Xalqaro armiya o‘yinlarining tarixiga nazar tashlaydigan bo‘lsak, musobaqalarning asosiy qismi Rossiya Federatsiyasida tashkillashtirilib kelinadi. O‘tgan yili «Forish» tog‘ poligoni ilk marta «Harbiy-tibbiy estafeta» bahslariga mezbonlik qildi. Jizzaxda o‘tkazilgan «Harbiy-tibbiy estafeta – 2019» bellashuvlariga tashrif buyurgan xorijlik mehmonlar yurtimizda bu kabi nufuzli musobaqaga har tomonlama puxta tayyorgarlik ko‘rilganini va O‘zbekiston haqida olam-olam taassurotlar bilan qaytishayotganliklarini ta’kidlashgandi. Aynan 2019 yilgi «Harbiy-tibbiy estafeta»da erishilgan yutuqlar samarasi natijasida yurtimiz xalqaro «ArMI – 2020» o‘yinlarining bir yo‘la ikki musobaqasiga mezbonlik qilish huquqini qo‘lga kiritdi.

VAQT JADVALINI ORTDA QOLDIRIB

Mudofaa vazirligi topshirig‘iga binoan Sharqiy harbiy okrug va harbiy avtomobil nazorati boshqarmasi bilan hamkorlikda olib borilgan puxta tayyorgarlik ishlari natijasida Qo‘qonda «Yo‘l patruli» musobaqasini o‘tkazishga mo‘ljallangan trassa bunyod etildi. Aprel-may oyida boshlangan qurilish ishlari qisqa muddatda yakunlanib, xalqaro talablarga javob beradigan trassada 26 gradusli qiyalik, nishablik, olti metr balandlikdagi yo‘l qismi, o‘q otish, shartli yong‘inni o‘chirish hamda jabrlanganlarga yordam ko‘rsatish nuqtalari va temir yo‘l kesishmasidan iborat o‘quv joylari barpo etildi. Bellashuvlarning shaffof o‘tishini ta’minlash maqsadida har bir o‘quv nuqtasiga kuzatuv kameralari o‘rnatildi.
Rossiya Federatsiyasi delegatsiyasi rahbari general-mayor Vitaliy Kox trassa Xalqaro armiya o‘yinlari talablariga to‘liq javob bera olishini, kelgusida musobaqa shartlari sonini ko‘paytirish natijasida qo‘shimcha o‘quv nuqtalarini barpo etish uchun imkoniyatlar mavjud ekanligini ta’kidladi.

O‘ZBEKONA MEHMONDO‘STLIK

O‘zbekistonga tashrif buyurgan xorij delegatsiyalari uchun yurtimiz shaharlari bo‘ylab ekskursiya uyushtirish o‘zbekona mehmondo‘stligimizni ifodalovchi an’analardan biridir. Farg‘ona vodiysida turizmni rivojlantirish yo‘lida olib borilayotgan davlat siyosatining puxta o‘ylab chiqilgan tizimini «Yo‘l patruli» musobaqasining Qo‘qon shahrida tashkillashtirilishi misolida ham ko‘rishimiz mumkin.
Rossiyalik va belaruslik mehmonlar Farg‘ona vodiysi bo‘ylab tashkillashtirilgan ekskursiya davomida Qo‘qon, Axsikent, Andijondagi tarixiy majmualarni, muzeylarni tomosha qilish orqali yurtimizning boy madaniy, tarixiy merosi bilan yaqindan tanishdilar. Belarus Respublikasidan tashrif buyurgan jurnalist Anastasiya Shingel va Rossiyaning «Zvezda» kanali xodimlari ekskursiyaning har bir lahzasini e’tibordan chetda qoldirmaslikka harakat qilib, foto hamda videokameralarda tinmay suratga olishdi. «Yo‘l patruli» musobaqasi ishtirokchilari Qo‘qon, Axsikent, Andijonga qilingan safar davomida xalq hunarmadchiligi ustaxonalaridagi ish jarayonini bevosita kuzatgan holda esdalik uchun turli buyumlarni xarid qilishdi.
– Kolorit istoricheskix gorodov Uzbekistana, nepovtorimiy ornament uzbekskogo narodnogo iskusstva, samoe glavnoe – gostepriimstva uzbekskogo naroda, takogo nigde ne vstrechal, – deydi Rossiya delegatsiyasi vakili podpolkovnik Evgeniy Belyayev.

VIN DIZEL VA SAMI NASRI USULIDA

«Yo‘l patruli» musobaqasi avtomobilni ekstremal boshqarish, trassada turli forsaj elementlarini bajarish, yuqori tezlik va shu bilan birga aniq hisob-kitob mujassamlashgan bellashuvdir. Qisqa qilib aytganda, musobaqa ishtirokchilaridan belgilangan trassada «Forsaj» va «Taksi» filmlari qahramonlari singari harakat qilish talab etiladi.
Serjant Siddiq A’zamov o‘zi qatnashgan barcha shartlarda yuqori natijalarga erishgan holda, jamoasi g‘alabasiga munosib hissa qo‘shdi. Tashqi ko‘rinishidan o‘ta bosiq va jiddiy ko‘ringan serjant A’zamov birinchi shartni bajarish davomida o‘ziga biriktirilgan avtomobilni shu qadar mahorat bilan boshqardiki, Vin Dizel va Sami Nasri ijro etgan sahna ko‘rinishlari yodimizga tushib ketdi.
2003 yildan harbiy xizmatda, 2011 yildan harbiy avtomobil nazorati sohasida Vatan oldidagi burchini o‘tab kelayotgan serjant Siddiq A’zamov bilan suhbatlashganimizda, erishgan yutuqlari otasi va ustozlaridan olgan saboqlarining mevasi ekanligini ta’kidladi. Siddiqning padari buzrukvori Sodiq aka uzoq yillar davomida Kitob tumanidagi 25-avtobazada elga xizmat qilib keldi. Ota kasbiga bo‘lgan qiziqish o‘g‘lida bolalik orzularining ushalishiga turtki bo‘ldi. Ikki nafar farzandning otasi serjant Siddiq A’zamov O‘zbekiston terma jamoasi tarkibida Rossiya Federatsiyasi va Eron Islom Respublikasida o‘tkazilgan bahslarda muntazam sovrinli o‘rinlarni egallab kelgan. Bu safar u va uning jamoadoshlari o‘z oldilariga eng yuqori natija ko‘rsatishni maqsad qilib qo‘yishdi.

BAYRAMONA SHUKUH

Shunday qilib yurtimizda birinchi marta tashkillashtirilgan «Yo‘l patruli» musobaqasi har tomonlama, muxlislaru mutaxassislar taxmin qilganidek, muvaffaqiyatli tarzda yakunlandi. Bahslarga tayyorgarlik jarayonida harbiy avtomobil nazorati xodimlari tomonidan bajarilgan tryuklar turli ijtimoiy tarmoqlarda turlicha talqinda muhokama qilindi. Aynan shu holat ham «Yo‘l patruli» musobaqasiga bo‘lgan qiziqishning ortishiga, muxlislar esa shartlarda bajariladigan ayrim elementlarni birinchi marta ko‘rish imkoniyatiga ega bo‘ldi. Qiziqarli va murosasiz kurashlar guvohi bo‘lishdi.
Qisqa qilib aytganda, yurtimiz bunday nufuzli musobaqani yuqori darajada o‘tkaza olishini yana bir marta isbotladi. «Yo‘l patruli» bahslarining g‘olib va sov­rindorlarini taqdirlashga bag‘ishlangan tantanali yopilish marosimida yuqoridagi fikrlarning qanchalik to‘g‘ri ekanligiga yana bir marta guvoh bo‘ldik. Xushovoz xonandalarning chiqishlari, vodiylik badiiy guruhlarning rang-barang dasturlari, mudofaa vazirining o‘rinbosari, Sharqiy harbiy okrug qo‘mondoni, Qo‘qon shahar hokimi va xorij delegatsiyasi vakillarining sovrindorlar hamda nominantlarni taqdirlashi… Bularning barcha-barchasi tantanali yopilish marosimiga kelgan muxlislar va marosimni vodiy telekanallari orqali to‘g‘ridan-to‘g‘ri tomosha qilish imkoniyatiga ega bo‘lgan yurtdoshlarimizning xotirasida bir umrga muhrlanib qolgan bo‘lsa, ajab emas.
Xullas, Qo‘qonda tashkillashtirilgan bayramona tadbir shukuhi bir necha kun davomidagi musobaqalarda ham aks etdi. Aynan mana shu bayram shukuhi tantanali yopilish marosimining debochasida uyushtirilgan mushakbozlik tomoshasi bilan yakunlandi.

Asror RO‘ZIBOYEV,
«Vatanparvar»