«Gʻalaba bog‘i». Urush davri manzaralari, harbiy texnikalar, okop va boshqa lavhalar aks etgan yaxlit kompozision majmua. Bu yerga poytaxtning 300 nafardan ortiq maktab o‘quvchilari tarix qatlaridagi tilsimlarni o‘rganish uchun jam bo‘lgan. Bog‘ favvorasi yonida mehmonlarni Mudofaa vazirligi Ma’naviyat va ma’rifat markazining orkestr jamoasi kuy-sadolar ostida kutib oldi.

Tarixiy va madaniy meros, umuminsoniy qadriyatlarni yoshlar ongiga singdirish tashabbusi – Mudofaa hamda Xalq ta’limi vazirliklari hamkorligining mahsuli. «Shon-sharaf» muzeyiga kirish avvalida uch avlod vakillari bir davrada uchrashdi.

Mudofaa vazirligi faxriylar ishlari bo‘yicha markaziy kengashi a’zolari iste’fodagi polkovnik Rahmatilla Toshxo‘jayev hamda iste’fodagi podpolkovnik Zokirjon O‘rinov o‘quvchilarga minglab vatanparvar ajdodlar xotirlanadigan ushbu qadamjoda ularni doimo hurmat-ehtirom bilan yodga olish kerakligini ta’kidlab, ibratli hayotiy voqealardan so‘z ochdi. Uchrashuvdan ilhomlangan Olmazor tumanidagi 15-umumta’lim maktabi o‘quvchisi Muslima Gʻayratova «Tutqunlikda qolgan askar nolasi» she’rini o‘qib berdi.

Mudofaa vazirining madaniyat ishlari bo‘yicha maslahatchisi, majmua boshlig‘i polkovnik Shuhrat Yusupov boshchiligida bir guruh ekskursovodlar muzeydagi arxiv hujjatlari, shu kungacha saqlanib kelinayotgan nodir ashyolar, osori atiqalar, Ikkinchi jahon urushi qahramonlari, ularning jasorati va matonati to‘g‘risida so‘z yuritdi. Bog‘ ko‘shki va muzey bo‘ylab sayohat o‘quvchilar qalbida nechog‘li taassurot qoldirganini ularning yuz-ko‘zidan anglasa bo‘ladi.

 Dilshod SHUHRAT o‘g‘li