(voqeiy hikoyalar)

G I L O S

Dilnigor bir yil deganda, homilador bo‘ldi. Ko‘ksining tagida unayotgan mo‘jizani eslagani sari shirin orzular og‘ushida yuragi hapriqadi. Qo‘llari beixtiyor qornini silashga chog‘lanadi. «O‘g‘ilmikan, qizmikan, kimga o‘xsharkin, mengami, dadasigami?..» Xayolan o‘z-o‘ziga savol berishdan charchamaydi.
Bu kunni uzoq kutgan bo‘lajak ona uchun homiladorlikning ilk sinovi boshlandi. Ovqatni ko‘rdi deguncha, ko‘ngli ayniydi, hididan behuzur bo‘ladi, o‘qchiydi. Bu ham yetmagandek, og‘ziga nima kirsa, o‘sha zahoti tashlaydi. Oshxonaga yaqinlasha olmay qolgan juvon bir hafta deganda, holi qurib, yostiqdan bosh ko‘tarolmay qoldi.
– Yo tavba-a, shunaqayam boshqorong‘i bo‘ladimi? – kelinining holini ko‘rib xunobi oshdi Ma’mura opaning. – Beshta bola tug‘ib, boshqorong‘i nima ekanligini sezmabman. Og‘zim sal bemaza bo‘lib, g‘o‘r-sho‘r yegim kelardi. Bu ham bo‘lsa, uzog‘i bilan bir oy. Hatto bo‘yimda bo‘lganini qornim bilintirmaguncha qaynonam sezmasdi. Hozirgi yoshlarni yukli bo‘lishi bir qiyin, bolasini eson-omon qo‘liga olishi undan qiyin. Suv ichsa ham tashlaydi, deganlari shu bo‘lsa kerak. Ha-a, ishqilib vaqti-soati bilan nevaramni sog‘-salomat bag‘riga olsin-da.
– Ayajon, bir soatdan buyon kimga «lektsiya» o‘qiyapsiz? Hatto ko‘chadan kirib kelganimni sezmadingiz, – kulib, onasining yelkasini quchdi Abdumalik. – Berilib gapirayotganingizdan oldingizda kimdir bormi, deb o‘ylabman.
– Keldingmi, bolam, xotiningdan xavotirdaman-da. Do‘xtirlar bergan doriyam, olayotgan ukollari ham, nazarimda, kor qilmayapti. Nima yesa, tashlagani-tashlagan.
– Shifokorlar qo‘lidan kelgan muolajani qildi. Hademay o‘tib ketadi, deyishdi. Surishtirdim, rivojlangan davlatlarda bu tabiiy jarayon hisoblanib, hech qanday dori-darmon buyurilmas ekan. Shuning uchun asablaringizni asrang, hammasi yaxshi bo‘ladi.
– Bu turishda holi qurib qoladi-ku, nimadir qilish kerak, o‘g‘lim.
– Quvvat bo‘ladigan ukollar olyapti, hammasi joyida, xavotir olmang.
– Dori boshqa, ovqat boshqa. Menga aytgani uyalsa kerak, nimadir egisi kelar axir. Sen yaxshilab so‘ra, ko‘ngli nimani tusasa, olib kelib ber. Zora tashlamasa…
Ona-bolaning suhbatini eshitib turgan Dilnigorning negadir o‘pkasi to‘ldi, yuzlariga yosh yumaladi. Ko‘ngli hech narsa tusamasa, nima qilsin? Toksikoz deganlari bu qadar og‘ir kechadi, deb o‘ylamagandi u. Qani endi boshqorong‘i «kasali» tezroq tarqab, hamma qatori ovqat yesa, avvalgidek yelib-yugurib kelinlik xizmatini qilsa.
Ozib, rangi aftodaholga kelgan Dilnigor ukollar ta’sirida ikki oy o‘tib, qaddini ko‘tardi, ro‘zg‘or ishlariga aralasha boshladi. Ammo hamon og‘zi bemaza, o‘ziga qolsa, og‘ziga umuman ovqat olgisi yo‘q. Bolasini o‘ylab, bazo‘r nimadir yegan bo‘ladi. Ko‘chadagi ariqqa suvga chiqqan kelinchak to‘g‘ridagi qo‘shnining ochiq darvozasidan hovli etagidagi loladek qizarib turgan gilosga ko‘zi tushdi, ko‘ngli allanechuk bo‘lib ketdi. «Vo-oy, ertangi gilos qizaribdi, gilos pishibdi», bahor qanday o‘tganini sezmay qolgan Dilnigor gilosga termilgancha qoldi. Ko‘ngli hech narsa tusamagan juvonning shu qadar gilos yegisi keldiki, ta’rifi yo‘q.
– Qizim, gilos yegingiz keldimi?
Yonginasida uning holatini kuzatib turgan qo‘shni ayol – O‘g‘iloy momoni ko‘rib, Dilnigorning yuzlari qizardi.
– Xolajon, uzr, sizni ko‘rmay qolibman, gilos pishibdi deb hovlingiz tomonga…
– Yuring men bilan, yozning ilk mevasi sizga albatta yoqadi, shifo bo‘ladi, – sirli kulib qo‘ydi momo.
– Xolajon, gilosdan sotsalaring kerak, hozir pul olib chiqaman.
– Yo‘g‘e-e, gilosni sotmaymiz, qizim, o‘zi bir tup bo‘lsa, nevaralarimdan ortmaydi. Qani, oldimga tushing, shoxidan uzib yeganga nima yetsin.
Dilnigor xijolat tortdi. Chunki bu qo‘li yupqa xonadon bahorning ilik uzildi pallasida shu gilosini sotib tirikchilik qilishidan xabardor edi. Uning o‘ylanib turganini ko‘rib, O‘g‘iloy momo yana majburladi:
– Qani, qizim, bo‘laqoling, ko‘zingizga chiroyli ko‘ringanlaridan saralab, to‘yib-to‘yib yesangiz, bolangiz chiroyli tug‘iladi, – kuldi momo.
Samimiy iltifotdan Dilnigor qanday qilib gilos tagiga borib qolganini sezmay ham qoldi. Shoxlarda marjondek tizilib turgan, hali qo‘l tegmagan qip-qizil gilosga u bir muddat mahliyo bo‘lib turdi-da, mehr bilan yeyishga tushdi. Mo‘jiza, nima yesa og‘ziga taxir bo‘lib kirar, qayt qilgisi kelardi. Ikki yildek tuyulgan ikki oy ichida u ilk bor ta’m sezyapti, qanday yaxshi?! Mevadan istagancha yeb, ko‘ngli yorishgan Dilnigor momoga rahmat aytib, ortiga qaytdi.
– Qizim, – uning ortidan chaqirdi O‘g‘iloy momo, – ko‘nglingiz tusaganida chiqib, gilosdan eb turing. Tortinib chiqmasangiz, xafa bo‘laman.
Dilnigor momoning aytganini qildi. Hamon yog‘li ovqatni ko‘rsa o‘qchiydigan kelinchak ko‘ngli tortdi deguncha, qo‘shni tomonga shoshardi. Bir muddatdan so‘ng gilosdan me’dasi to‘ygan, anchayin ovqat yeya boshlagan juvonning qo‘shni xonadonga kirishiga hojat qolmadi.
Uch-to‘rt kun o‘tib, O‘g‘iloy momo idishlarga joylangan giloslarni olib, bozorga jo‘nadi.

HALOL LUQMA

Malakbonuning xayoli tom boshidagi uzumda. To‘g‘rirog‘i, orqa qo‘shnining bularning tomiga o‘rmalab chiqqan tok shoxidagi tillodek sap-sariq husaynida. «Homilador ayol ko‘ngli tusagan narsani yeyishi kerak, yo‘qsa, bolasi nuqsonli tug‘iladi», xayolidan shu o‘y ketmayotgan kelinchakning ko‘ngli aynan shu uzumni tusayapti. Qo‘shnidan so‘rash noqulay. Negaki, o‘zlarining ishkomlarida ham uzumlar pishib yotibdi. Faqat sariq husayni yo‘q. Keyin, odatga ko‘ra, qo‘shni tomonga egilgan mevali daraxtning hosilida qo‘shnining ham haqqi bor. So‘ramay yesa bo‘laveradi, halol hisoblanadi. Bu gap qay darajada to‘g‘ri yoki noto‘g‘riligini Malakbonu aniq bilmasa-da, qulog‘iga chalingan. Juvon uchun bu ayni muddao.
Ertalab xonadon ahli yumush bilan tashqariga chiqib ketgach, Malakbonu asta tomga ko‘tarildi. Qo‘shni tomonga nazar tashladi, ular tomonda ham hech kim ko‘rinmadi, suv quygandek jim-jit. «Shunisi ma’qul, – xayolidan o‘tkazdi. – Qo‘shni ko‘rib qolsa, noqulay-da». U chaqqonlik bilan necha kundan buyon yuragi ezilib turgan uzumlardan ikki boshini uzib, idishga soldi. O‘ziga qolsa tomda o‘tiriboq yeb olardi, ammo kimningdir ko‘zi tushsa…
Malakbonu shoshilgancha narvondan pastga tusha boshladi. Yerga qadam qo‘ygandi hamki, uning harakatini taajjub bilan kuzatib turgan eri Mashhurbekka ko‘zi tushdi.
– Tomda nima qilib yuribsan? Idishdagi uzummi? – hayajondan dovdirab turgan xotinidan so‘radi yigit. – Tomimizga chiqqan orqa qo‘shnining uzumidanmi?
– Ha, haligi… shu husayni uzumdan rosa yegim keldi. Shunga…
– Qo‘shnidan so‘radingmi?
– Yo‘q, hovlisida hech kim ko‘rinmadi, uzib tushaverdim…
– Malak, senga nima bo‘ldi, farzand kutayotgan ayol ham shu ishni qiladimi? Bolamizning imon-insofli, kelajagi nurli bo‘lishi uchun yegan har bir luqmangdan tortib, bajargan amallaring, ezgu niyatingning o‘rni qay darajada muhim ekanini bilasanmi? Axir bu ishing o‘g‘irlik bilan barobar. Kattalar bilsa, nima deydi?
Qo‘lidagi uzumga ming xijolat bilan termilib turgan Malakbonu yig‘lab yubordi.
– Shu uzumni juda yegim kelgandi, qo‘shnidan so‘ragani uyaldim.
– Menga aytsang bo‘ladi-ku, ularga tushuntirib olib tushib berardim.
– Sizdan iltimos, faqat ayam bilan dadam bilishmasin. Hozir qo‘shniga olib chiqib beraman, – yig‘idan o‘zini tiya olmasdi u.
– Yaxshisi, birga kiramiz, birga tushuntiramiz. Uzumlarni qo‘shnini rozi qilib, olib chiqamiz. Tug‘ilajak bolamiz kelajagiga ikkimiz ham mas’ulmiz axir. Bunda mening ham aybim bor. Chunki ko‘ngling tusagan narsani so‘rab turishim kerak edi. Qani, endi bitta jilmay-chi, senga siqilish mumkin emas. Ketdikmi?
– Ketdik, – ko‘z yoshini artib, mayin jilmaydi Malakbonu.

Zulfiya YuNUSOVA, «Vatanparvar»