tomonidan qo‘yilgan, vaqti 11 daqiqayu 35,6 soniya;
«Yo‘l patruli» musobaqasida «Ekstremal haydash» bo‘yicha serjant S. A’zamov 1 daqiqayu 23,55 soniya ko‘rsatkich bilan rekord vaqtini 7 soniyaga yangiladi. Avvalgi rekord 2019 yil Rossiya Federatsiyasi jamoasi a’zolari tomonidan qo‘yilgan, vaqti 1 daqiqayu 30,92 soniya;
● «G‘ildirak almashtirish» bo‘yicha katta leytenant J. Egamberdiyev va kichik serjant M. Tulabayev 1 daqiqayu 14,76 soniya ko‘rsatkich bilan rekord vaqtini 20 soniyaga yangiladi. Oxirgi rekord 2019 yili O‘zbekiston jamoasi a’zolari tomonidan qo‘yilgan, vaqti 1 daqiqayu 34,82 soniya.
Musobaqadagi yuqori natijalarga to‘xtaladigan bo‘lsak, «Avtozirhli tank-texnika ustasi» musobaqasida otish mashqini bajarishda katta leytenant L. Jo‘raqulov (pistoletdan 57 ball) va kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatchi, oddiy askar Sh. Hakimov (avtomatdan 30 ball) yuqori natija bilan «Eng ilg‘or o‘qchi» nominatsiyasida I o‘rinni egalladi va PM pnevmatik pistoleti bilan taqdirlandi.
«Sodiq do‘st» musobaqasida serjant S. Dilmurodov «Dog biatloni» estafetasida yakka tartibdagi bellashuvda 12 daqiqayu 58 soniya ko‘rsatkich bilan I o‘rinni egalladi.
«Artilleriya olovi ustasi» bahsining 3-bosqich «Estafeta» shartida jamoaning har ikki hisobi minomyotlardan birinchi otishda nishonni yakson etib, vazifani bajarish bo‘yicha yuqori natijani ko‘rsatdi.
Boshqa bir yurtda, pandemiya bo‘lib, bir qadar karantin sharoitida ona Vatanga sog‘-salomat, yorug‘ yuz bilan, medallar shodasini tuhfa qilib qaytgan harbiy xizmatchilarimizga hamisha zafar yor bo‘lishini tilaymiz!

Katta leytenant Aziz NORQULOV,
«Vatanparvar»
(Rossiya, Moskva viloyati)