«GʻALABA BOGʻI» – XALQIMIZ QAHRAMONLIGINI AKS ETTIRGAN YAXLIT MAJMUA

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 23 oktyabrdagi «Ikkinchi jahon urushida qozonilgan Gʻalabaning 75 yilligini munosib nishonlash to‘g‘risida»gi qarori asosida Toshkent shahrining Olmazor tumanida «Gʻalaba bog‘i» yodgorlik majmuasi hamda uning hududida «Shon-sharaf» davlat muzeyi bunyod etilgan edi.

Ikkinchi jahon urushida qozonilgan g‘alabaning 75 yilligiga bag‘ishlab barpo etilgan «Gʻalaba bog‘i» memorial majmuasi joriy yilning 9 may sanasida tantanali ravishda ochildi. Mamlakatimiz va butun dunyoda kuzatilgan koronavirus pandemiyasi tufayli ommaviy tadbirlar bekor qilingani bois, ushbu bog‘ va muzey ham faoliyatini vaqtinchalik to‘xtatib turgandi.

O‘zbek xalqining Ikkinchi jahon urushi yillaridagi shonli tarixini, ona xalqimizning qahramonligini yaxlit aks ettirgan ushbu majmua o‘z ish faoliyatini boshlamoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining g‘oyasi va tashabbusi bilan innovasion texnologiyalar asosida, O‘zbekiston xalqining Ikkinchi jahon urushidagi beqiyos jasoratini abadiylashtirish maqsadida bunyod etilgan «Gʻalaba bog‘i» yodgorlik majmuasi va «Shon-sharaf» davlat muzeyi ekspozisiyalari xalqimizning urush yillarida ko‘rsatgan mardlik va matonatini, yuksak insoniy fazilatlarini namoyon etish hamda yosh avlodni ona Vatanga sadoqat ruhida tarbiyalashga xizmat qiladi.

«Gʻalaba bog‘i»ning umumiy maydoni 14,6 gektar. Majmua ramziy 12 ta hududga bo‘lingan bo‘lib, kirish qismi, urushning dahshatli qiyofasi, markaziy xiyobon, harbiy texnikalar maydonchalari, temir yo‘l vokzali, front orti hududi, amfiteatr va ma’muriy bino, motam va anduh hududi, shodu xurramlik hududi, g‘alaba hududi, «Shon-sharaf» davlat muzeyi va shukronalik hududidan tashkil topgan.

Bog‘da urush va uning oqibatlari, urush davri manzaralari, jumladan okop va blindajlar, palatkalar, dala oshxonalari va boshqa lavhalar aks etgan majmuada o‘sha davrdagi harbiy texnika va qurol-yarog‘lar, O‘zbekiston xalqining front va front ortida ko‘rsatgan jasorati, mashaqqatli mehnati, qayg‘ualami, shuningdek, erishilgan buyuk g‘alabaga qo‘shgan ulkan hissasi ifodalangan.

Bog‘ning «Matonat madhiyasi» majmuasida butun o‘zbek ayollarining sadoqati ramziga aylangan zangiotalik Zulfiya Zokirova va uning urushda halok bo‘lgan besh o‘g‘lining vafodor rafiqalari siymosi aks etgan.

«Ko‘z yoshi» majmuasi urushning mudhish­ligi, millati va dinidan qat’i nazar, barcha odamlar birligi ramzini ifodalaydi.

«Shon-sharaf» davlat muzeyining yuqori qismida Ikkinchi jahon urushida qatnashgan 301 nafar qahramonimiz sharafiga ekilgan daraxtlar, shuningdek, «Mangu jasorat» deb nomlangan majmuada afsonaviy o‘zbek generali Sobir Rahimov va barcha o‘zbekistonlik botir jangchilarning so‘nmas xotirasi ifodalangan.

Bu majmua bizni bugungi tinchlik-osoyishtalik, musaffo osmon, farovon hayot qanchalik bebaho ne’mat ekanligini, uni ko‘z qorachig‘idek asrab-avaylash muqaddas burch ekanligini anglatadi.

«Gʻalaba bog‘i» yodgorlik majmuasi rahbariyati barcha yurtdoshlarimizni Ikkinchi jahon urushi davridagi shonli tariximiz aks etgan mazkur maskanga taklif etadi.

Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy

kommunikasiyalar departamenti