Ha, bu ulug‘ adibimiz Tog‘ay Murodning so‘zi. U o‘zi aytganidek o‘zbek xalqiga haykal qo‘ydi. Bu haykal – «Otamdan qolgan dalalar» romani!
«Men beshinchi sinfdan boshlab paxta terdim. Dorilfunun davrida, ish davrida paxta terdim.
Bo‘yim paxtada o‘sdi. Aqlim paxtada kirdi. Savodim paxtada chiqdi.
Ammo romanni boshlab… paxta nima ekanini bilmasligimni anglab qoldim. Oppoq qog‘oz bilan yuzma-yuz bo‘lib… paxta bilan men begona ekanimizni bilib qoldim.
Men paxta bilan yuzma-yuz bo‘lib… men hali o‘zbek dehqonini bilmasligimni angladim. Men paxta bilan yuzma-yuz bo‘lib… men hali paxtakor kim ekanligini bilmasligimni angladim.
Men Surxon dalalarida olti oy kezdim. Surxon oftobida olti oy kuydim. Surxon changlarini olti oy yutdim.
– Men o‘zbek xalqiga haykal qo‘yaman!
Men ana shunday orzuda dalalar bilan xayr-xo‘shlashdim».
Bu roman ulkan va mashaqqatli mehnat mahsuli, uyg‘oq qalbli adibimizning millatga muhabbati, mehridir, bu nasrda bitilgan buyuk doston, dostonimizdir!
Ushbu roman allaqachonlar o‘z e’tirofini topib bo‘lgan. Men faqat ushbu romanni sizga yana bir bor eslatib qo‘ygim keldi. Uning tili biroz boshqacharoq, siz mutolaa qilganingiz asarlardan farqli. Boshqachaligi shundaki, roman g‘oyat o‘zbekona. Muhabbat o‘zbekona, qarg‘ishlar o‘zbekona, jo‘mardlik o‘zbekona…
Men mutolaani sevaman. Shu kunga qadar birozgina kitoblar o‘qidim. Rus adabiyotidan, Angliya, Amerika, olmon, turkiy adabiyotdan o‘qidim. Ammo ularning hammasi bir tomon-u, «Otamdan qolgan dalalar» bir tomon bo‘ldi men uchun. Chunki unda menga ham tanish manzaralar, qadrdon chehralar bor edi, men bilgan va ko‘rgan, guvohi bo‘lgan hayot, voqealar bor edi. Mening ham bolaligim, yoshligim paxta dalalarida kechdi. Ranglari za’faron bolalar, kamqon onalarga to‘lib-toshgan kasalxonalar hamon ko‘z o‘ngimda turibdi. Boshimizdan zahar sochib uchgan samolyotlar, o‘tkir hidi kiyimlarimizu uylargacha kirib borib, o‘rnashib qoladigan butifos. Jamoat transportlari butunlay to‘xtab qoladigan, xuddi urushdagidek sovuq bir vaziyat… Paxta brigadiri bo‘lgani uchungina qamalgan, bisotida tirraqi buzog‘i ham bo‘lmagan qo‘shnimizning taqdiri. Ostonalarimizga qadar ekilgan paxta…
Bugun ijtimoiy tarmoqlarni kuzata turib, hamon sovet davrini qo‘msayotganlar borligini ko‘rib, hayratlanaman. Nahotki uning fojialari yoddan chiqdi? Rus telekanallaridan birida sovet izquvarligi afsonalari qatorida «o‘zbeklar ishi»ni mahorat bilan «fosh» qilgan «qahramonlar» haqida bugun ham bemalol aytilmoqda. «Afsonalar»ning bu qahramonligi ortida nimalar bo‘lganligini katta avlod hali unutgan emas. «Otamdan qolgan dalalar» buning guvohidir.
Bu asar ayol haqidagi eng qayg‘uli romandir, bu asar nomusli erkak haqida yozilgan qimmatli romandir, bu asar «o‘zbeklar ishi» atalmish tavqi-la’natga haqqoniy va munosib javobdir.
Bir o‘quvchi sifatida avval romanning ta’rifini eshitdim. Yosh edim-da. Varaqlab ko‘rdim. Tili g‘alatiroq ekan, bosh qahramonning ismi ham jarangdor emas, Dehqonqul… narxi ham biroz qimmatdek. Rahmatli onam «qimmat behikmat bo‘lmas», degich edilar. Oldim. O‘qiy boshladim, ko‘ngil uzol­may qoldim, men ham yondim, kuydim, o‘rtandim… Ammo u, o‘zi qanday yozdi? Yuragi qanday bardosh berdi? Bu asar soya-salqin bog‘larda to‘qilgan go‘zal qissalarga o‘xshamaydi.
«O‘shanda O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi qissalarim uchun Oybek mukofotini berib edi. Ana shu mukofot pulini zindonlardan axborot olish uchun sarfladim.
Men ertadan-kechgacha sudlarda o‘tirdim. Sud yo‘laklarida o‘tirdim. Sud zinapoyalarida o‘tirdim. Sud darvozalari ortida tik turdim.
Sudga kiritmasa, qo‘shni uylar cherdagiga chiqib, sudni poylab o‘tirdim.
Men uzun kunlar sud idoralari tevaragida aylanib-aylanib yurdim.
Men o‘z ko‘zlarim bilan ko‘rdim: o‘zbek xalqining yulduz ziyolilarini tepib-tepib, zindonmashinaga bosdilar…
Men Moskvada o‘qimadim, men Moskvada o‘zbek ziyolilari qayg‘usi bilan yashadim.
Men o‘zbek xalqiga haykal qo‘yaman!»
Aziz o‘quvchi, yuqoridagi parchani o‘qib, sizda birozgina bo‘lsa ham asar qay tariqa yozilgani xususida tasavvur paydo bo‘lganiga ishonaman. Bu bizning yaqin o‘tmishimiz edi. O‘ziga o‘t qo‘ygan ayollar, paxta ishi deya ho‘lu quruqning baravar yongani, «qama-qama»lar…
«Ayollar yonmoqda O‘zbekistonda,
Bu haqda yozilmas bizlar tomonda,
U qanday og‘irdir, sho‘rlik gullarni
Olovga yo‘llagan, yoqqan gulxanni?»
Romanda keltirilgan bu she’r ham o‘sha davrlarda yozilgan, momaqaldiroq kabi qalblarda aks sado bergan edi.
Dehqonqulning xotini o‘ziga o‘t qo‘ydi. O‘qiymiz:
«Kuydi-kuydi – ayolimni tani kuydi.
Kuydi-kuydi – meni bag‘rim kuydi.
Kuydi-kuydi – bolalarimni sho‘ri kuydi».
Shu uch qatorda ulkan g‘am, ulkan fojia aks etdi.
Yana o‘qiymiz: «Bolalarim ko‘z o‘ngimga keldi. Ko‘nglim buzildi.
– Ishqilib, bolalarimning peshonasiga yaxshi bo‘p ketsa bo‘ldi… – dedim.
Men kaftlarimga yig‘ladim.
Dardlarim kaftlarimdan seloba-seloba bo‘lib oqdi.
– Otday bo‘lib ketadi! – dedi do‘xtir. – Oltmish foiz kuyik unday qaltis emas…
Do‘xtir elkamni qoqa-qoqa ketdi. Men o‘ngirlarimga yig‘ladim».
Ayol haqidagi eng qayg‘uli asar – «Otamdan qolgan dalalar».
Jadid bobomiz Botuning shunday satrlari bor:
Dardlilar dard anglatolmas
Dardsiza so‘ylov bilan.
Ko‘rsatib bo‘lmas quyoshni
Ko‘rlara maqtov bilan.
Ayol orzulari, ayol armoni, intiho…
O‘qiymiz: «Beshikbellikdagi bitiklar salmoqli-salmoqli bo‘ldi.
Boisi – bellik tekis ham enlik bo‘ldi.
«O‘y-o‘y, Holiqov iqtisodchi ayolini Toshkan olib borib kelibdi».
«Metro degich avtobusga minibdi».
«Metro degich avtobus uzun-uzun emish».
«Ichi doim salqin emish».
«O‘-o‘y, Temirov agronomni ayollari Samarqandga borib kelibdi».
«Hay bir madrasalar, hay bir machitlar bor emish».
«Qarayin, degichlarni ro‘moli boshidan tushib ketar emish».
«Ro‘molim boshimdan tushib ketsin degichlar madrasa balandiga qarasin emish».
«Temirov agronomni ayoli qarayin desa, ro‘moli boshidan tushib ketibdi».
«Ro‘moli suvga uchib borib tushibdi».
«Shunda-da bilmabdi».
«Bir odam, ay xola, ro‘molingiz suvga tushib ketdi, debdi».
«Shundagina boshida ro‘moli yo‘qligini bilibdi».
«Voy, debdi-da, boshini qo‘llari bilan yashiribdi».
«Meniyam ro‘molim suvga tushib ketsa ekan…»
«Madrasa poyida ro‘molim birovgina… birovgina boshimdan uchib tushsa ekan»…
Bularni shunchaki ko‘z yugurtirib o‘qiy olmaysiz. Ko‘zlaringiz tinib ketgudek bo‘ladi. «Meniyam ro‘molim suvga tushib ketsa ekan…» Bu so‘zlarni o‘qib, bo‘g‘zingizdan beixtiyor bir «ohhh» otilib chiqadi. Bu hammasi emas.
Yana o‘qiymiz:
«Dunyoga kelib nima ko‘rdim?»
«Beshik ko‘rdim».
«Dunyo ko‘rib neni ko‘rdim?»
«G‘o‘za ko‘rdim, paxta ko‘rdim».
«Kun ko‘rdim – g‘o‘za ko‘rdim».
«Tun ko‘rdim – beshik ko‘rdim».
«Beshik mozorim bo‘ldi, dala mozoristonim bo‘ldi».
Hech qachon o‘qishni tavsiya qilgan kitoblarimdan bunchalik ko‘p parchalar keltirmagan edim. Qani, imkoni bo‘lganida, bu kitobni shu sahifaga butunicha joylab qo‘ysam!
Ona Vatan ko‘r-ko‘rona sevilmaydi. Uning o‘tmishi har doim ham sha’n-shavkatli bo‘lmagan, achchiq-achchiq alamli sahifalari bor. Bu sahifalar ham bizniki. Ularni qancha yaxshi bilsak, muhabbatimiz, qalbimizdagi mehr-shafqatimiz ham shuncha ziyoda bo‘ladi.
«Otamdan qolgan dalalar» har bir o‘zbekning xonadonida bo‘lishga arzirli kitobdir. Bu oddiy kitob emas. Bu ulug‘imiz Tog‘ay Murodning o‘zbek xalqiga qo‘ygan haykalidir!

Inobat IBROHIMOVA,
«Vatanparvar»