Tarixchi olim Akbar Zamonovning «Buxoro xonligining qo‘shin tuzilishi va harbiy boshqaruvi» nomli monografiyasi asosida

 Shayboniylar qo‘shinlarida foydalanilgan va shu davrda ishlab chiqarilgan qurol-yarog‘ va harbiy aslahalar haqida tarixchi olim Akbar Zamonovning «Buxoro xonligining qo‘shin tuzilishi va harbiy boshqaruvi» nomli monografiyasida qimmatli ma’lumotlar uchraydi. Olimning so‘zlariga ko‘ra, qurol-yarog‘ hunarmandchiligi Movarounnahrning katta shaharlarida yaxshi rivojlangan edi. Dastlab Samarqandni, keyinchalik Buxoroni poytaxt etib belgilagan shayboniylarning asosiy qurol-yarog‘ va aslahalari Buxoroda ishlab chiqarilgan. Ular temuriylarnikidan deyarli farq qilmasdi. Shaharda sovutsoz, o‘qchi, kamonsoz va boshqa hunarmandlarning ustaxonalari, bozorlarda maxsus savdo rastalari, hatto yopiq bozorlar faoliyat yuritgan. Ular qo‘shinni o‘q-yoy, qilich, olti qirrali gurzi – shashpar, ho‘kiz boshli gurzi – govsar, xanjar, nayza, bolta, to‘p, to‘fang, to‘ra, deb ataluvchi qalqonlar va boshqa qurol-aslahalar bilan ta’minlagan.

Bu davrda Movarounnahrda ishlab chiqarilgan yoki boshqa mamlakatlardan keltirilgan qurol-yarog‘lar tayyorlangan joy nomini saqlab qolgan. Masalan, Bobur qalmoq sovuti haqida yozadi. Shuningdek, Darband harbiy yarog‘lari, mo‘g‘ul qalqonlari, sovutlari va sariq sag‘ridan qilingan egarlari, hind nayza va qilichlari, cherkes qilichlari va kubiksimon portlagichlar manbalarda tilga olinadi. Masalan, Xitoy javshani bilan ta’minlangan askarlar ham ko‘pchilikni tashkil qilgan.

XVI asrda shayboniylar qo‘shinida qo‘llanilgan qurol-yarog‘ va aslahalarni to‘rt guruhga bo‘lish mumkin:

  1. Sovuq qurollar.
  2. O‘qotar qurollar.
  3. Himoya vositalari.
  4. Yordamchi vositalar.

SOVUQ QUROLLAR

Sovuq qurollar tarkibiga cho‘qmor, shashpar, tabarzin, qilich, nayza, kestan, xanjar kabilar kirgan.

Qilich

Janglarda qilichning o‘rni katta edi. Bobur ta’biricha, qilich barcha qurollardan ustun edi, ya’ni boshqa qurollar tegsa, inson tanasining bir yeriga ta’sir qiladi, agar qilich tegsa, u boshdan oyoqqacha kesadi. Buxoro qo‘shinida qilichlar yoysimon shaklda bo‘lib, uzunligi jangchining beli barobarigacha bo‘lgan.

Bolta

Yaqin masofalardagi jang­larda boltalar ham alohida ahamiyat kasb etgan. Jang boltalari tabarzin, deb atalib, uning dastasi uzun bo‘lgan.

Nayza

Nayzalarning uzunligi odam bo‘yidan baland bo‘lgan, u yaqin masofadagi yuzma-yuz janglarda juda qo‘l kelgan. Dastasi qayin yog‘ochidan, uchi, ya’ni sinoni temir va po‘latdan ishlangan. Shayboniylar qo‘shinida, «Xatti nayza», deb atalgan nayza turi keng tarqalgan edi. Uzun va to‘g‘ri dastali bu nayza dastlab Arabistonning Xatti manzilida ishlab chiqarilgani bois shunday nomlangan.

 O‘QOTAR QUROLLAR

Bu turdagi qurollar tarkibiga kamon, kalta o‘qli uzoqqa otadigan kamon – taxsh, miltiq – to‘fang, to‘p, kichik to‘p – arroda, palaxmon – manjaniq kabi qurollar kirgan.

O‘q-yoy

Yozma manbalarda qayd etilishicha, o‘q-yoy eng asosiy jang qurollari sirasiga kirgan. Kamonning asosi tashqi tomondan chandir teri, ichki tomondan silliq muguz – ho‘kiz shoxi yopishtirilgan yog‘ochdan iborat bo‘lgan. Tutqichining o‘rtasi va uchlari suyak bilan qoplangani qattiq kamon, deb atalib, uning o‘qi odatdagidan uzoqqa otilgani sabab kamonning murakkab turi hisoblanardi.

Miltiq va to‘fanglar kengroq tarqala boshlagan davrda ham o‘q-yoy janglarda muhim o‘rin tutgan. O‘q uzish uchun barmoqlarga maxsus angishvonaga o‘xshagan zehgirlar taqilgan. «Abdullanoma» asarida dashti qipchoq askarlarining kamondan bir otishda uchtadan o‘q uzganligi haqidagi ma’lumot berilgan. Bundan anglashiladiki, jangchilar mohir mergan darajasiga yetgan.

Kamon o‘qlarining uchi, ya’ni paykoni suyak yoki metalldan yasalgan. Ba’zi paykonlar mustahkam sovutlarni ham teshib o‘tgan.

Taxsh

Po‘latdan ishlangan taxsh nomli o‘qotar qurol yog‘och qo‘ndoqqa o‘rnatilgan bo‘lib, uning o‘qi kamon o‘qidan qisqa bo‘lgan. O‘qni miltiq kabi otgan.

To‘fang

Shayboniylar qo‘shinida keyinchalik Sharq va Yevropa mamlakatlarida tayyorlangan o‘tochar qurollardan ham foydalanilgan. Yog‘och va metalldan ishlangan to‘fang, ya’ni miltiqlar Movarounnahrda XVI asrdan boshlab, keng tarqalgan. «Mir’otul mamolik» – «Mamlakatlar ko‘zgusi» asarida yozilishicha, Navro‘z Ahmadxonga turk sultoni 300 ta miltiq bilan qurollangan yanicharlarini yuborgan. Yana bir manbaga ko‘ra, Buxoro viloyati hukmdorlaridan Burxon sulton lashkari bo‘linmalaridan biri shunday to‘fanglar bilan to‘liq qurollangan edi. Usmonli sultonlar bilan tuzilgan shart­nomaga binoan yollanma turk mashshoqlari – harbiy muhandislari Abdullaxon va ashtarxoniylar qo‘shinlarini Turkiyadan keltirilgan yangi o‘tochar qurollar bilan zamonaviy jangga tayyorlagan.

O‘qchilar guruhi

XVI asrning ikkinchi yarmidan o‘tochar qurollar takomillashib, bu shayboniylar qo‘shinida ham keng qo‘llanila boshlagan. Samarqand hokimi shayboniy Navro‘z Ahmadxon va uning o‘g‘li Bobo Sulton qo‘shinlari tarkibida miltiqli o‘qchilardan tashkil topgan yollanma askarlar guruhi xizmat qilgan.

To‘p

Bu davrga kelib, to‘plar ham takomillashib borgan. Manbalarda Abdullaxon ibn Iskandarxon davrida bir necha to‘plar ishlab chiqarilgani yozilgan. Ularga alohida nomlar ham berilgan. Masalan, «Oqburyo to‘pi», «Qubbali qozon», «Jahongir qozoni», «Qora bahodir qozoni», Balxdan keltirilgan «Qora bug‘a» nomli to‘plar shular jumlasidan.

Qo‘shinda avvalgi davrlarga mansub zarbzan, ra’d, zambarak, manjaniq, toshotar kabi qurollar ham bo‘lganligi manbalarda qayd etiladi.

To‘pchi Ustod Ruhiy

To‘p quyuvchi usta rextagar, deyilgan. Manbalarda qayd etilishicha, Buxoroda bir nechta rextagar bo‘lgan.

«Musaxxar al-bilod» asari muallifi Abdullaxon davrida to‘p yasash va otish bilan shug‘ullangan alohida shaxslar haqida qimmatli ma’lumotlar beradi. Ulardan bir Ustod Ruhiy ismli to‘pchi harbiy muhandis boshchiligida bir qancha to‘plar yasalgan. Ustod Ruhiy Abdullaxon bilan birga deyarli barcha janglarda, ayniqsa qal’alarni zabt etishda oldingi saflarda turib jang qilgan. Uning vafotidan keyin xon qo‘shinida Mirak yasovul ismli kishi to‘pchiboshi vazifasini bajargan. Bu haqda 1582 yil iyulda Janubiy Qozog‘istondagi Sabron qal’asini egallash voqealarida ma’lumot uchraydi. Shu yilning avgustida Yassi qal’asini egallashda Qarog‘oziy va Jahongiriy singari to‘pchilarning nomi tilga olinadi.

XVII asrning ikkinchi yarmidan Abdullaxon II qo‘shinida chet elda ishlab chiqarilgan kichik to‘plar kiritildi.

To‘p yasash

Bobur to‘p yasalishini shunday ta’riflaydi: eritilgan mis tarnov orqali maxsus qolipga quyilgan, uning sovishi va qotishi bir-ikki kun kutilgan. Otish oldidan nilga, ya’ni stvolga zarur vaziyat yaratish va o‘t ochilganda vujudga keladigan og‘irlikni yerga uzatish uchun to‘p maxsus moslama yoki aravalarga o‘rnatilgan. Bir-biriga biriktirilgan aravalarga uchoyoq – sepoyalar ham o‘rnatilgan. Shu davrga oid ba’zi miniatyuralarda to‘plar yog‘ochdan yasalgan to‘rt g‘ildirakli bo‘lganligi aks etgan.

Gʻirot qal’asi qamali uchun yetti to‘p

Tarixchi Hofiz Tanish o‘z asarida o‘zbek sultonlari qo‘shini tarkibidagi to‘fangdozlar va otashbozlar – o‘t otuvchilarni bir necha marta qayd etgan. 1587 yilda Abdullaxon buyrug‘i bilan Gʻirot qal’asi qamali uchun yettita to‘p quyiladi. Bu to‘plardan 2-3 botmon, ya’ni taxminan 50 kg.dan 80 kg.gacha og‘irlikdagi toshlarni otish mumkin bo‘lgan. Bu haqda Eron shohi Abbosga uning huzuridagi rus elchisi Grigoriy Vasilchikov xabar yetkazadi. Ya’ni 1588 yil Abdullaxon ibn Iskandarxon qo‘shini tomonidan Hirotning zabt etilishi chog‘ida o‘zbeklar o‘t yog‘dirib jangga kirganligini, ularda to‘fang ham, zambarak ham bo‘lganligini aytadi.

To‘plarni otishga tayyorlash juda ko‘p mehnat va vaqtni talab qilganligi bois, jang paytida undan 5, 6 marta otilgan. Toshlar ikki ming qadamgacha uchib borgan.

Neft

O‘t otuvchilarning yoqilg‘isi neft edi. O‘sha davr tarixchilarining xabar berishicha, bu ish bilan neft savdogarlari shug‘ullangan. Ular neftni echki terisidan tikilgan meshlarda olib kelishgan. Qo‘shin safidagi neft va tosh uloqtiruvchi to‘plar shahar devorlari va qal’alarni ishg‘ol yoki qamal qilishda qo‘llanilgan.

Doruxona – porox ombori

«Abdullanoma»da o‘tochar qurollarga doir yana bir muhim ma’lumot keltiriladi. Muallif ikki qavatli hujralardan iborat porox ombori – doruxonada kutilmaganda o‘t tushib yirik portlash sodir bo‘lgani va bu hodisa dahshatli halokatga olib kelganini tasvirlaydi. Bu 1586 yilda sodir bo‘lgan edi.  Porox ombori bozor yonida joylashganligi tufayli ko‘plab odamlar, shu jumladan hunarmandlar halok bo‘ladi.

HIMOYA ASLAHALARI

Manbalarda ma’lum bo‘lishicha, Buxoro xonligi jangchilarining deyarli barchasi qurol-aslaha va harbiy kiyim-bosh bilan ta’minlangan. Ammo ilk davrlarda, ya’ni dashti qipchoq askarlari Movarounnahrga endigina kirib kelganlarida ularning hammasida ham sovut va himoya kiyimlari bo‘lmagan. Oddiy jangchilar metall sovutlarni sotib olishga qurbi yetmaganligi uchun himoya kiyimlarini charm yoki namatdan tayyorlaganlar. Nomdor jangchilarning himoya aslahalari halqa-parchinli sovutlar, yumaloq dubulg‘alar, burqa – yuzni himoya qiluvchi niqoblar, tirsakbandlar, oyoqni himoya qiluvchi vositalar va qalqonlardan iborat bo‘lgan.

Keyinchalik hunarmand ustalarning mehnati tufayli qo‘shin barcha zarur himoya vositalari bilan ta’minlangan. Bu haqda Hofiz Tanish al-Buxoriyning «Abdullanoma»sida va boshqa asarlarda ma’lumotlar uchraydi.

Sovut va zirhlar

Sovut va zirhlar – jiba, javshan, baktar jangchi tanasini o‘q-yoy va o‘qotar qurollardan himoya qilgan. Sovut simdan to‘qilib, ichki tomoni mato bilan qoplangan. Manbalarda Muhammad Shayboniyning sovuti temirdan yasalganligi va qora rangda bo‘lganligi, uning o‘zi ham sovut yasashni bilganligi haqida ma’lumotlar mavjud.

Baktar, ko‘krakpo‘sh va yelkapo‘shlar sovutning keng tarqalgan turi bo‘lib, ular temir parchinlardan 3-9 qator terib tayyorlangan. Temir sovutlar oftobda tez qizib ketganligi bois uning ichidan hafton, deb nomlangan maxsus kamzul kiyilgan. Boshqalardan ajralib turish uchun uning rangi qizil bo‘lgan. Yoy va to‘fang o‘qlaridan himoya qiluvchi javshan temir va po‘latdan yasalgan. Shayboniylar qo‘shinida ­xitoy javshani bilan ta’minlangan askarlar ham ko‘pchilikni tashkil etgani haqida ma’lumotlar bor.

Urush kiyimisiz

Yuzma-yuz janglarda bu himoya kiyimlarining ahamiyati katta edi. «Abdullanoma»da qayd etilishicha, Abdullaxon qo‘shinida uzoq yillar to‘pchiboshi lavozimida xizmat qilgan, ko‘p janglarda g‘alabaga hissa qo‘shgan Ustod Ruhiy 1579 yilgi janglardan birida urush kiyimini kiymay jangga kirganligi uchun nayza zarbidan halok bo‘ladi.

Chapar va to‘ra

Chapar, ya’ni sipar va to‘ra yirik qalqon turi hisoblanib, asosan, mudofaa janglarida, maxsus mudofaa o‘ralari – okoplarda qo‘llanilgan. Ba’zan chaparlar bir-biriga bog‘lanib, dushmanning yomg‘ir kabi otilgan o‘qlari va toshlardan himoya qiladigan to‘siq vazifasini ham bajargan.

To‘ra odam bo‘yi baravar yog‘ochdan yasalgan qalqon bo‘lib, uning usti to‘qilgan sim bilan qoplangan. Bu kabi yirik qalqonlar piyodalarning, kichik qalqonlar otliqlarning himoya vositasi bo‘lgan.

Dubulg‘a

Boshni himoya qiluvchi dubulg‘alar mustahkam temir yoki po‘latdan yasalib, uning ichi kigiz bilan qoplangan. Sarkardalarning dubulg‘alari tabiiy ravishda oddiy askarlarnikidan farqlangan. Ular jezdan yasalgan uzun uchli dubulg‘alar – xudlar kiyib jangga kirganlar.

Qurollar o‘z egalarining qaysi tabaqa yoki qo‘shinga mansubligini ham yaqqol namoyon etgan.

Bargustivon, kejim

Qo‘shinning asosiy jangovar qismini suvoriylar tashkil etib, ular har qanday jang taqdirini hal qilgani tufayli shayboniylar lashkarida ham otlarga alohida e’tibor berilgan. Jangda otlar o‘q, qilich yoki nayza zarbiga uchramasligi uchun usti maxsus yopinchiq – bargustivon, kejim bilan yopilgan. Simdan to‘qilgan bu yopinchiqlarning ba’zi turlari Yevropadan keltirilib, farangiy, deb atalgan.

Qurol-yarog‘ ustaxonalari

XVI asrga oid yozma manbalarda qurol-yarog‘ va himoya vositalari tayyorlashga, ishlab chiqarishga ixtisoslashgan bir necha samarqandlik ustalar nomlari keltiriladi. Qurolsoz ustalarga bolalarning shogird tushishi munosabati bilan tuzilgan «Majmuai vasoyiq» deb atalgan bitimlar to‘plamida jibatob usta va shogirdlar orasida tuzilgan bir qancha shartnomalar mavjud. Samarqandda imzolangan ushbu bitimlardan birida Mulla Temur Mulla Jonmuhammad o‘g‘li ukasi Ibodullani ikki yil ichida qurolsoz ustalar uning muvaffaqiyatlarini e’tirof etadigan darajada qurol-aslaha tayyorlash san’atini o‘rgatish sharti bilan Ustoz Muhammad Mo‘min jibatob (sovut yasovchi usta)ga shogirdlikka beradi. Yana bir bitimda Ustoz Navro‘z jibatob to‘rt yil ichida o‘z hunarini Shohmuhammad Ustoz Ramazon o‘g‘liga o‘rgatishi yozilgan.

Samarqandlik qurolsoz ustalarning bolalar va o‘spirin yigitlarni shogirdlikka olishi bu shaharda va katta ehtimol bilan Movarounnahrning boshqa yirik shaharlarida ko‘plab qurol-yarog‘ ustaxonalari bo‘lgani va qurol ishlab chiqarish sezilarli darajada rivojlanganidan dalolat beradi.

YORDAMCHI ASLAHALAR

Xuddi bugungidek jang taqdirini hal qilishda qurol-yarog‘lardan tashqari yordamchi aslahalar ham muhim o‘rin tutgan. Bugun jangchilarning yordamchi aslahalari ta’minotning bir necha turiga bo‘linib, har biri bilan alohida mutaxassislar shug‘ullansa, qadimda jang, qamal, mudofaa uchun zarur buyumlar ta’minoti va ularni olib yurish askarlar zimmasida bo‘lgan.

Safar qopi – partol

Hozir safar qopi deb ataladigan maxsus qop shayboniylar davrida partol deb nomlangan. Unda chodir, qo‘y yoki echki terisidan tayyorlangan po‘stak, ko‘rpa-to‘shak va boshqa maishiy asboblar olib yurilgan.

Qur – ko‘chma ombor

Qo‘shin bilan birga yuradigan ko‘chma ombor qur, deb atalgan. Unga javobgar shaxsni qurchi yoki qurboshi, deyishgan. Ko‘chma ombor – qurda kechuvlar uchun sollar, qal’a qamali uchun turli uzunlikdagi narvonlar, qop, ketmon, kurak, arra, o‘roq, bolta, bigiz, qozon, arqon, mesh, tarozi kabi zarur buyumlar saqlangan.

Ko‘zalardagi neft

Qal’alar qamali chog‘ida belkuraklar bilan devor ostidan lahmlar kovlangan, ko‘zalarga neft to‘ldirib, portlatish uchun lahmlarga qo‘yilgan.

Narvonlar

Shoti va bir-biriga biriktiriladigan ulama narvonlar 2-3 kishi yonma-yon chiqa oladigan darajada enli bo‘lganligi qayd etiladi manbalarda. Ularning soni qo‘shinga yetarli darajada bo‘lganligini Gʻiyosiddin Xondamirda o‘qiymiz. Uning yozishicha, bir qal’ani egallashda 60-65 shoti qo‘yib qal’a devoriga chiqilgan va bu shiddat bilan hujum qilish imkonini yaratgan.

Ug‘ruq

Qo‘shin ortidan doimiy ravishda ug‘ruq – xon va sultonlar oila a’zolari va ularning anjomlari, shuningdek, zarur zaxira ortilgan maxsus karvon yurgan. Ularni maxsus bo‘linma qo‘riqlagan.

Kechuv

Daryo kechuvlari sol va gupsarlarda amalga oshirilgan. Gupsar – damlangan mesh bo‘lib, u echki terisidan tayyorlangan. Qurol-yarog‘lar kechuvda kigizga o‘ralib, ot dumiga bog‘lab ham olib o‘tilgan. Qo‘shinda bu ishga jolabon, deb ataladigan solchi mas’ul bo‘lgan.

Xulosa qilib aytganda, shayboniylar davri, ya’ni XVI asrda Buxoro xonligida harbiy qurollarning 30 dan ortiq turlari mavjud bo‘lib, qo‘shin zarur barcha qurol va aslahalar bilan to‘liq ta’minlangan.

Furqat ERGASHYEV tayyorladi.