Mafkuraviy bo‘shliqni to‘ldirish va mafkuraviy immunitetni shakllantirish barkamol avlod tarbiyasining muhim yo‘nalishidir. Bugungi insoniyat turli xil g‘oyalar va siyosiy kurashlar butun jahon miqyosida avj olayotgan, g‘oyaviy qarama-qarshiliklar keskinlashayotgan bir sharoitda yashamoqda.

Nima uchun kishilar ongi va qalbi uchun kurash turli mafkuralarning bosh maqsadiga aylanib qoldi? Gap shundaki, muayyan g‘oya tom ma’noda g‘oya bo‘lishi uchun kishilar ongini egallashi, to‘g‘rirog‘i, ularning qalbidan joy olishi shart. Aks holda u yoki bu g‘oya faqat muayyan xabar yoki axborot sifatida saqlanib qoladi, xolos. Boshqacha aytganda, omborxonadagi keraksiz buyumlar kabi ongimizning bir chetidan joy egallab yotaverishi mumkin. Bir so‘z bilan aytganda, bunday holatda g‘oya shaxs uchun hech qanday ijtimoiy ahamiyatga ega bo‘lmaydi.

Gʻoya faqatgina inson qalbini egallaganda, inson ma’naviy-ruhiy holatining uzviy qismiga aylangandagina harakatga da’vat etuvchi, rag‘batlantiruvchi kuchga, harakat uchun qo‘llanmaga aylanadi. Shuning uchun ham bugungi kunda nafaqat inson ongini, balki qalbini ham egallash mafkuraviy kurashning bosh maqsadi bo‘lib qolmoqda. Aynan shuning uchun ham Yer yuzining turli mintaqalari xalqlarining ongi va qalbi turli g‘oyalarni sinash maydoniga, boshqacha aytganda, mafkuraviy poligonga aylantirilmoqda.

Tarixga nazar tashlaydigan bo‘lsak, o‘zga hududlarni zabt etish maqsadida ishlatiladigan urush qurollari uzluksiz takomillashib borganini ko‘ramiz. U nayzalardan toki zamonaviy qurollargacha, zambaraklardan to Yer yuzining har qanday nuqtasiga bexato yetib boradigan qit’alararo ballistik raketalargacha bo‘lgan uzoq yo‘lni bosib o‘tdi. Bu qurollar bosib olinishi kerak bo‘lgan hududlar aholisini jismonan yo‘q qilishga qaratilgan edi. Bugungi kunda esa o‘zga hududlarni zabt etish uchun ularning aholisini yo‘qotish shart emas. Zero, ongi va shuuri zabt etilgan, qarash va kayfiyatlari «ma’qul» yo‘nalishga o‘zgartirilgan aholi ko‘magida har qanday boylik, tabiiy resurslarga egalik qilish mumkin bo‘lib qolmoqda.

Mafkura poligonlarida sinovdan o‘tayotgan, mohiyatan g‘ayriinsoniy bo‘lgan g‘oyalarga qarshi tura olish uchun aholida mafkuraviy immunitet hosil qilish lozim. Immunitet kishi vujudining turli infeksion kasalliklarga berilmaslik xususiyatini ham ifodalaydi. Insonning butun hayoti davomida tashqi ta’sirlarga aks javob sifatida orttirilgan immunitet tizimi shakllanadi. Avvalo, insonning ko‘plab xususiyatlari tug‘ma bo‘lsa, mafkuraviy immunitetni shakllantirish, shakllantirib borish zarur. Ikkinchidan, u har bir avlod uchun o‘ziga xos xususiyatga ega bo‘ladi. Uchinchidan, immunitet tizimi shakllangandagina mafkuraviy daxlsizlikni ta’minlash mumkin.

Mafkuraviy immunitet tizimining asosiy va birinchi unsuri, bu bilimdir. Ammo bilimlar ko‘p. Masalan, buyuk davlatchilik shovinizmi yoki agressiv millatchilik

mafkurasi va amaliyoti tarafdorlari ham muayyan «bilim»larga tayanadilar va uni boshqalarga singdirishga harakat qiladilar. Shunday ekan, bir tomondan mafkuraviy immunitet tizimidagi bilimlar ob’yektiv bo‘lishi, voqelikni to‘g‘ri va to‘liq aks ettirishi, inson ma’naviyatining boyishiga va jamiyat taraqqiyotiga xizmat qilishi lozim. Ikkinchi tomondan, bu bilimlar o‘z mohiyat e’tiboriga ko‘ra, Vatan va xalq manfaatlari, umuminsoniy qadriyatlar ustuvorligi bilan uzviy bog‘liq bo‘lmog‘i kerak. Mafkuraviy immunitet tizimining ikkinchi asosiy qismi ana shunday bilimlar zamirida shakllanadigan qadriyatlar tizimidir. Zero, bilimlar qanchalik ob’yektiv va chuqur bo‘lsa, uning zamirida yuzaga kelgan qadriyatlar ham shunchalik mustahkam bo‘ladi. Bir so‘z bilan aytganda, shaxs, millat yoki davlatning qadriyatlar tizimi mafkuraviy immunitetning imkoniyatlarini belgilab beradi va mafkuraviy tajovuzlar qarshisida mustahkam qalqon bo‘lib xizmat qiladi.

Hozirgi zamonning o‘ziga xos xususiyatlaridan biri shuki, u chegara bilmaydigan, hududni pisand qilmaydigan xilma-xil muammolarga serob. Biron davlat – u xoh katta, xoh kichik davlat bo‘ladimi, ichida vujudga kelgan muammo tez sur’atlar bilan, nafaqat yon-veridagi qo‘shni davlatlarga, balki olisdagi mamlakatlarga ham kirib bormoqda. Bir davlatning tashvishi boshqalarni ham tashvishga solmoqda. Muammolar ko‘lami yoyi­lib ketmoqda, boshqacha aytganda, globallashmoqda.

Har qanday ijtimoiy hodisaning ijobiy va salbiy tomoni bo‘lgani singari globallashuv ham o‘z ijobiy va salbiy tomonlariga ega. Ijobiy tomoni shunda ko‘rinmoqdaki, davlatlar va xalqlar o‘rtasida integrasiya va hamkorlik aloqalari kuchaymoqda, kapital, tovarlar, ishchi kuchi erkin harakat qilishi uchun katta qulayliklar yaratib berilmoqda, ko‘plab yangi ish o‘rinlari tashkil etilmoqda, zamonaviy kommunikasiya va axborot texnologiyalari, ilm-fan yutuqlari tezlik bilan tarqalmoqda, qadriyatlar umuminsoniy negizda uyg‘unlashmoqda.

Globallashuv mafkuraviy ta’sir o‘tkazishning nihoyatda o‘tkir quroliga aylandi. U har xil siyo­siy kuchlar va markazlarning manfaatlariga xizmat qilmoqda. Ana shunday vaziyatda milliy g‘oya va mafkuraga bo‘lgan ehtiyoj yanada oshadi. Bunday sharoitda har bir odam mustaqil fikri va mustahkam dunyoqarashiga ega hamda irodali bo‘lishi zarur. Aks holda, turli ma’naviy tahdidlarga qarshilik ko‘rsata olmaydi, ularning ta’siriga berilib, to‘g‘ri yo‘ldan adashib, berk ko‘chaga kirib ketishi oson bo‘lib qoladi.

KBHX, oddiy askar Farrux ABBASOV,

Toifalangan ob’yektlarni qo‘riqlash qo‘shinlari qo‘mondonligi