eng yomon narsa haqidagi eng yaxshi asar

«Bu kitob aybnoma ham, afvnoma ham emas. Bu shunchaki urush dastidan juvonmarg bo‘lgan avlod haqidagi, garchi zambarak o‘qidan joni omon qolsa-da, shu urushning qurboniga aylanganlar to‘g‘risidagi ko‘ngil izhoridir».

Erix Mariya REMARK

Inson umri davomida bir marta bo‘lsa ham urushga bag‘ishlangan asar o‘qiydi. Bunday asarlarning har birida kimningdir dardi yashiringan bo‘ladi. Nemis adibi Erix Mariya Remarkning «Gʻarbiy frontda o‘zgarish yo‘q» romanida kimningdir emas, balki butun bir insoniyatning dardi aks etgan. Shu bois asarni o‘qib tugatganimdan so‘ng buni hamma o‘qishi kerak, degan xulosaga keldim.

Bu asar olti haftada yozilgan ekan. Birinchi jahon urushida qatnashgan va besh marta jarohat olgan Remark urush ichida bo‘lib, uning dahshatli og‘riqlarini o‘zida his qilgani uchun ham roman katta muvaffaqiyat qozongan.

Remark kommunistik mafkuraga ham, burjua mafkurasiga ham xizmat qilmadi. Shuning uchun Gitler hokimiyat tepasiga kelib, adib Germaniyani tark etishga majbur bo‘lganidan keyin uning asarlari kutubxonalardan yig‘ishtirib olindi va shahar maydonlarida namoyishkorona yoqib yuborildi. U o‘z asarlarida fashizmning asl basharasini ayovsiz fosh etgan, urush dahshatlarini, uning kishilar taqdiridagi fojiali oqibatlarini g‘oyat tabiiy bo‘yoqlarda aks ettirdi.

Asar qahramoni – o‘n olti yoshni qarshilab ulgurmagan Paul va uning do‘stlarini urush o‘z domiga tortadi. U hali maktabni ham tamomlamay tengdoshlari bilan muzeylarga, kutubxonalarga emas, urushga safarbar etiladi. Hayot pillapoyalaridan endigina tetapoya qilib kelayotgan o‘smirlar birinchi jangning o‘zidayoq katta insonlarga aylanishadi.

«Men yoshman – endigina yigirmaga kirdim, lekin ko‘rganlarim qon, o‘lim, qo‘rquv va mudhish azob-uqubatdan iborat nursiz, bemaqsad hayot bo‘ldi. Kimdir bir xalqni ikkinchisiga gij-gijlaydi, odamlar birovning irodasiga bo‘ysunib, bir-birini o‘ldiradi, lekin jinoyat qilayotgani va gunohga botayotgani haqida o‘ylamaydi. Insoniyatning eng dono vakillari yangi-yangi qurollarni yaratadi va buni oqlash uchun qop-qop so‘z topadi. Jazosini biz tortamiz, Yer yuzidagi jamiki tengdoshlarim tortadi».

Urushga tayyorgarlik paytida ustozlar tomonidan aytilgan urush haqidagi romantik g‘oyalar, vatanparvarlikni ulug‘lovchi balandparvoz nutqlar xandaqdagi dahshatli voqeliklar, zambaraklar ostida, dushman bostirib kelayotganda va do‘stlarining o‘liklari qarshisida turganida cho‘pchakka aylangan edi. Hokimiyat tepasida turgan «kattalar» ularga «Sizlar jasorat ko‘rsatasizlar, sizlar Vatan uchun sharafli burchingizni amalga oshiryapsizlar», deya ruhlantirgan edi. Aslida ular bu urushda hech qanday maqsadsiz, yo‘lini yo‘qotgan insonlar edi.

«O‘n hafta harbiy ta’limdan o‘tdik, shu vaqt orasida bizni o‘n yil maktabda o‘qiganimizdan ko‘ra ham oshiribroq tarbiyalab tashlashdi. Yarqirab turgan tugma Shopengaurning to‘rt jildli asarlaridan afzal ekanini miyamizga quyishdi. Bu yerda hamma narsani aql-idrok emas, etik cho‘tka, fikr-mulohaza emas, qachonlardir joriy etilgan tartib-qoida, erkinlik emas, zo‘rma-zo‘raki mashqlar hal qilishini avval taajjublanib, keyin afsuslanib, so‘ng esa loqayd bir kayfiyatda anglab yetdik. Biz o‘z ixtiyorimiz bilan askar bo‘lgan edik; ammo bu tuyg‘uni yuragimizdan siqib chiqarish uchun hamma chorani ko‘rishdi. Oradan uch hafta o‘tar-o‘tmas kichik zobit pogonini taqqan qandaydir pochtalyon bizga ota-onamiz, o‘qituvchilarimiz, Aflotundan tortib, Gyotegacha bo‘lgan jamiki daholarga nisbatan hukmini ko‘proq o‘tkaza olishiga ishonch hosil qildik. O‘qituvchilarimiz jo‘shib-toshib tasvirlagan Vatan obrazi bu yerda o‘zligidan butkul voz kechgan inson shaxsiyatida mujassamlashganini tiniq, o‘tkir nigohlarimiz bilan tezgina ilg‘ab oldik. Bunaqa narsani hech kim, hech qachon hatto qulvachchadan ham talab qilmasa kerak. Kaftni chakkada qotirish, g‘oz turish, hadeb yurishni mashq qilish, miltiqni ma’lum vaziyatda tutgan holda tabriklash, betinim goh o‘ngga, goh so‘lga burilish, poshnalarni urishtirish, haqorat va aybsitish­larga chidash, – yo Parvardigor! – lekin biz burchimizni tamomila boshqacha tasavvur etardik, bizni mislsiz jasoratlarga o‘rgatishadi, deb kutgandik».

Paul ishongan insonlar – obro‘li va ziyoli shaxslar o‘smirlarni yetuk­likka emas, o‘limga yuboradi. Paulning do‘stlari bilan suhbati sog‘lom fikrlovchi inson qalbini larzaga keltiradi. Ishoning, asarning biror o‘rnida dushman tarafni ayblovchi so‘z tugul, unga ishora ham yo‘q. Shunisi qiziqki, dushmanlar jangchi yigitlarning yuqori martabali bosh­liqlari edi. O‘smirlarning hissi va ichki g‘alayonlari barcha-barchasi ularga qaratilgan edi. Asarni o‘qiy turib shunday xulosalarga ham duch kelasiz, «davlat va Vatan bitta narsa emas».

«Urush aslida o‘zlari umuman jangga kirmaydigan bir qancha insonlar uchun foydalidir. Bu bema’nilikning eng yomon tarafi shundaki, bir necha kishining qarori bilan urushda millionlab insonlar qurbon bo‘ladi».

Jon saqlashga bo‘lgan intilish urush olovi ichida, hayot qil ustida turgan vaqtda eng asosiy ishga aylanadi. Jangchilar qirg‘inbarotda davlatni himoya qilish uchun emas, balki bu majburiyatdan bosh tortolmaganliklaridan jon saqlash maqsadida jangga kirar edilar. Ularning hech biri o‘lishni istamasdi. Ular o‘q va zambaraklarning ovozidan boshqa narsalarni ham eshitishni juda-juda xohlardilar. Ammo kimdan yordam so‘rash mumkin? Kimdan?

«Yana bir soatlar o‘tadi. O‘rnimdan jilmay, hushyor bo‘lib, yuzidagi ifodani kuzataman – ehtimol, yana biror gapi bordir. Hozir og‘zini ochib, baqirib yuborsa ham mayli edi! Ammo u yig‘layapti, yuzini devorga burgancha unsiz yig‘layapti. Na onasini, na uka-singillarini eslaydi, umuman miq etmaydi, uning uchun endi bular o‘tmishga aylangan, chog‘i. Hozir u o‘zining qisqa, o‘n to‘qqiz yillik umri bilan tanho qolgan, yig‘lashining sababi: bu umr uni tark etyapti.

Askarlar uchun suvning, yerning va nonning borligi baxt edi. Och-nahor dahshatli jangga kirib, u yerdan sillasi qurib, salkam o‘lik misoli qaytgan jangchilar uchun albatta yegulik har narsadan ustun bo‘lib qoladi-da. Bordi-yu, o‘qlar va zambaraklar yog‘ilayotganini miyalari yashin urganchalik vaqtda anglasa, zamin bilan bir butun bo‘lib ketishadi. Asarda o‘liklar ham tiriklar ham, zamin bag‘riga oshiqadi.

«To‘pchining og‘zidan trubkasi tushib ketadi. Nonni siypalab ko‘radi:

– Ha, non, rostakam non, hali sovimagan!

Zaminning qadrini hech kim askarchalik bilmaydi. O‘lim vahimasi uni chalpak qilib tuproqqa qapishtirib tashlaganda yer askar uchun yakkayu yagona do‘st, og‘a va onaga aylanadi. Askar butun vujudi bilan zaminga yopishib, yuz va lablarini tuproqqa surtib, yuragidagi qo‘rquv, dard hamda iztiroblarini ana shu sodiq va tilsiz homiysiga aytadi – yer uni quchog‘iga oladi, keyin o‘n daqiqaga yana bag‘ridan bo‘shatadi, askar o‘n daqiqa chopib otishi, o‘n daqiqa yashab qolishi uchun bo‘shatadi, so‘ng tag‘in ko‘ksidan joy beradi, ba’zan manguga joy beradi. O, yer, zamin, tuproq!»

Hali kelajakka maqsad qo‘yishga ulgurmagan, orzu ham qilishni bilmagan dahshat ichida jismi omon, ammo o‘zi o‘n sakkizidayoq o‘lib bo‘lgan «yo‘qotilgan avlod»ga bag‘ishlangan asar sizning qalbingiz va kitob javoningizdan joy olishiga ishonaman.

«U haq. Bizning yoshligimiz tugagan. Bizga endi hayotning keragi yo‘q. Biz qochoqlarmiz. Biz yoshligimizdan, o‘z hayotimizdan qochamiz. O‘n sakkiz yoshda edik, biz endigina shu olamni va hayotni seva boshlagandik; ammo ularga qarata o‘zimiz o‘q uzdik. Portlagan birinchi snaryad parchasi yuragimizni tilka-pora qilib tashladi. Biz ongli faoliyatdan, insoniy ishtiyoqlardan, taraqqiyotdan uzilib qolganmiz. Biz bu narsalarga ishonmaymiz. Biz urushga ishonamiz».

Sizga eng yomon narsa haqidagi eng yaxshi bu roman xususida yana bir nima deyishdan o‘zimni tiydim. Yaxshisi, bu kitobni topib, o‘qing, o‘zingiz xulosa chiqaring, tinchlikning qadriga yeting.

Muattar MELIYEVA, O‘zMU talabasi