Odatda, biror davlat yoki jamoat tashkiloti tomonidan uyushtiriladigan press-turda jurnalistlar muayyan faoliyat bo‘yicha ommani qiziqtirgan dolzarb savollarga javob olish istagida bo‘ladi. Mudofaa vazirligi tomonidan «Vatanparvarlik oyligi» doirasida tashkil etilgan press-turda ham harbiy mavzuni yorituvchi jurnalist va blogerlar qator savollarni tayyorlagani tayin. Ammo tadbir mezbonlari bunga zarracha o‘rin qoldirmadi. Chunki…

Dastlab press-tur ishtirokchilari Qurolli Kuchlar akademiyasida yaratilgan sharoit, muhit va tartib-taomillar bilan yaqindan tanishib, kursantlar bilan o‘tilayotgan mashg‘ulotlarni kuzatdi. Akademiya tarixi muzeyi, kutubxona, oshxona, yotoqxona, sport maydonchasi eng so‘nggi rusumdagi jihozlar bilan ta’minlangani, umuman, kursantlarning bilim olishi uchun barcha sharoit muhayyo etilganiga guvoh bo‘ldilar. Shundan so‘ng ishtirokchilar Chirchiq garnizonida joylashgan harbiy qismga borib, keyingi yillarda vertolyot aviasiyasida qo‘llanilayotgan uchish apparatlari, ularning imkoniyatlari va texnik ma’lumotlari bilan yaqindan tanishdilar. Hatto, ulardan birida moviy osmon kengliklari bo‘ylab parvoz qilishga muyassar bo‘ldilar.
– Keyingi yillarda davlatimiz rahbari tashabbusi bilan mamlakatimiz xavfsizligi va barqarorligi, uning sarhadlari daxlsizligini ta’minlash bo‘yicha taktik va strategik vazifalarni samarali hal etishga qodir bo‘lgan, zamonaviy, harakatchan, har tomonlama yaxshi qurollangan milliy armiyani yanada takomillashtirish bo‘yicha salmoqli ishlar amalga oshirilmoqda, – dedi mudofaa vazirining matbuot kotibi – axborot siyosati masalalari bo‘yicha maslahatchisi polkovnik Bahrom Zulfiqorov. – Ayniqsa, milliy armiyamizni zamonaviy qurol-yarog‘ va texnika bilan ta’minlash, strategik fikrlaydigan, intellektual saviyasi yetuk ofiser kadrlar va qo‘mondonlik, shuningdek, serjantlar tarkibini tayyorlash jarayoni yangicha o‘quv-texnik va ma’naviy-axloqiy asosda tashkil etilmoqda. Bularning barchasi armiyamizning qiyofasi va jangovar imkoniyatlarini, harbiy jamoalardagi ma’naviy-axloqiy muhitni tubdan o‘zgartirish imkonini berdi. «Vatanparvarlik oyligi»ni o‘tkazishdan asosiy maqsad yurtimizda yashovchi har bir fuqaroga va har bir oilaga O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarining o‘rni va ahamiyatini yetkazish hamda xalq va armiya yakdil ekanligini amalda namoyon etishga qaratilgan.
Yurtimizdagi ommaviy axborot vositalari vakillari bilan bir qatorda turli vazirlik va idoralarning axborot xizmati xodimlari ishtirok etgan press-turning navbatdagi va oxirgi manzili Mudofaa vazirligining «Chimyon» tog‘ tayyorgarligi o‘quv-mashqlar markazi bo‘ldi. Ushbu bahavo maskan, qulay infratuzilma, o‘quv-moddiy bazada jangovar tayyorgarlik mashg‘ulotlari uchun a’lo darajada yaratilgan ijtimoiy-maishiy sharoitlar ko‘pchilikni hayratga soldi. Bu yerda harbiy xizmatchilar ishtirokida tog‘da harakatlanish, qoyaga ko‘tarilish va tushish kabi real vaziyatga yaqinlashtirilgan ko‘rgazmali o‘quv mashqlari hamda tog‘da harakatlanishda zarur bo‘ladigan texnikalar namoyishi tashkil etildi.
Markaz mehmonlari tog‘li hududda jangovar o‘qotar qurollardan nishonlarga o‘q otish, maxsus tog‘ tayyorgarligi simulyatorida quroldan otish, qorda maxsus anjomlar bilan chang‘ida harakatlanish, paraplanda uchish va qo‘nish zavqini ko‘rish, tuyish barobarida uning mas’uliyatini ham his etdi. Qolaversa, purviqor tog‘lar bag‘rida ot sporti bilan chiniqayotgan chavandozlar tulpori jiloviga «vaqtincha egalik» qilib, bir dam sayr etdi. Uchqur ot ustidagi oniy lahzalar suratga muhrlandi.
Press-tur so‘ngida ishtirokchilar yurt himoyachilarining xizmat faoliyati va yaratilgan sharoitlari bo‘yicha olingan taassurotlari haqida o‘zaro fikr almashib, ommaviy axborot vositalari orqali «Vatanparvarlik oyligi»da O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganligining 29 yilligi hamda Vatan himoyachilari kuniga bag‘ishlangan maqolalar, telelavha va reportajlarni tayyorlash bo‘yicha taklif va tavsiyalarini o‘rtaga tashladi.
Vatan himoyachilarining xizmat faoliyatini ommaviy axborot vositalari orqali keng yoritish, ona Vatan taqdiri va himoyasi uchun yuksak mas’uliyat va javobgarlik hissi bilan fidoyilik ko‘rsatayotgan harbiy xizmatchilarning zamonamiz qahramonlari sifatidagi qiyofasini aks ettirish maqsadida tashkil etilgan press-tur shu tariqa nihoyalandi.

Dilshod RO‘ZIQULOV, «Vatanparvar»