Globallashuv muhitida mamlakatlar o‘rtasida barcha sohalarda hamkorlik aloqalari rivojlanib borayotgan bir vaqtda har bir xalq, har qaysi davlat milliy manfaatlarini ta’minlash, bu borada, avvalo, o‘z madaniyatini, azaliy qadriyatlarini, ona tilini asrab-avaylash va rivojlantirish masalalariga ustuvor ahamiyat qaratishi tabiiy.

Ona tilimizga bo‘layotgan e’tibor va uning tom ma’noda davlat tili sifatidagi mavqeini yuksaltirish yo‘lida mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar bizga o‘zbek tiliga bo‘lgan munosabatimiz haqida yana bir karra jiddiy o‘ylab ko‘rish, ona tilimizga chetdan bir qur nazar tashlash, tahlil va tafakkur etish imkoni va mas­’uliyatini beradi.

Mamlakatimizda davlat tilini rivojlantirish va uni barcha jabhalarga keng joriy etish borasidagi ishlarga e’tibor so‘nggi yillarda g‘oyat oshdi. O‘tgan bir yil oralig‘ida amalga oshirilgan ishlar to‘g‘risida so‘z ketganda, ko‘pchilikning e’tiborini tortgan muhim bir o‘zgarishni qayd etish o‘rinli. Ilgari davlat tiliga bag‘ishlangan gap-so‘zlar, tadbirlar, ommaviy axborot vositalaridagi chiqish­lar asosan, «Davlat tili haqida»gi qonun qabul qilingan kun – 21 oktyabr oldidan ko‘payar edi-yu, keyin go‘yo bu masala deyarli unutilar edi. Endilikda bu yo‘nalishdagi ishlar mamlakatimizda tobora keng ko‘lam va muntazamlik kasb etib bormoqda.

Buni, avvalo:

ommaviy axborot vositalari – teleradiokanallar, gazeta-jurnallar, ijtimoiy tarmoqlarda, jumladan, Davlat tilini rivojlantirish departamentining rasmiy sayti va uning ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida davlat tilini targ‘ib qilish, muammolar va kamchiliklar haqida tanqidiy-tahliliy chiqishlar sezilarli darajada ko‘payib, jamoatchilikning e’tibor va e’tirofiga sazovor bo‘layotganida;

barcha bo‘g‘indagi maslahatchilar hamkor tashkilotlar vakillari bilan birgalikda joylarda reklamalar matnlari, peshlavhalar, joy nomlarini davlat tiliga va reklamaga oid qonunlar talablariga mosligi yuzasidan birma-bir xatlovdan o‘tkazib, tegishli chora-tadbirlar ko‘rayotganida;

davlat tilini rivojlantirish, amaliyotda qo‘llash, faol o‘rganish, o‘zbek tilining ilmiy asoslarini yanada mustahkamlashga bag‘ishlangan turli tanlovlar, jumladan, ilmiy ishlar uchun grant tanlovlari o‘tkazilayotganida, yangidan yangi kitoblar, lug‘atlar, qo‘llanmalar nashr etilayotganida, ularning elektron shakllari internet tarmog‘iga joylanib, minglab-millionlab muxlislar tomonidan faol foydalanila boshlaganida ko‘rish mumkin.

E’tibor bering, hukumatimiz tomonidan deyarli bir yil ichida qonun hujjatlarini takomillashtirish borasida davlat tilini rivojlantirishga qaratilgan 1 ta qonun va Vazirlar Mahkamasining 9 ta qarori qabul qilindi.

Tilimiz rivoji uchun sarmoya kirituvchi maxsus tashkilot tuzilgani ham e’tiborga molik voqeadir. Xususan, Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 10 fevraldagi «O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzurida O‘zbek tilini rivojlantirish jamg‘armasining faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida»gi qarori bilan maxsus jamg‘arma tashkil etildi. Bu jamg‘arma mablag‘lari o‘zbek tilini rivoj­lantirish bo‘yi­cha tashab­buslarni qo‘llab-quvvatlash, shu maqsaddagi loyihalarga grantlar ajratish, kitoblar, qo‘llanmalar, lug‘atlar va boshqa noshirlik mahsulotlari chiqarish, ilmiy tadqiqotlarni, shuning­dek, tilimizni rivojlantirishga oid media mahsulotlar, kompyuter dasturlari, mobil ilovalar va boshqa elektron materiallarni tayyorlash ishlarini qo‘llab-quvvatlashga sarflanadi. Bundan tashqari, o‘zbek tilining xalqaro mavqeini mustahkamlash maqsadida ona tilimizdagi materiallarni chet mamlakatlardagi o‘zbek tilini o‘rgatish markazlariga, vatandoshlarimizga yetkazib berishdek xayrli ishlarga yo‘naltiriladi.

Davlat tilini rivojlantirish uchun mas’ul bo‘lgan mutasaddi tashkilot tomonidan geografik ob’yektlar nomlari sohasida ham salmoqli ishlar amalga oshirildi. Xususan, 2020 yilning o‘tgan davrida xalq deputatlari viloyat, tuman (shahar) kengashlarining tegishli qarorlari bilan tasdiqlangan 15 062 ta geografik ob’yekt nomi ekspertizadan o‘tkazilib, ularning 7 745 tasi davlat reyestri bazasiga kiritildi. 3 366 tasi qonun hujjatlari talablariga nomuvofiq deb topilib, hududiy komissiyalarga qaytarildi, hozirgi kunda 3 951 ta nom ekspertlar tomonidan ko‘rib chiqilmoqda.

Tizimli ishlarning davomi sifatida til jonkuyarlari va mas’ullari tomonidan yurtimizning barcha hududida «Davlat tili haqida»gi, «Geografik ob’yektlarning nomlari to‘g‘risida»gi va «Reklama to‘g‘risida»gi qonunlar ijrosi o‘rganib chiqildi. O‘rganishlar davomida Toshkent shahridagi tashqi reklamaning 17 foizi davlat tilida, 83 foizi aralash tillarda ekani aniqlandi. Davlat tili to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga zid, reklama qonunchiligiga mos kelmaydigan 2 mingdan ortiq peshlavhalar olib tashlandi.

Ilmiy faoliyatni muvofiqlashtirish yo‘nalishidagi ishlar to‘xtab qolgani yo‘q. Hozirgi kunda tilshunos olimlar va soha jonkuyarlari tomonidan bir qator ilmiy-amaliy asarlar ustida ish olib borilmoqda.

Ona tilimiz rivoji va targ‘iboti yo‘lida respublikamiz hukumati tomonidan xalqaro hamkorlik yo‘nalishidagi faoliyatga ham alohida e’tibor qaratilmoqda. O‘zbek tili bir qator xorij davlatlarining 60 ga yaqin universitetlari va 100 dan ziyod maktablarida o‘rganilmoqda. Mamlakatimizning xorijdagi elchixonalari va diplomatik vakolatxonalari qoshida «O‘zbek tilining do‘stlari» klublari tashkil etilmoqda. Birgina 2020 yilning o‘zida Tashqi ishlar vazirligi orqali xorijdagi 36 ta elchixona va konsulxonaga elektron ko‘rinishda jami 250 nomdagi o‘zbek tili darsliklari, metodik qo‘llanmalar, ilmiy va badiiy kitoblar yetkazib berildi. Shuningdek, Davlat tilini rivojlantirish departamenti boshchiligida AQSH, Turkiya, Ozarbayjon va Ukrainada o‘zbek tilining jozibasi va uni o‘rganish uslublariga bag‘ishlangan 10 ga yaqin vebinar (onlayn-seminar)lar o‘tkazildi.

Yil davomida ona tilimizning targ‘ibot va tashviqot yo‘nalishida juda ko‘plab ishlar amalga oshirilgan bo‘lib, bu faoliyatga ham to‘xtalib o‘tishni lozim deb hisoblayman. 2020 yilning sentyabr oyigacha bo‘lgan tahlillariga ko‘ra, o‘zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeini tubdan oshirishga qaratilgan islohotlar samaradorligi bo‘yicha ommaviy axborot vositalari va internet tarmog‘ida jami 505 ta material e’lon qilingan bo‘lib, ularning 161 tasi (32 foiz) bosma nashrlar, 201 tasi (40 foiz) teleradiokanallar va 143 tasi (28 foiz) internet tarmog‘i hissasiga to‘g‘ri keladi.

O‘zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzini oshirish, davlat tilini milliy qadriyat sifatida targ‘ib qilish, unga nisbatan milliy g‘urur hissini tarbiyalash, tilimizning xalqaro mavqeini mustahkamlash, davlat tiliga oid muammolarni hal etishga ijodiy yondashuvni rivojlantirish maqsadida ilmiy-ijodiy ishlar tanlovlari hamda Innovasion rivojlanish vazirligi bilan hamkorlikda tilimiz rivojiga qaratilgan 4 ta yo‘nalish bo‘yicha grant e’lon qilingan. Mazkur tanlov g‘oliblari 21 oktyabr – O‘zbek tili bayrami kuni arafasida aniqlanib, O‘zbek tilini rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan taqdirlanadilar.

E’tibor bergan bo‘lsangiz, soha mutasaddilari tomonidan bir yil ichida o‘zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeini oshirish yo‘lida tahsinga sazovor ishlar amalga oshirilgan. Ona tilimizning targ‘ibotchisi sifatida tilimiz nufuzi va mavqeini ko‘tarish borasidagi ishlarning kelgusi yaqin istiqbol ichida tizimli ravishda davom ettirilishini ishonch bilan ta’kidlab o‘tmoqchiman.

Yana bir gap, joriy yilning 7 oktyabr kuni Vazirlar Mahkamasining «O‘zbek tili bayrami munosabati bilan tashkil etiladigan umumxalq bayram tadbirlariga tayyorgarlik ko‘rish va o‘tkazish to‘g‘risida»gi bayoni qabul qilindi. Bayon bilan o‘zbek tili bayrami kunini respublikamiz bo‘ylab keng nishonlash bo‘yicha chora-tadbirlar dasturi, media-reja hamda bayram tadbirlarining namunaviy ssenariysi tasdiqlandi. Demak, O‘zbek tili bayrami kuni umumxalq bayrami sifatida nishonlanishiga yana bir xayrli odim tashlandi.

Qahramon KAMOLOV,

Davlat mudofaa sanoati qo‘mitasi

 raisining maslahatchisi