– Fakultet!
Gurs-gurs!
– O‘ngga qarab rostlan!
Gurs-gurs-gurs!

***

– Fakultet!
Gurs-gurs!
– Chapga qarab rostlan!
Gurs-gurs-gurs!

XUDDI UNDOV BELGISIDEK

Hayoting davomida bir marta bo‘lsa ham umr yo‘lingning sanoqli qadamlarini mana shunday rostlanib bosib o‘tgan bo‘lsang, ishonaver, do‘stim, sen dunyodagi baxtli insonlardan birisan. Egningdagi harbiy libos sening pas­porting bo‘lsa, qalbingdagi vatanparvarlik tuyg‘usi qoning bilan birga vujudingga kirgan, tomirlaringda jimirlab oqib turgan o‘zligingdir. Aytgancha, butun tanang undov belgisidek (!) bo‘lib, ko‘ksingdagi havo na ichkariga, na tashqariga harakatlanishini bilmay qolib nimaga rostlanib o‘tyapsan o‘zi? Buning zamirida nima bor?
Ha, bu Chirchiq oliy tank qo‘mondonlik-muhandislik bilim yurtidagi xizmat vazifasini bajarish chog‘ida halok bo‘lgan harbiy xizmatchilar xotirasiga atab bunyod etilgan «Shon-sharaf» maydoni. Harbiy xizmatchilar, kursantlar, umuman, o‘zini Vatan himoyachisi deb bilgan har bir inson bu yerdan mana shunday rostlanib o‘tadi.

«DINOZAVRLAR» DAVRASIDA

– Turilsin!
Sakrab turasan-u, soniyada xayoling­ni yig‘ib olishga ham ulgurasan, kishi. Yangi dars boshlanadi hozir. Aytmoqchi, biz Mudofaa va Favqulodda vaziyatlar vazirliklarining serjantlar tarkibida xizmat qilayotgan oliy ma’lumotli harbiy xizmatchilar hozir mana shu bilim yurtining malaka oshirish fakultetida tahsil olyapmiz. Vaqt go‘yo AI-98 benzinida harakatlanyapti. Mamlakatning turli burchaklarida xizmat qilayotgan yigitlardan tarkib topgan guruh yaqin orada ofiser degan sharafli nomga erishadi. Shu bois hamma jiddu jahd bilan ta’lim olishga, o‘z professionalligini oshirishga kirishgan.
Jangovar saflarda xizmat qilayotgan quroldoshlar orasida yoshi kattalarini harbiycha erkalash bilan «dinozavrlar» deyish odat tusiga kirgan. Bu tarkibda saralar ichidan saralab olingan, o‘sha nomga munosib, katta tajribali, keng dunyoqarashli harbiy xizmatchilar va xizmatni boshlaganiga hali ko‘p bo‘lmagan, biroq o‘z ishining ustalari jamlangan. Shuning uchun bo‘lsa kerak, bu safda «Oyog‘ingni ol!», «Yetishib ol!», «Qatorga to‘g‘rilan!» degan buyruqlar deyarli yangramaydi.

XARITADA BOR, AMMO O‘ZI YO‘Q KO‘PRIK

Darslar qizg‘in. Bu ma’ruzalarni hozir yozib olsang olding, bo‘lmasa bunday qimmatli ma’lumotlarga, bu yerdagi professional o‘qituvchilarga qaytib duch kelishingga hech kim kafolat bermaydi. Tinglaymiz.
Harbiy topografiya nima uchun kerak? Uzoqqa bormaylik, yaqin tarixdan misol keltiramiz. Ikki davlat bir-biriga qarshi qurolli harakatlar olib boryapti. Birinchi davlat taktika qo‘llashga o‘tdi. Unga ko‘ra, qo‘shin ikki guruhga bo‘linishi kerak. Birinchi guruh daryoning narigi tomoniga ko‘prik orqali o‘tib olib, oldga harakatlanishi lozim va xaritada ko‘rsatilgan oldindagi ko‘prik orqali o‘tib keladigan ikkinchi guruh yordamida dushmanni tor-mor keltirish rejasi tuzildi.

Harakat boshlandi. Birinchi guruh o‘z vazifasini tez va xatosiz bajarib, dushmanga yetarlicha qarshilik ko‘rsatib turibdi. Endi ikkinchi guruh ko‘prikdan o‘tib, hamla qilsa bas, g‘alaba tayin. Buni qarangki, yordamchi guruh daryoning belgilangan nuqtasiga yetib borib, ne ko‘z bilan ko‘rsinki, u yerda ko‘prik yo‘q edi. Natijada daryoning narigi tomonidagi qo‘shin qirilib ketadi, g‘alaba qo‘ldan chiqadi…
Surishtiruvda ayon bo‘lishicha, ko‘prik qurishga mas’ul bo‘lgan muhandislar davlat tomonidan ajratilgan pullarni talon-toroj qilib yuborgan-u, ko‘prik umuman qurilmagan. Eng hayratlanarlisi, qurilishga mas’ul bo‘lganlar xaritaga ko‘prikni qurildi, deb kiritib yuborgan…

U BO‘LMASA, DUSHMAN TO‘Y QILIB YuBORADI…

Endi bu darsga quloq tutamiz.
O‘qituvchi o‘rtaga savol tashlaydi. «Xo‘sh, aloqa deganda nimani tushunamiz?»
Harbiycha ruxsat so‘ralib, turli javoblar beriladi. Bir partada o‘tirgan hazilkash yigitlar qitmircha kulib yonidagi sherigini sekin turtib qo‘yadi. (Armiyada ko‘ngilga yoquvchi hazillar, qochirimlar ham bor. Bu ham shaxsiy tarkibning axloqiy-ruhiy holatiga ijobiy ta’sir qiladi, ular orasida do‘stona muhit shakllanishiga turtki beradi. Shu boisdan ham buni to‘g‘ri tushunish kerak. «Sardor»dagi hazilkash «jiyan» ham aslida hayotdan olingan). Oxirgi to‘liq javob baribir o‘qituvchidan bo‘ladi.
Aloqa reshyotka (bilim yurtini o‘rab turgan to‘siqlar)dan tashqarida muloqot vositasi hisoblanadi. Bu yog‘ida esa qo‘shinlarni boshqarishdagi eng muhim vositadir. U qo‘shinning ko‘zi, qulog‘i. Aloqa ishlamasa, jangovar buyruq kerakli nuqtaga yetib bormaydi. U ishlamasa, buyruqlar bajarilmaydi, u ishlamasa, dushmanning «kuni tug‘adi». U ishlamasa, g‘alaba haqida unut!

SONIYALAR QADRI

Boshqa bir xonada davom etamiz.
AK-74 avtomati har 0,001-0,06 soniyada bitta o‘q uzadi. O‘ylab ko‘ryapsizmi, soniyaning mana shu ulushlarida siz dushmanga qarata bitta o‘q uzyapsiz. Tushun­yapsizmi, shu judayam qisqa vaqt ichida siz onadek muqaddas Vatan tuprog‘iga qadam bosgan yovni yerga qulat­yapsiz. Ha, jasoratning umri asrlardan ham uzun. Lekin u mana shunday qisqa soniyalardan ham iborat bo‘lishi mumkin.


Bu ham mayli, qiziqsangiz, avtomatning bir o‘q uzilganidan keyin navbatdagi o‘qni o‘qdondan olib, stvol kanaliga joylashtirishi, ya’ni sizga ikkinchi o‘qni uzish uchun imkoniyat yaratib berishini o‘rganib chiqing. Bu bir o‘q uzilishi uchun ketgan vaqt oralig‘ida bajariladi-yu, undagi harakatlarni ko‘rsangiz, butun boshli katta bir texnikaning o‘t oldirilishi yoki zavod-fabrikaning ishlash jarayonini eslatadi.
Hayotda ko‘pincha «vaqtim yo‘q, hech narsaga ulgurolmayapman», deydigan kishilarni uchratamiz. Ana o‘shalarga avtomatning ishlash mexanizmini namuna qilib ko‘rsatish kerakdek. Unday kishilar, «ha, endi bu texnikada», deb gap topib berishiga uni ham inson yaratganini eslatish kifoya. Ha, vaqt – oqar suv. Uni behuda sarflamaslik kerak. Rejali harakat bilan hamma narsaga ulgurish mumkin.
Bir so‘z bilan aytganda, o‘quv kursi nafaqat nazariy bilimlar oshishida, balki hayotiy xulosalar chiqarishda ham qo‘l kelmoqda. Eng muhimi, bu yerga hech kim shunchaki vaqt o‘tkazish uchun kelmagan. Aytgancha, yuqorida bizga saboq berayotgan bilim yurti o‘qituvchilarining ayrim dars jarayonlarini keltirib o‘tdik. Sababi oddiy: tug‘ilgan kunlarda, bayramlarda «aybsiz aybdor» sharafiga turli maqtovlar yog‘iladi, madhiyalar o‘qiladi. Biz esa kasb bayrami munosabati bilan ular sohaning qanday professionallari ekanliklarini boshqacha ta’riflagimiz keldi, xolos. Biz esa davom etamiz:
– Fakultet!
Gurs-gurs!
– O‘ngga qarab rostlan!
Gurs-gurs-gurs!

P/S. Ona Vatanga xizmatning katta-kichigi bo‘lmaydi. Shu ma’noda harbiy unvonni ham katta-kichikka ajrataverish har doim ham to‘g‘ri emas. Muhimi, egningdagi harbiy libos va qalbingdagi toza tuyg‘u. Aytishlaricha, kurs yakunida bizga leytenant harbiy unvoni berilar ekan. Sarlavha shunga ishora.

Kurs tinglovchisi kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatchi,
oddiy askar Islomjon QO‘CHQOROV, «Vatanparvar»