2020 yil 25 avgust kuni «O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining harbiy xizmatni o‘tash tartibi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasining Qonuni qabul qilindi.

Qonun xorijiy davlatlar tajribasi va o‘zimizdagi amaliyotdan kelib chiqib, 2019 yilda respublikamiz fuqarolarining harbiy xizmatni o‘tash tartibi hamda oliy ta’lim muassasalarining harbiy tayyorgarlik o‘quv bo‘linmalarida rezervdagi va zaxiradagi ofiserlarni tayyorlash tizimi takomillashtirilishi asosida ishlab chiqildi.

Ushbu Qonun bilan O‘zbekiston Respublikasi:

«Umumiy harbiy majburiyat va harbiy xizmat to‘g‘risida»gi Qonunining – 15 ta moddasiga;

«O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari rezervidagi xizmat to‘g‘risida»gi Qonunining – 2 ta moddasiga o‘zgartirishlar kiritildi.

Qonunning mazmun-mohiyati va ahamiyati quyidagilardan iborat:

birinchidan – harbiy xizmatga qabul qilish va harbiy xizmatdan bo‘shatish mezonlari aniq belgilab berildi (24, 29-moddalar).

Shuningdek, oliy harbiy ta’lim muassasalarining kursantlari lavozimlariga qabul qilinishdagi yosh syenzlari 17 (o‘n yetti) yoshdan 23 (yigirma uch) yoshgacha (ilgari 21 yoshgacha bo‘lgan) ko‘tarildi. Shuningdek, 26 (yigirma olti) yoshgacha bo‘lgan (ilgari ushbu norma bo‘lmagan) va oliy harbiy ta’lim muassasalarida o‘qish istagini bildirgan O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim muassasalarining talabalari oliy harbiy ta’lim muassasalarining kursantlari lavozimlariga o‘qishga qabul qilinish­lari to‘g‘risidagi norma kiritildi (24-modda).

O‘qishning ikkinchi yilida oliy harbiy ta’lim muassasasidan chetlashtirilgan kursantlar (bundan intizomsizligi va sog‘lig‘ining holatiga ko‘ra o‘qishdan chetlashtirilganlar mustasno) oddiy askar va serjantlar tarkibi lavozimlarida kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatga kirishi mumkinligi belgilandi (28-modda oltinchi qism bilan to‘ldirildi);

ikkinchidan – serjant unvoni o‘rniga yangidan kiritilgan I, II, III darajali serjant unvonlari hamda kema tarkibidagi unvonlarda bo‘lgan o‘zgarishlar qonunda aks ettirildi (9-modda);

uchinchidan – harbiy kiyim-kechakda yurish tartib-qoidalarini belgilash vakolatini kuch tuzilmalari mavjud vazirliklar, davlat qo‘mitalari va idoralarning rahbarlariga berildi (11-modda);

to‘rtinchidan – oliy ta’lim muassasalarida rezervdagi va zaxiradagi ofiserlarni tayyorlash harbiy tayyorgarlik o‘quv markazlari va kurs­larida olib borilishi mumkinligi belgilandi (Umumiy harbiy majburiyat va harbiy xizmat to‘g‘risidagi Qonunning 16-moddasi; O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari rezervidagi xizmat to‘g‘risidagi Qonunning 4, 8-moddalari);

beshinchidan – harbiy xizmatni o‘tash bilan bog‘liq yo‘nalishdagi qonun hujjatlarida qo‘llaniladigan tushuncha, atama va nomlanishlar bir xil talqinga keltirildi.

Shunday qilib, «O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining harbiy xizmatni o‘tash tartibi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi Qonunning qabul qilinganligi yurtimiz fuqarolari tomonidan harbiy xizmatni o‘tashga bo‘lgan qiziqishlari yanada ortishiga, yurtimizda harbiy xizmat nufuzining oshishiga, Qurolli Kuchlarimiz safi vatanparvar, mard, jasur, tashabbuskor va sadoqatli fuqarolar bilan butlanishiga, kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatchilar ijtimoiy himoyalanishi natijasida Vatanimiz mustaqilligini, uning sarhadlarini, xalqimizning tinchligi va osoyishtaligini, milliy manfaatlarimizni har qanday sharoitlarda ham muhofaza qilishga tayyor turishini, bu esa milliy xavfsizligimizni ta’minlash uchun asosiy omil hisoblangan Qurolli Kuchlar jangovar shayligining yanada mustahkamlanishiga xizmat qiladi.

Podpolkovnik Maqsud ISAKOV