Har bir go‘dak fitratan pokiza tug‘iladi. Muhit ta’sirida ulg‘ayar ekan, o‘ziga xos jihatlarini namoyon qila boshlaydi. Kimdir ilm izlaydi, boshqasi hunar o‘rganadi, yana turli jabhalarda jamiyatga qo‘shilib ketadi.

Orasida bilib-bilmay huquqbuzarlik sodir etgan, profilaktik nazoratda turadiganlari ham bor, albatta. Ammo ular ham sizu bizga begona emas. Mudofaa vazirligi hamda O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy kengashi hamkorligida Toshkent viloyati profilaktik hisobda turuvchi yoshlar bilan Toshkent harbiy okrugida joylashgan harbiy qismlardan birida «Er yigitning er yigitga aytgan gapi ta’sirli bo‘ladi» shiori ostida «Harbiy qismdan olgan taassurotlarim» mavzusida vatanparvarlik, madaniy-hordiq va sport tadbirlari tashkil etildi.

O‘quvchi yoshlar harbiy qismdagi shart-sharoitlar bilan tanishish barobarida, qurol-aslahalar namoyishida ham ishtirok etdilar. Vatan himoyachilarining qo‘l jangi bo‘yicha ko‘rgazmali chiqishi yigitlarning sportga qiziqishi ortishiga, yuragida ona yurt mudofaasiga rag‘bat kuchayishiga turtki bo‘ldi.

«Impuls» harbiy ansamblining konsert dasturi davomida mehmonlar madaniy hordiq chiqardilar. Shundan so‘ng o‘tkazilgan psixologik trening yosh o‘g‘lonlarning o‘tkazgan hayotlari, hozirgi holatlari va kelajakni yana bir bor tasavvurlarida jonlantirishlariga yordam berdi. Ular o‘zlaridagi har qanday salbiy illatlarni o‘tmishda qoldirishga qaror qildilar.

Mudofaa vazirligi «Turon» davlat harbiy teatri aktyor va aktrisalari bilan uchrashuv esa tadbir ishtirokchilarini o‘tmish bilan yuzlashtirdi. Ular sahnadagi turli obrazlar timsolida ulug‘ ajdodlarimizning hur diyor ravnaqi yo‘lida qilgan ishlari va shonli tariximizdan xabardor bo‘ldilar. Ochig‘ini aytish kerak, nazarimizda bir kun qisqalik qildi. Hali yoshlarni qiziqtirgan savollar va takliflar yana bor edi. Ular tadbirlar so‘ngida «Harbiy qismdan olgan taassurotlarim» mavzusida insho yozib, bu boradagi mulohazalarini qoldirdilar.

Abdulla O‘KTAMQULOV