Joriy yilning 7-8 sentyabr kunlari Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroporti katta tantanalarga guvoh bo‘ldi. Bu yerda «ArMI – 2020» VI Xalqaro armiya o‘yinlarining Rossiya Federatsiyasida o‘tkazilgan musobaqalarda ishtirok etib, tarixiy g‘alabani qo‘lga kiritgan O‘zbekiston Mudofaa vazirligi harbiy xizmatchilari munosib kutib olindi.

Joriy yilning 23 avgustidan 5 sentyabriga qadar davom etgan Xalqaro armiya o‘yinlarida 30 dan ortiq davlatlarning 160 dan ziyod jamoalari qatorida O‘zbekiston Mudofaa vazirligi harbiy xizmatchilari ham faol qatnashib, umumjamoa hisobida III o‘ringa sazovor bo‘ldi.
Tantanali kutib olish marosimida O‘zbekiston harbiylari jamoalari orkestr sadolari ostida qarshi olindi. Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi rahbariyati, vazirlik huzuridagi Jamoatchilik kengashi a’zolari, Oliy Majlis Senati va Qonunchilik palatasining Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi vakillari, sportning turli yo‘nalishlari bo‘yicha Olimpiada o‘yinlari chempionlari, yoshlar, harbiy xizmatchilarning oila a’zolari ishtirok etdi.
– Musobaqadagi ishtirokingizni nafaqat armiyamiz shaxsiy tarkibi, balki butun xalqimiz katta hayajon bilan kuzatib, qo‘llab-quvvatlab bordi, – dedi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Tavakkal Choriyev. – Armiya o‘yinlarida erishgan yutuqlaringiz barchamizda faxr tuyg‘usini uyg‘otdi, quvonch baxsh etdi. Milliy armiyamizning kuch-qudratini yana bir bor xalqaro maydonda isbotladingiz. Sizlarni mazkur g‘alaba bilan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari nomidan yana bir bor qutlayman.

Marosimda O‘zbekiston mudofaa vazirining o‘rinbosarlari polkovnik Xamdam Karshiyev va polkovnik Alisher Norboyev yurt posbonlarini ushbu ulkan yutuq bilan qutlar ekan, musobaqalar davomida 10 nafar harbiy xizmatchimiz belgilangan me’yorlarni bajarishda xalqaro rekordni yangilagani milliy armiyamiz nufuzini jahon hamjamiyatida yanada yuksaltirishini ta’kidlashdi.
O‘tgan yili hamyurtlarimiz umumjamoa hisobida 32 mamlakat harbiylari o‘rtasida jami 14 yo‘nalishda – 2 ta I, 4 ta II, 5 ta III o‘rinni egallab, V o‘rinni egallagan edi.
Joriy yilda yurtimiz harbiylari jami 16 yo‘nalishdan 14 tasida yuqori pog‘onalarni egalladi. Xususan, 32 mamlakat harbiylari o‘rtasida 14 yo‘nalishda – 3 ta I, 8 ta II, 3 ta III o‘rinni zabt etib, umumjamoa hisobida 3-pog‘onaga ko‘tarildi. «ArMI – 2020» VI Xalqaro armiya o‘yinlarida o‘zbekistonlik harbiy xizmatchilar barcha yo‘nalishlar bo‘yicha quyidagicha natija qayd etdi: «Yo‘l patruli», «Harbiy-tibbiy estafeta», «Sodiq do‘st» musobaqalarida I o‘rin, «Qo‘shin razvedkasi a’lochisi», «Elbrus halqasi», «Merganlik marrasi», «Harbiy ralli», «Otliq marafon», «Xavfsiz marshrut», «Artilleriya olovi ustasi», «Qurolsoz usta» yo‘nalishida II o‘rin, «Dala oshxonasi», «Xavfsiz hudud», «Avtozirhli tank-texnika ustasi» bahslarida III o‘rinni qo‘lga kiritdi.
Ta’kidlash joizki, O‘zbekiston harbiy kinologlari Xalqaro armiya o‘yinlarining «Sodiq do‘st» musobaqasida 2017 yilda III o‘rinni, 2018 yilda IV o‘rinni 2019 yilda II o‘rinni qo‘lga kiritgan.
– Bu g‘alabaga erishishimizda vatandoshlarimizning qo‘llab-quvvatlashi va duosi katta kuch berdi. Bizga ishonch bildirgan va harbiy salohiyatimizni ko‘rsatish uchun barcha shart-sharoitlarni yaratib bergan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qo‘mondoni Shavkat Mirziyoyevga jamoamiz nomidan o‘z minnatdorligimni bildiraman. Boshqa xalqaro musobaqalarda ham Vatanimiz bayrog‘ini yuksaklarda ko‘tarishda davom etamiz, – dedi «Sodiq do‘st» jamoasi a’zosi serjant Ulug‘bek Nurullayev.
Eng muhim mutaxassisliklardan biri bo‘lgan «Qo‘shinlar razvedkasi a’lochisi» musobaqasi Novosibirsk shahri yaqinidagi «Koltsovo» poligonida bo‘lib o‘tdi. Yakunda shohsupaga Rossiya jamoasi I, O‘zbekiston jamoasi II, Belarus harbiylari III o‘rin bilan ko‘tarildi.
Musobaqalarda O‘zbekiston jamoasi shartlarni bajarish jarayonida o‘tgan yilgi rekordlarni bir necha bor yangiladi. Xususan, «Qo‘shinlar razvedkasi a’lochisi» bahsida serjant Abdulhamid Madaminov o‘z guruhini mina yo‘lagidan talafotlarsiz olib o‘tishda avval qayd etilgan rekordni 2 daqiqaga yangiladi. E’tiborlisi, Xalqaro armiya o‘yinlarining o‘tgan yilgi va undan oldingi rekordlar muallifi ham aynan serjant Abdulhamid Madaminov hisoblanadi. U guruh bilan qisqa vaqtda o‘ta sinchkovlik, chapdastlik va sezgirlik bilan harakatlangani uchun joriy yilda hakamlar hay’ati xulosasiga ko‘ra, maxsus nominatsiya bilan taqdirlandi.
– Xalqaro armiya o‘yinlari kabi nufuzli musobaqalar harbiy xizmatchilarni jiddiy sinovdan o‘tkazadi, – deydi serjant Abdulhamid Madaminov. – Mazkur xalqaro musobaqada 2017 yildan beri qatnashaman. O‘tgan yillarda bir marta Hindiston va 2 marta Rossiya Federatsiyasida o‘tkazilgan musobaqalarda o‘rnatgan rekordimni bu gal ham o‘zim yangiladim. Musobaqa hakamlari o‘zbek o‘g‘lonlarining bu g‘alabasini alohida e’tirof etganida ko‘ksim g‘ururga to‘ldi.
Marosimda milliy armiyamizning kuchqudrati, Vatanimiz himoyachilarining jangovar shayligi yildan yilga yuksalib borayotganini yaqqol namoyon qilib, «ArMI – 2020» Xalqaro armiya o‘yinlarida yurtimiz sharafini munosib himoya qilgan harbiy xizmatchilarga Mudofaa vazirligi tomonidan qimmatbaho sovg‘alar topshirildi.
Toshkentga etib kelgan g‘olib va sovrindorlar Ichki ishlar vazirligi Yo‘l-patrul xizmati xodimlari va O‘zbekiston mototsiklchilar assotsiatsiyasi vakillari hamrohligida Toshkent shahridan Bo‘stonliqdagi karantin zonasiga kuzatib qo‘yildi.
O‘z taqdirini Vatan taqdiri bilan bog‘lagan, oriyatni, g‘urur va sadoqatni hamma narsadan ustun bilgan bu yigitlar yana bir bor xalqimizning hurmat-ehtiromini qozondi. Doimo elning tog‘dek tayanchi, suyanchi va farovon hayotning ishonchli kafolati bo‘ling, qadrli yurt o‘g‘lonlari!

Dilshod RO‘ZIQULOV,
«Vatanparvar»