O‘qish yoki ishdan ortib, ko‘hna va diqqatga sazovor maskanlarga qadam ranjida qilsangiz, tarix va bugunni tutashtirgan majmualarga razm solib, o‘yga cho‘masiz. Muqaddas inshootlar qarshisida turib, bu yorug‘ hayotda o‘zingizdan qanday iz qoldirayotganingiz haqida mushohada yuritasiz. Shuuringizda beixtiyor evrilish sezasiz. Qurolli Kuchlar akademiyasi tomonidan «Er yigitning er yigitga aytar so‘zi ta’sirli bo‘ladi» shiori ostida o‘tkazilgan tadbir ana shunday qadamjolarda o‘tkazildi.

Shayxontohur tumanidagi umumta’lim maktablari hamda o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalari o‘quvchilari hamda Qurolli Kuchlar akademiyasi kursantlari dastlab poytaxtimizdagi «Gʻalaba bog‘i» majmuasida Ikkinchi jahon urushidagi qirg‘inbarot jang-jadallarda o‘zbek xalqining ko‘rsatgan jasorati, matonati va qahramonliklarining yorqin namunalari bilan tanishdi.

Muhtasham bog‘ sahnidagi yodgorlik majmuasi, xususan, ochiq osmon ostida o‘sha davr harbiy texnika va qurol-yarog‘lari, o‘zbekistonlik jangchilarni temir yo‘l vokzali orqali frontga eltgan vagonlar tariximizning bir qismi bo‘lgan urush davrini o‘zida aks ettiradi. O‘quvchilar bog‘ hududida joylashgan «Shon-sharaf» muzeyi ekskursovodlari ko‘magida ushbu maskandagi barcha osoriatiqalar, nodir eksponatlar bilan yaqindan tanishdi.

O‘quvchilar keyingi manzilda Qurolli Kuchlar akademiyasining mehmoni bo‘ldi. Ushbu oliy harbiy ta’lim muassasasida kursantlarga yaratilgan zamonaviy sharoitlarga guvoh bo‘lib, hayrati va havasi oshdi. Ekskursiya chog‘ida akademiya tarixi muzeyi, kutubxona, o‘quv auditoriyalari, sport majmuasi, kursantlar yotoqxonasi tanishtirildi. Akademiya oshxonasida uyushtirilgan tushlik ham yoshlarning yodiga muhrlandi.

«Adiblar xiyoboni»da buyuk ijodkor, mutafakkir bobolarimiz haykali qad rostlagan. Bu maskanda akademiya kursantlari o‘quvchilarga har bir adibning hayoti, ijodiy faoliyati va yurt ravnaqiga qo‘shgan hissasi to‘g‘risida batafsil ma’lumot berdi. Xiyobon bo‘ylab sayr chog‘ida o‘quvchilarni suhbatga chorladik.

– Yigit kishi oila, Vatanining himoyachisi bo‘ladi, – deydi Muhammad Abdullayev. – Insonda avvalo, vatanparvarlik hissini yuksaltiradigan ushbu maskanlarga birinchi marotaba keldik. Ayniqsa, akademiyada sharoitlarni ko‘rib, ona yurtimizga xizmat qilish ishtiyoqi yanada ortdi. Albatta, biz, yoshlarga yaratilgan imkoniyatlardan unumli foydalanib, Vatanimizga munosib farzand bo‘lamiz.

O‘quvchilarning taassurotlarini tinglar ekanmiz, tadbir avvalida ko‘zlangan barcha maqsadlarga erishilganiga amin bo‘ldik.

Dilshod RO‘ZIQULOV