Shimoli-g‘arbiy harbiy okrugda qo‘shinlardagi eng mas’uliyatli tadbirlardan biri – qurol-yarog‘ va harbiy texnikalarni qishki mavsumda foydalanish rejimiga o‘tkazish ishlari boshlandi.

Ushbu kompleks tadbirlar harbiy texnikalarni yuqori jangovar shaylik darajasida ushlab turish hamda ob-havoning sovuq sharoitida sozligini ta’minlash uchun o‘tkazilmoqda.

Nukus garnizonidagi harbiy qismlarning birida qurol-yarog‘ va harbiy texnikalarni qishki sharoitda foydalanish rejimiga o‘tkazish bo‘yicha ko‘rgazmali mashg‘ulot ham tashkil etildi.

Unda Shimoli-g‘arbiy harbiy okrug qo‘shinlari qo‘mondoni polkovnik Farhodjon Shermatov, okrug qo‘mondonligi hamda Nukus va Urganch garnizonlaridagi harbiy qismlarning mas’ul harbiy xizmatchilari ishtirok etdi.

Tadbirda harbiy texnika va qurol-aslahalarning jangovar shayligini ta’minlash, ularni soz holatda saqlashda ko‘rsatilayotgan texnik xizmatlarning ahamiyati ta’kidlandi. Har bir komandir, har bir harbiy xizmatchi o‘ziga biriktirilgan qurol-yarog‘ va harbiy texnikaning soz va shayligi uchun mas’ul ekanligi eslatildi.

Harbiy qismning jangovar va harbiy texnikalarni saqlash parkida oltita o‘quv nuqtasi tashkil etildi. U yerda qurol-yarog‘ va texnikalarni qishki sharoitda foydalanish rejimiga o‘tkazish ishlarining ahamiyati, texnika xavfsizligi qoidalariga rioya etish, tashkil qilingan postlarda samarali va sifatli ish olib borish, ob-havoning past haroratli sharoitlarida ishlatish qoidalari, birinchi tibbiy yordam ko‘rsatish bo‘yicha mutaxassislar tomonidan yo‘riqnomalar berildi.

Tadbirning ikkinchi qismida harbiy texnika va qurol-aslahalarni mavsumiy rejimda foydalanishda texnik xizmat ko‘rsatish ishlarini ko‘rgazmali mashg‘ulot ishtirokchilarining o‘zlari ham bajarib ko‘rishdi.

Shimoli-g‘arbiy harbiy okrug matbuot xizmati