Yurtimizda amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari kundan kunga mamlakatimiz hududlarining chiroyiga chiroy qo‘shib bormoqda. Yaqinda Jizzax shahrida qurilib foydalanishga topshirilgan zamonaviy harbiy shaharcha mirishkor viloyat aholisi va armiyamiz uchun o‘ziga xos sovg‘a bo‘ldi.

Kuni kecha Mudofaa vazirligi huzuridagi Jamoatchilik kengashi a’zolari «Olmachi» mahallasida joylashgan harbiy qismda mehmon bo‘lib, bu yerda harbiy xizmatchilar va ularning oila a’zolari uchun yaratilgan shart-sharoitlar bilan yaqindan tanishdi. Harbiy qismda tashkillashtirilgan majmuaviy tadbirlarda ishtirok etishdi.

Jamoatchilik kengashi delegasiyasi mezbonlar tomonidan bayramona tarzda kutib olindi. Shundan so‘ng qism komandiri mehmonlarni harbiy xizmatchilar uchun qurilgan yotoqxona, kutubxona, turli sport musobaqalarini o‘tkazishga mo‘ljallangan stadion, o‘quv sinflari, sport zali, oshxonada yaratilgan sharoitlar bilan yaqindan tanishtirdi. Harbiy qismda yaratilgan shart-sharoitlar bilan tanishish davomida faxriy harbiy xizmatchilar Jamoatchilik kengashiga hamrohlik qildi.

Zamonaviy yangi maskanga taklif etilgan Mudofaa vazirligi tasarrufidagi Jizzax Temuriylar izdoshlari nodavlat ta’lim muassasasi tarbiyalanuvchilari va yoshlar o‘ziga xos unutilmas taassurotlar guvohiga aylanishdi. Ular Vatan himoyasiga bel bog‘lagan akalaridan jangovar texnika va qurol-aslahalardan foydalanish borasida qimmatli bilimlarga ega bo‘ldilar.

Jamoatchilik kengashi delegasiyasi «Besh tashabbus», «Uch avlod uchrashuvi» kabi majmuaviy tadbirlar, Jizzax viloyati «Tadbirkor ayol» va «Hunarmandlar» uyushmasi a’zolarining ko‘rgazmali namoyishiga guvoh bo‘lishdi. Shuningdek, harbiy qismga taklif etilgan badiiy, tasviriy san’at, sport to‘garaklari hamda turli o‘quv markazlarida yoshlar uchun yaratilgan imkoniyatlar bilan yaqindan tanishdilar.

Zamonaviy bunyodkorlik namunasi bo‘lgan harbiy qismning muhtasham majlislar zalida uyushtirilgan dastur tadbirning eng hayajonli daqiqalari bo‘ldi, desak, adashmaymiz. Negaki, majlislar zalida yig‘ilganlar bolajonlar tomonidan tayyorlangan bayramona konsert dasturlari, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi hamda Jizzax viloyati bo‘limi a’zolari ishtirokida «Adiblar bilan uchrashuv», «Eng yaxshi harbiy kitobxon oila» ko‘rik-tanlovining garnizon bosqichi g‘oliblarini taqdirlash marosimi kabi bir-biridan mazmunli lahzalarni tomosha qildilar. Ayniqsa, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi Botir Ergashev hamda «Mard o‘g‘lon» mukofoti sovrindori, jizzaxlik yosh ijodkor Sayfiddin Okanovning ona yurtimizni madh etuvchi vatanparvarlik ruhiga yo‘g‘rilgan she’rlari barchaning olqishiga sazovor bo‘ldi.

– Jamoatchilik kengashi tarkibida ushbu harbiy shaharchada ko‘rganlarimizdan Sohibqiron Amir Temurning «Kimki bizning qudratimizga shubha qilsa, biz qurgan imoratlarga boqsin» degan so‘zlari yodimga tushdi. Shundoqqina tog‘ yon bag‘rida dam olish maskaniga monand qurilgan bu joyni bir qarashda harbiy shaharcha deb o‘ylamaysiz. Yotoqxona, kutubxona, turli sport musobaqalarini o‘tkazishga mo‘ljallangan stadion, o‘quv sinflari, sport zali, oshxona – bularning barchasi xalqimizning takrorlanmas bunyodkorligidan dalolat beruvchi o‘ziga xos majmualardir. Yurt go‘zalligini aks ettiruvchi bunday bunyodkorlik ishlari o‘zim singari har bir ijodkorga ilhom bag‘ishlovchi omil bo‘lib xizmat qiladi, – deydi O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi o‘rinbosari, shoir Botir Ergashev.

Tadbir yakunida «Eng yaxshi harbiy kitobxon oila» tanlovi g‘oliblariga, harbiy qism kutubxonasiga hamda «Temurbeklar izdoshlari» o‘quvchilariga Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi tomonidan 120 ta badiiy va ilmiy adabiyot sovg‘a qilindi. Yurtimizda har yili oktyabr oyining birinchi haftasi «Keksalar haftaligi» sifatida nishonlanadi. Ushbu sana munosabati bilan harbiy qismga harbiy xizmatchilar va ularning oila a’zolari bilan o‘tkaziladigan ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarda faol ishtirok etib kelayotgan nafaqadagi harbiy xizmatchilar, nuroniy otaxon va onaxonlar ham taklif etilib, ularga O‘zbekiston Faxriylarining ijtimoiy faoliyatini qo‘llab-quvvatlash «Nuroniy» jamg‘armasi tomonidan faxriy yorliq va esdalik sovg‘alar taqdim etildi. O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federasiyasi kengashi tomonidan harbiy qism moddiy-texnik bazasini yanada mustahkamlash maqsadida «Roison» televizori sovg‘a qilindi.

Ha, haqiqatan ham Jizzaxda bunyod etilgan harbiy shaharchani bugungi kunda milliy armiyamizda olib borilayotgan islohotlarning samarasi sifatida baholash mumkin. Shaharchaning jamiyatdagi mavqei qanchalik yuqori ekanligini, viloyat ko‘rkiga ko‘rk qo‘shganligi ayni haqiqat. Xalqimizning bunyodkorligida, shoirlarimizning she’rlarida tilga olingan Vatan yurtimizda qad rostlayotgan ana shunday muhtasham binolarda o‘z aksini topaversin.

Sodiq o‘g‘lingman, Vatan,

Fido senga jon va tan.

Agar sodiq bo‘lmasam,

Bir qadam uchoqqacha.

 

Vatan nedir – so‘zim shu,

Tug‘ilmoq shu, o‘lim shu,

Mening umr yo‘lim shu

Tuproqdan tuproqqacha.

 

Asror RO‘ZIBOYEV, «Vatanparvar»