Hozir men sizga murojaat qilib turgan tilda, ya’ni o‘zbek tilida dunyo bo‘ylab qariyb 50 million kishi so‘zlashadi. Ulardan 2 million 700 ming nafari Afg‘onistonda, 1 million 200 ming nafari Tojikistonda, 796 ming nafari Qirg‘izistonda, 500 ming nafari Turkmanistonda istiqomat qiladi. Yana minglab tildoshlarimiz dunyoning turli hududlarida hayot kechirmoqdalar. Demak, men ayni damda 50 million kishiga murojaat etayotgan bo‘lsam, ne ajab!

Gruzinlarning «Mimino» filmida bosh qahramonning ismi Mimino. U o‘zi tug‘ilgan Telavi qishlog‘iga qo‘ng‘iroq qilish uchun shahardagi telefon shoxobchasiga kelib, uni qish­log‘i bilan ulab berishlarini so‘raydi. Xizmat shoxobchasidagi xodimlar esa adashib Isroilning Tel-Aviv shahriga ulab berishadi. Aksiga olib go‘shakni Isroilda yashovchi notanish, ammo gruziyalik vatandoshi ko‘taradi. Mimino uzr so‘rab, telefonni qo‘ymoqchi bo‘lgan paytda: «To‘xta, gruzinmisan?» deb so‘raydi Isroildagi musofir. Mimino buni tasdiqlagach, – Kel, bir gruzincha qo‘shiq aytaylik!» deb iltimos qiladi. So‘ng ikkovi gruzincha mashhur qo‘shiqni kuylashadi. Keyin birdaniga yig‘lay boshlaydi. O‘shanda kinoni tomosha qila turib ona tilining, ona Vatanning sog‘inchi tog‘ni ursa talqon qilgudek yigitlarni yig‘latsa-ya, degandim. Ammo o‘zim qayta-qayta ko‘rsam ham, ko‘z yoshisiz ko‘rolmadim, shu filmni. Ona tili shunday buyuk tuyg‘u ekanki, inson qalbini sel qilib yuboradi.

Ona tilimiz haqida o‘ylasam, bir voqea esimga tushib, yuzimga tabassum yuguradi. Bundan ikki yil avval (2018 yil) Samarqandda o‘tkazilishi kerak bo‘lgan turkiy tilli yosh ijodkorlarning xalqaro festivaliga bir guruh ijodkorlar yo‘l oldik. Ular orasida men ham bor edim. Ustozlar, tadbir qatnashchilari hamda mehmonlar Toshkentda yig‘ildi. «Registon» poyezdiga chiqib, «Samarqand she’r oqshomlari» festivaliga otlandik. Guruhimizda qirg‘izistonlik, qozog‘istonlik, turk­manistonlik, ozarbayjonlik, turkiyalik yoshlar bor edi. Turkiyalik, ozarbayjonlik, turkmanistonlik va o‘zimizning xorazmlik yosh ijodkorlar tilmochsiz til topishib ketishdi. Yo‘l-yo‘lakay qirg‘izning yosh oqini do‘mbira chertib, o‘z o‘lanini boshlab yubordi. Xullas, biroz o‘tib, hamma bir-biri bilan do‘s­tona tanishishga kirishib ketdi. Men ham mehmon qizlar bilan tanishib, suhbatlarini zavq bilan tinglab ketdim.

Qirg‘iz yigit ozarbayjonlik yosh shoirga o‘z yurti haqida so‘zlar, ozar tengdoshimiz esa uning gaplarini tushunmay, bizga yuzlanardi. Biz qirg‘iz do‘stimizning aytganlarini o‘zbekchaga o‘girib turardik. O‘shanda bizning gap­larimizni, nafaqat qirg‘iz yoki qozoq, balki ozarbayjon va turkiyalik do‘stlarimiz ham ko‘p mashaqqatsiz tushunayotganlarini ko‘rdim. Uch kunlik tadbir davomida ham o‘rtamizdagi muloqot tili o‘zbek tili bo‘ldi.

Darhaqiqat, o‘zbek tili o‘shanda umummuloqot tiliga aylanganini ko‘rib, rosti, ich-ichimizdan sevindik. Shunda beixtiyor bolalikda yodlagan she’rim xayolimga kelaverdi:

Ona tilim – onajonim tili bu,

Beshikdanoq singgan jonu quloqqa.

Elu yurtim, xonumonim tili bu,

Qadimlikda o‘xshar ona tuproqqa.

(Mirtemir)

O‘ylab ko‘rsak, chindan-da, o‘zbek tili barcha turkiy tillar orasidagi yagona «o»lovchi va yagona o‘rta til ekan. Turk, ozarbayjon, turkman, gagauz singari o‘g‘uz lahjasi ustun turkiy tillarning ham, qozoq, qoraqalpoq, tatar, boshqird kabi qipchoq lahjasi ustun turkiylarning ham, uyg‘ur singari qarluq lahjasi ustun turkiylarning ham til unsurlari o‘zbek tilida o‘z aksini topgan. Deyarli barcha turkiy tillardagi otlarning aksari o‘zbek tili shevalarida mavjud. Masalan, Qarshida sigirni inak deydilar. Bu so‘z turkchada «inek» tarzida ishlatiladi. Xorazm shevasidagi qarincha (chumoli) so‘zi ham turkchada «karinja» shaklida talaffuz qilinadi. O‘zimizning «kitob» so‘zi turklarda «kitap» shaklida aytiladi. Bunga o‘xshash misollar ko‘p.

Ayni vaqtda o‘zbek tili dunyoning qariyb 60 ta universitetida o‘qitiladi, 100 dan ortiq maktabida o‘rgatiladi. Bu til Oltoy tillar oilasining turkiy tillar turkumiga mansubdir. Dunyodagi yigirma to‘rtta qardosh turkiy tillar orasida atigi oltitani tashkil etuvchi barqaror turkiy tillardan bittasi ham shu tildir.

«Mening Dog‘istonim»da o‘qigan ma’lumotimga ko‘ra, Dog‘iston aholisi uch millionga ham yetmas ekan. Ularda har bir qish­loqning o‘z tili bo‘lib gruzin, lezgin, avar kabi o‘ttizga yaqin tillarda so‘zlashishar ekan. O‘zbekistonda esa o‘ttiz besh millionga yaqin aholini yagona – o‘zbek tili birlashtiradi. Bunda maqsadlar, tillar mushtarakdir.

Bugun chet elda ta’lim oladigan tengdoshlarimiz qancha bo‘lsa, shuncha o‘zbek tili bor. Quvonarlisi, bu tilda o‘zbekchilik, milliy tafakkur yashaydi. Shularni o‘ylar ekanman, qadring baland bo‘lsin, ona tilim, degim keladi.

Shohsanam NISHONOVA