Hayotimizning tinch va osuda osmon ostida kechayotgani sababchilari, yurt tinchligi uchun ko‘ksi qalqon bo‘lgan ajdodlarimizni xotirlash, keksalarni esa tirikligida qadrlash har birimizning muqaddas burchimiz sanaladi. Shunday insonlar borki, ular hayotligida qilgan savob ishlari, bergan ilmi, o‘rgatgan ibratli odobi bilan avlodlar qalbida mangu yashaydi. Chunki ular o‘zidan fozil farzandlar, komil shogirdlar bilan birga go‘zal xotiralar qoldirgan.

Shunday insonlardan biri Qo‘chqor ota Ro‘ziboyevdir. U o‘zining fidoyiligi, halol mehnati bilan el-yurt oldida nom qozongan.

1938 yili 7 yillik maktabni tugatib, Xorazm o‘qituvchilar tayyorlash kursida o‘qigan, keyin 1941 yilning sentyabr oyidan boshlab Bog‘ot tumanidagi maktabda bosh­lang‘ich sinf o‘qituvchisi bo‘lib ishladi. 1942 yilning iyun oyida urushda qatnashish uchun ko‘plar qatori frontga otlandi.

5-zarbdor armiyaning 7-artilleriya diviziyasi, 103-minomyot polki, 4-batareya 4-vzvodida navodchik bo‘lib xizmat qildi. O‘z polki bilan birgalikda Stalingrad, Rostov, Voroshilovgrad, Donesk, Xarkov shaharlarini fashist bosqinchilaridan ozod qilishda qatnashdi. Qanchadan-qancha dushmanni yer tish­latishga hissa qo‘shdi.

Dahshatli janglardan birida o‘ng oyog‘idan og‘ir yaralangan Qo‘chqor ota Ro‘ziboyev sakkiz oy Atkarsk shahridagi gospitalda davolanadi. 1944 yilning 20 martida g‘anim o‘qidan jarohatlangani bois, bir oyog‘i cho‘loq holda qishlog‘iga qaytarib yuboriladi. Ikkinchi jahon urushida ko‘rsatgan jasorati uchun I darajali «Ulug‘ Vatan urushi» ordeni va bir qancha jangovar medallar bilan taqdirlandi.

Qo‘chqor ota Chamangul ona bilan birgalikda 10 nafar farzandni komil inson qilib tarbiyaladi. Ularning barchasi oliy ma’lumotli bo‘lib, turli mas’ul lavozimlarda xizmat qilyapti. Hozirgi kunda nevara, evara, chevaralari Vatan ravnaqi yo‘lida o‘z xizmatlarini ayamay kelyapti. Men ham Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi Qo‘chqor Ro‘ziboyevning nevarasi ekanimdan faxrlanaman.

Qo‘chqor ota Ro‘ziboyev urush tufayli uzilib qolgan pedagogik mehnat faoliyatini oradan yillar o‘tib, yana davom ettirdi. Shu tufayli quroldoshlari orasida jangchi-pedagog sifatida tanildi. Pedagogik mehnat faoliyatining ko‘p yillari Yangiariq tumanidagi 19-umumta’lim maktabida direktorlik vazifasida o‘tdi. U umrining 45 yildan ortiqroq davrini yosh avlodni ilm ziyosidan bahramand qilishga bag‘ishladi. Ikkinchi jahon urushi qahramoni Qo‘chqor ota Ro‘ziboyev 1997 yil 8 avgust kuni 75 yoshida vafot etdi. Hozirga qadar bobomizning yorqin xotirasiga bag‘ishlab, u ishlagan maktabda turnirlar, turli sport musobaqalari o‘tkaziladi.

Qo‘chqor otaning ekib ketgan nihollarining ildizi baquvvat, ular ham azim daraxtlarga aylanishi, shubhasiz. Mana shunday osuda, tinch-farovon hayotda yashashimizga sababchi bo‘lgan insonlar xotirasi mangu yashaydi!

Shahnoza XO‘JAYEVA,

Yangiariq tumanidagi 19-umumta’lim maktabining boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi