Fors-tojik adabiyotining asoschisi Abu Abdulloh Ja’far Rudakiy taxminan hijriy 243 (860) yilda Samarqand yaqinidagi Panjrudak qishlog‘ida, dehqon oilasida tug‘ilgan. Uning taxallusi shu qishloq nomidan olingan bo‘lib, rud degan cholg‘u asbobi bilan bog‘liqligi to‘g‘risidagi fikrlar haqiqatdan yiroq.

U alohida qobiliyat sohibi bo‘lib, sakkiz yoshida Qur’onni xatm qilib, qorilikka o‘tgan va she’r ham ijod qila boshlagan. Chiroyli ovozi tufayli ashula aytish va ud asbobini chalishga kirishib, bu san’atda mahorat ko‘rsatdi.
Yosh iste’dodning ovozasini eshitgan Nasr ibn Ahmad uni Buxoroga – Somoniylar saroyiga da’vat qiladi. Uning iste’dodi Buxoroda nash’u namo topadi. Rudakiyning basirligi to‘g‘risida manbalarda turli fikrlar yuradi: bir xillari shoirning onadan ko‘r tug‘ilganligini ta’kidlasalar, ba’zilar Buxoro amiri uning ko‘ziga mil tortganligi haqida ma’lumot beradilar. Shoirning tabiat manzaralarini hayratlanarli darajada yorqin tasvirlaganidan kelib chiqib, ko‘pchilik uning tug‘ma ko‘r bo‘lganligiga ishonmaydi. 1956 yili shoirning kalla suyagini tekshirib ko‘rgan antropolog-haykaltarosh M. Gerasimov ko‘z kosasida qolgan izlardan shoirning ko‘zi kuydirilib, ko‘r qilinganligini aniqladi.
Adabiy-tarixiy manbalar shoir merosini 700 mingdan 1 million 300 ming misragacha ko‘rsatishadi. Ba’zilar esa undan yuz jild meros qolgan, deyishadi. Afsuski, bizga qadar bu muazzam merosning juda oz qismi etib kelgan. 1956 yili Rudakiyning 1 100 yilligi munosabati bilan uning parokanda she’rlari bir erga jamlanganda, 1 840 misrani tashkil etgan edi. 1957 yili shoir she’rlari forsiy adabiyot bilimdoni Munirxon Muinzoda tarjimasida o‘zbek tilida ham bosilib chiqadi.
Keyinchalik fors-tojik so‘z san’atining yirik tadqiqotchisi va tarjimoni Shoislom Shomuhamedov tarjimasida Rudakiy asarlari yana ikki marta nashr etildi.
Sadriddin Ayniy: «Ustod Rudakiy o‘z she’r­laridan devon tuzgan dastlabki shoirdir», deb ma’lumot beradi. «Bo‘yi jo‘yi Mo‘liyon oyad hame» («Mo‘liyon arig‘ining bo‘yi kelmoqdadir)» misrasi bilan boshlanadigan g‘azali unga favqulodda shuhrat keltirdi. «Modari may» («Mayning onasi») qasidasi ham mashhur. U hind eposi – «Kalila va Dimna»ni she’riy tarjima qilgan. Ilmu adab ahli Rudakiy uslubini «sahli mumtane’», ya’ni «osonu mumkin emas», deb baholaganlar.
Rudakiy arablardagi she’r o‘lchovi – aruzni chuqur o‘rganib, o‘z xalqi orasida keng tarqalgan qo‘shiqlar kuyiga tatbiq qilish natijasida bir necha yangi vaznlar ixtiro qilib, aruzni boyitgan. Rudakiy va uning safdoshlari forsiy she’riyatda bir necha asr hukmronlik qilgan Xuroson (yoki Turkiston) uslubiga asos solib, uni rivojlantirganlar.
Davlatshoh Samarqandiyning yozishicha, «ustod Rudakiy advor va musiqiy fanida tamom quvvatga ega edi… uning ilmlar va ko‘p fanlardan voqifligi bordir.
She’riyat turlaridan qasida va masnaviyni (ham) yaxshi aytar erdi. Ustod Rudakiy xosu avom oldida baland martabaga erishgan».
Ko‘pgina mashhur so‘z ustalarining yakdillik bilan e’tirof etishlaricha, Sharqda biror shoir Rudakiychalik shon-shuhratga burkanmagan, ayni paytda, Rudakiychalik molu davlatga ham ega bo‘lmagan. Afsuski, forsiy she’riyatining ustodi, Odam Atosi deb ulug‘langan shoir keksalikda qishlog‘iga qaytib, ko‘r, qashshoq va kasal holida vafot etadi.
Rudakiyni ruboiy janrining yozma adabiyotdagi kashshofi ham deydilar. Chunki janrning barcha talablariga javob beradigan ilk ruboiylar Rudakiy qalamiga mansub. U o‘z ruboiylarida ishq mavzusini keng va chuqur yoritib berdi. Albatta, shoir ruboiylarida falsafiy fikrlar va zamondan shikoyat motivlari ham ko‘zga tashlanib turadi.

QARILIKDAN SHIKOYAT
Tishim bari to‘kilib ketdi, durri g‘alton edi,
Ularni tish dema, balki charog‘i tobon edi.
Oqish kumush edi-yu, xuddi durri marjon edi,
Buloqning qatrasi yoinki tongda cho‘lpon edi.
Birorta qolmadi kurtaklanib, to‘kildi bari,
Bu qaysi nahs edi, nahs bo‘lganida Kayvon edi?
Menimcha, nahsdanu yo uzoq umrdan emas,
Ne bo‘ldi? Men eta qo‘ysam qazoyi osmon edi.
Ko‘zingni soqqasidek aylanib turuvchi jahon
Hamisha aylanadi, hamma vaqt gardon edi.
Qachonki doriyu darmoni og‘riq o‘rnidadir,
Kezida og‘rig‘i ham dori birla darmon edi.
Ko‘z ochqucha to‘zitar u qaerda yangi esa,
Dam o‘tmayin tuzatar u qaydaki vayron edi.
Talaycha bog‘ning o‘rnini cho‘l etib qo‘ydi,
Va qancha bog‘lar o‘rni burun biyobon edi.
Sen, ey yuzi to‘lin oydek go‘zal, ne bilgaysan?
Besh-olti kun nari holim nechog‘li shodon edi?
Ko‘pincha sen gajaging birla menga maqtanasan,
Gajak-gajak qaro sochim misoli chavgon edi.
Yuzim tekisligi atlas kabi zamon o‘tdi,
Mening sochim u zamonda qaroyu qatron edi.
Chunonchi shuncha go‘zallik aziz mehmon ekan,
Qaytmagay yana. Besh-olti kunga mehmon edi.
Ikki ko‘zimga talay nozanin edi hayron,
Mening ko‘zim ham ularning yuziga hayron edi.
O‘tibdir endi zamonlar qayg‘usiz edim xurram,
Qayu shahargaki borsam, bir o‘zga jonon edi.
Talaycha tatti kanizak mening dilim ovlab,
Tong otguncha yashirin uyda yaxshi mehmon edi.
Nuchukki, kunduzi ko‘rmak, qovushmoq imkonsiz,
Sezar esa egasi, ikkimizga zindon edi.
Aniq chiroyu go‘zal chehralarni ko‘rmaklik
Falonchilarga qiyin bo‘lsa, menga oson edi.
Dilim xazinasi so‘z gavhari-la limmo-lim,
Qayonga xatki yozibman she’r muhr – unvon edi.
Hamisha shod edimu qayg‘u-g‘amni bilmas edim,
Dilim quvonch, o‘yin-kulgilarga maydon edi.
Ko‘zim uzilmas edi o‘ynoqi o‘rim sochdan,
Yoqimli so‘z bila to‘lgan quloqlarim kon edi.
Xotin, bola, tag‘i ro‘zg‘or – bu xilda tashvish kam
To‘nim yoqasida kir yo‘q, qilg‘uliklar oson edi.
Ko‘rib turibsan o‘zing Rudakiyni, oy yuzlim,
Ko‘rolmading uni, attangki, u boy inson edi.
Agarda ko‘rsang edi ul chamanga borganini,
Boshida mingtacha bulbul, hazor doston edi.
Yigitlar ichra yigitlar unga bo‘lib ulfat,
Amirlar uzra yigit og‘aliqda polvon edi.
Butun she’rlari manzuru tinglamish olam,
Butun she’rlari o‘z-o‘zligicha devon edi.
Uning she’rlarini tinglagan jahon o‘tdi,
Kechib zamonaki, ul shoiri Xuroson edi.
To‘yin-to‘kin, bu ulug‘lik sabablarin so‘rasang,
Bu ne’matu bu ulug‘ manbai oliy Somon edi.
Zamona aynadi, men ham tamoman o‘zgardim.
Asomni qo‘lga ber endi, u boshqa davron edi.

Mudofaa vazirligi
Tarbiyaviy va mafkuraviy ishlar bosh boshqarmasi