«– Erkak kishilarga tik qaramagin, – dey­di ona.
– Nega?
– Odobsiz qizcha ekan, deyishmasin-da. Erkak kishi kelayotganida yo‘l bo‘shat, qaqqayib turma. Yoningga kep qolsa-yu tanish bo‘lsa, yerga qarab salom ber, notanish bo‘lsa gapirmayam, qaramayam».

***

«– Nega cho‘milmading?
– Bir qush bor ekan, baqrayib qarab turaverdi, uyaldim, – dedi qizaloq».
Bu qizchani tanidingizmi?
Yodingizga nimalarni soldi?
Bu «Onaizor».
Sizning, uning, mening onam…
Onamning bolaligi…
«U – shiddati, g‘ayrati ichiga sig‘mas qizaloq. O‘zidan katta chelaklarni ko‘tarib, daranglatib yurib qoladi. Yugurib tinmaydi, guldor ko‘ylaklarni yaxshi ko‘radi, ammo o‘yinga berilganidan kir qilib qo‘yadi, «kir bo‘pti-ku», deyishsa, «voy o‘lay», deb…»
Isajon Sultonning «Onaizor» qissasi dunyodagi eng nozik xilqat haqida. Bu asar o‘zbek onalarining mangu ta’zimga sazovor fazilatlari, nazarimda oddiy, ammo mo‘jizaviy qudratga ega nozik quvvatiga bag‘ishlanadi.
Chimchilovchi g‘alati maxluq, ayyor malla tulki, kichkina sariq qizcha – bular kimlar?
Bular chekka bir qishloqdagi murg‘ak qalb sohibasining xayoliy qo‘rqinchlari edi. Asarni o‘qib, qanday qilib bulardan qo‘rqish mumkin, dersiz. Ammo uning qalbi siz bilan biznikiga o‘xshamaydi. U benihoya pok, pokiza, gardsiz. Ra’noning hayotga qarashlari, dunyoni ko‘rayotgan nigohlari soddalikka yo‘g‘rilgan. Har bir o‘zbek qizlaridek u ham o‘z onasidek bo‘lishga harakat qiladi. Va bunga erishadi ham.
Qizlar ko‘pincha orzusidagi yigitlar otasidek bo‘lishi kerakligi haqida gapiradi.
«– Ha, ariqcha, oqyapsanmi?
– Oqyapman.
– Otam hammadan zo‘r-a?
– Ha, sening otang hammadan zo‘r!
Ra’no yana bir nimalarni gapirishni istardi-yu, ichi to‘la his-tuyg‘u bo‘lgani bilan tiliga so‘z kelmayotganini o‘ylab, hayron bo‘ladi».
Tengdoshlarimdan sevgan insonimga turmushga chiqishni xohlayman, degan gap-so‘zlarni ko‘p eshitaman. Asarda bu haqda umuman so‘z yo‘q. Aslida ham bir paytlar bu tuyg‘uni so‘z bilan ifoda etish ichki bir uyatni hosil qilgan. Bu mavzuda ona bilan qiz o‘rtasidagi suhbatlar harir bir parda bilan «o‘ralardi». Ishonmasangiz, buvilardan so‘rang, yetmish, sakson yoshdan oshgan momolarimiz hozir ham bu haqda go‘zal bir hayo bilan gapirishadi. Asarda Ra’noning onasi bilan suhbati shunday kechadi:
«– Boqqa kirsam, bir olma rosa qizarib pishibdi, – dedi ona kulib. – Bozorga olib chiqib, sotib yubora qolsammikin?
Haqiqatan ham bog‘ning olmasi bir tarafi taram-taram qizg‘ish, boshqa tarafi och yashil bo‘lib etilgan, yaqiniga borsa, boshni aylantirar shirin isiyam gurkirab turardi.
Ra’no endi aytilgan gapning tagida boshqa gap bo‘lishini bilib olgan edi.
– Sotib nima qilasiz? – dedi g‘ashi kelib. – Zarari tegyaptimi bechoraning?
– Voy, nimaga zarari tegar ekan? – dedi ona. – Meva yetilsa, uzib egasiga berasan-da! Yerga «to‘p» etib tushsinmi bo‘lmasa?
– Tushsa tushaversin, – dedi Ra’no zarda qilib.
– Qo‘yarmidim? – deb kuldi ona. – Xalqning ko‘ziga katta to‘y qilamiz hali.
– Xalqingiz bilan nima ishim bor? – deya lab burdi Ra’no.
– Bekor aytibsan, bilsang, boring ham, yo‘g‘ing ham shu el, – dedi ona.
Shu el senga qiymat bersa, qadring oshadi, qiymat bermasa, moxovdan battar bo‘lib qolasan».
Ra’no kichik bir qishloqning katta mo‘jizasi edi. U onasining o‘gitlarini umuman yoddan chiqarmaydi:
«– Eng haqir ishgayam erinma. Bilib qo‘y, hammamiz bir qishloqning odamlari bo‘lsak ham, kuyov tarafning odami har bir qadam olishingdan muomalanggacha, tutumingdan farosatinggacha kuzatib o‘tiradi. Har qilgan to‘g‘ri ishing ota-onangga rahmat olib keladi, sal noto‘g‘ri ish qilsang, malomat olib kelasan. Iloji boricha kam gapir, bir nima so‘rashsagina javob ber, chehrangni och.
Onaning joni farzandniki bilan bitta bo‘ladi. Ayniqsa u endigina dunyoga kelgan bo‘lsa, bu olam bilan endi tanishayotgan bo‘lsa. Bola yig‘lasa yig‘laydi, kulsa qo‘shilib kuladi. Agar xasta bo‘lib qolsa, u bilan birga kuyib yonadi. Hatto haligacha mening onam ham kasal bo‘lib qolsam, tuni bilan uxlamay boshimda parvona bo‘ladilar. Qarindoshlarimning aytishicha, onam meni 3 yoshimgacha ko‘targan ekanlar. Bu ish kimlar uchundir qiyindek tuyular balki, lekin volidamga bu ish hech qachon og‘irlik qilmagan ekan.
Ra’no ham bir oilaga kelin bo‘lib tushadi. Farzandli bo‘ladi…
«Beshik bo‘lmay o‘l», dedi Ra’no qaynona chiqib ketishi bilan bolasini darhol yechib olib, bag‘riga bosarkan. Kelaqol, jonim bolam, qo‘lchalaringni, oyoqchalaringni o‘ynataqol. O‘lsin enang ham, dedi yozg‘irib. Seni boylamoqchi bo‘ldimi?
Seni devlarga boylatmagan, jinlarga boylatmagan, enangga boylatib qo‘yarmidim?»
Onalarimizning irodasi yillar davomida metinlashib boradi. Sababki, onalarini, otalarini yo‘qotishadi. Shunday bo‘lsa ham, hayot so‘qmoqlarida yurishni davom ettirishadi. Lekin yo‘qotganlarini eslatuvchi ba’zi narsalar borki, ularga boqib, bir soniya bo‘lsa ham yurak qo‘ridagi alanga sog‘inchini susaytirgandek bo‘lishadi. Asarda ham shunday. Endi Ra’no ota uyiga borganida tomorqa aylanar, ariqcha kichrayib qolgan, tubida ozgina suv oqar edi, xolos.
«Qizgina endi ota ekib ketgan behi bilan so‘zlashar edi.
– Otamning behisi, o‘syapsanmi?
– O‘sish qayda, ona qizim. Bir amallab jon saqlab turibman. Ko‘ryapsanmi, madorim quridi. Mayda shoxchalarimning uchlari ham qurib bormoqda».
Asarda onaning hayoti nozik bir ipga tizilib, shunday mahorat bilan tasvirlanganki, yaxlit bir muhabbat kartinasi paydo bo‘lgan. Undagi obrazlardan biri «ariqcha». Asar yakunida ariqchaning qurib qolishini oddiygina suv kelmay qoldi, deya ifodalash ham mumkin edi. Lekin unday deyilmaydi, «tepadan to‘sib qo‘yildi», deyiladi. Bu jumla Ra’noning umri yakunlanganini bildirardi. Butun umri davomida borliqqa, tiriklikka ezgulik baxsh etgan ariqcha bu – Ra’noning umri edi.
Yozuvchi bu asari bilan qalbingizni zabt etadi. Beixtiyor «Onaizorim mening», deb yuborasiz.
Asarda Onaning tuproqqa, suvga, shamolga va otashga o‘xshatilishi bejiz emas. Sababi Ona umri davomida oilasi uchun bag‘rikengligi, shamol kabi farzandlari boshida hayotbaxsh kezishi, otash kabi mehrining tovlanishi bilan hamisha qalbimizning tub-tubida yashaydi.
Sen shamol kabi emasmiding, ona? Boshim uzra hayotbaxsh esib, umr kurtaklarini ochgan, havolarni almashtirib, qanchadan-qancha gullarni yashnatgan, unum keltirgan va shamollar kabi yelib-yelib o‘tgan…
Sen otash ham eding, nuridiydam! Harorating bo‘lmasa edi, bolangning bu jo‘shishlari, bu shiddati, bu g‘ururi qaydan ham kelardi?
Bu qissa mushfiq o‘zbek onalariga bag‘ishlangan mehr-muhabbat madhiyasi misoli o‘qiladi.
Qissani o‘qiy turib, unda hech qanday keskin voqealar yoki romantik syujetlarni uchratmadim. Lekin onam va buvimning ruhiyatini oynada ko‘rgandek bo‘ldim.
Bu asarni siz ham o‘qing, agar onangizni yo‘qotgan bo‘lsangiz, sog‘inchingiz tafti bosiladi, agar uzoqda bo‘lsa, ko‘rgandek bo‘lasiz, agar yoningizda bo‘lsa, o‘zgacha his-tuyg‘u bilan mahkam bag‘ringizga bosasiz Onaizoringizni.

Muattar MELIYEVA, O‘zMU talabasi