Yoki mehmonlar Forishdan xursand ketishdimi?

VI Xalqaro armiya o‘yinlarining «Harbiy-tibbiy estafeta» tanlovi ikkinchi bor yurtimizda o‘tkazildi. «Forish» tog‘ poligonida sodir bo‘lgan voqealar tafsilotlari, natijalar va rekordlar haqida ko‘p gapirildi. Rasmiy ma’lumotlarni bir chekkaga surgan holda mehmonlarning musobaqa, tashkiliy jihatlar va umumiy taassurotlar xususidagi fikr-mulohazalari bilan tanishsak.

HAQQONIY HAKAMLIK
Har qanday tanlov yoki musobaqa murosasizligi, shiddati va kuchli raqobat muhiti bilan qiziqarli. Agar u xalqaro darajada bo‘lsa, unga bo‘lgan e’tibor ham shunga yarasha. Bellashuvlarning saviyasi ishtirokchilar tayyorgarligiga bog‘liq bo‘lgani kabi ularning eng avvalo adolat mezonlari asosida kechishi hakamlar hay’ati zimmasida. «Harbiy-tibbiy estafeta» xalqaro musobaqasiga tibbiy xizmat polkovnigi Nosirjon Fozilov bosh hakamlik qildi.


– Musobaqaga bu yil ham juda katta tayyorgarlik ko‘rilganiga guvoh bo‘ldik, – deydi belaruslik tibbiy xizmat podpolkovnigi Stepan Savchanchik. – O‘zim hakamlar hay’ati tarkibida bo‘lganim bois, tanlov shartlarining haqqoniy baholab borilganini e’tirof etmoqchiman. Ayniqsa, har shartning turli nuqtalardan maxsus videotasvirga olingani bahsli vaziyatlarga o‘rin qoldirmadi. Ular natijadan norozi jamoa vakiliga taqdim etildi.
Musobaqa yakunlangach, turli mamlakatlar delegatsiyalari vakillarining norasmiy ravishda sovg‘alar almashish jarayonida ham hakamlik masalasi ko‘p bora tilga olinib, uning ob’ektiv va xolis ravishda olib borilgani ta’kidlandi. Barcha mehmonlarning bahslar borasidagi fikri yakdil: musobaqa do‘stona va o‘zaro tajriba almashish ruhida kechdi. Tashkilotchilar manziliga yo‘naltirilgan ko‘plab minnatdorchiliklar boisi shu.

MEHMONDO‘ST XALQLAR
– O‘zbek va tojik xalqlari bir daraxtning ikki shoxi, bir daryoning ikki irmog‘iga o‘xshaydi, – deydi Tojikiston harbiy delegatsiyasi vakili tibbiy xizmat podpolkovnigi Qodir Nabi Mahmadzoda. – Mehmondo‘st xalqlarimizni ko‘p asrlik do‘stlik va yaxshi qo‘shnichilik, urf-odat va an’analar bir-biriga mustahkam bog‘lab turadi. Shuning uchun bo‘lsa kerak, sizlarga qo‘shni bo‘lgan Tojikistondan kelib, o‘zimizni o‘z uyimizdagidek his qildik. Sharoitga, iqlimga moslashishda umuman qiyinchilik sezmadik. Biroz mubolag‘adek tuyulsa-da, o‘zimizni salkam mezbonlardek sezdik. Jamoamiz sovrinli o‘rinni egallay olmagan bo‘lsa-da, to‘rtinchi pog‘ona ham yomon natija emas. Bundan tegishli xulosalar chiqaramiz va navbatdagi musobaqalarda natijalarimizni yaxshilashga harakat qilamiz.

YUQORI SAVIYADA
– O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi rahbariyati «Harbiy-tibbiy estafeta» xalqaro musobaqasini yuqori saviyada o‘tkazganini e’tirof etishdan mamnunman, – deydi rossiyalik tibbiy xizmat polkovnigi Sergey Elizaryev. – O‘ta murakkab tashkiliy ishlar a’lo darajada bajarildi. Har bir jihatga alohida e’tibor berilgani musobaqa ishtirokchilarining bahslarga tayyorgarlik ko‘rishi, shartlarni bajarishi, ko‘ngildagidek dam olishida aks etdi. O‘tgan yili ham, bu yil ham chiroyli tashkillashtirilgan tadbirlarga guvoh bo‘ldik. To‘g‘ri, pandemiya sabab, ishtirokchi mamlakatlar soni kutilganidan kamroq bo‘ldi. Biroq ishonchim komilki, jamoalar soni nechta bo‘lishidan qat’i nazar, mezbonlarga bu muammo tug‘dirmasdi.

«HAVAS QILDIM»
– O‘zbekistonlik hamkasblarimizning erkaklar va ayollar jamoasi birdek kuchli ekanini ko‘rdik. Ular o‘zlarining sa’y-harakatlari bilan o‘tgan yilgi g‘alaba tasodif emasligini isbotlashdi, – deydi vetnamlik katta leytenant Chung Ngiem. – Bilaman, o‘z uyingda musobaqalashish mas’uliyati katta. Vatandoshlaring ko‘z o‘ngida bor kuch va bilimingni namoyish qilish ham osonmas. Biroq ular buning uddasidan chiqishdi. Barakalla! Ayniqsa, shartni ajoyib yakunlagach, olqishlarga ko‘milgan damlarda havas qildim o‘zbeklarga.

UZOQ VAQTGACHA ESLANADI
– Mehmonlarning madaniy hordiq chiqarishi uchun tashkillashtirilgan sayohatlarga to‘xtalmoqchiman, – deydi falastinlik tibbiy xizmat leytenanti Kais Adavi. – Samarqand shahrining tarixiy obidalari barchamizni lol qoldirdi. Necha asrlar osha tarixiy voqealarga guvoh bo‘lgan yodgorliklarni tomosha qilish, o‘tmish bilan yuzlashish maroqli. Ushbu afsonaviy shahar haqida eshitgandim. Mana, ko‘rish ham nasib etdi. Toshkent shahrida yangi barpo etilgan «G‘alaba bog‘i», shuningdek, Qurolli Kuchlar akademiyasida ham bo‘ldik. Barcha-barchasi biz uchun qiziqarli kechdi. Musobaqa ochilishi va yopilishidagi tantanalar, bayramona kontsert dasturlari, mushakbozlik, o‘zbek milliy taomlarini uzoq vaqtgacha eslab yursak kerak. Hammasi uchun rahmat!

RANJISH UCHUN YAGONA SABAB
Qog‘ozga tushmagan fikrlar, foydalanilmagan fotosuratlar juda ko‘p. Aziz o‘quvchi, xalqaro musobaqani bevosita kuzatib, yoritgan oddiy muxbir sifatida ayta olamanki, ular orasida yuqoridagi munosabatlarga zid keluvchilari yo‘q. Mabodo, mehmonlar sal ranjishsa ham, bunga birgina sabab bo‘lishi mumkin – birinchi o‘rnimiz. Haqqoniy g‘alabamiz. Qolgan jihatlar bo‘yicha imkon qadar mehmon ko‘ngliga qaraldi.

Podpolkovnik To‘lqin JUMANAZAROV,

«Vatanparvar»