Chirchiq oliy tank qo‘mondonlik-muhandislik bilim yurtining birinchi bosqichiga qabul qilingan kursantlar ishtirokida bilim yurti dala-o‘quv maydonida Axloqiy-ruhiy tayyorgarlik kuni doirasida ko‘rgazmali va amaliy mashg‘ulot bo‘lib o‘tdi.

Poligondagi hayotiy vaziyatlarga mos tarzda jihozlangan turli to‘siqlardan o‘tish, yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan vaziyatlarni bartaraf etish va bu jarayonda harbiy xizmatchilarning psixologik dunyosida kechadigan o‘zgarishlarni tahlil qilish masalalari ko‘rib chiqildi. Vatan himoyasi uchun bel bog‘lagan kursantlarga bilim yurtining yo‘riqchi-o‘rgatuvchilari dastlabki ko‘nikmalarni berishdi.

– Harbiy xizmat, uning mashaqqati va sharafi haqida shu kungacha ko‘p eshitgan, o‘rni kelsa gapirgan edim. Lekin bugun fikrlarim butunlay yangilanib ketdi, – deydi 1-bosqich kursanti Yoqub Majidov. – Chunki bugun o‘sha narsalarning ko‘pini yurakdan o‘tkazdim. Albatta, hali oldinda ko‘p mashaqqat va qiyinchiliklar bor. Bizga umid bildirgan ota-onamiz, yaqinlarimiz va eng muhimi, ona Vatan ishonchini oqlashga butun vujudimiz bilan harakat qilamiz.

Qat’iy rejaga asoslangan kun tartibi bo‘yicha o‘tayotgan har bir kun kursantlar uchun tajriba maktabi bo‘lmoqda.

Mayor Aziz ABDUVAITOV