Yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ularning dunyoqarashini yanada kengaytirish maqsadida respublikamiz bo‘ylab vatanparvarlik ruhidagi uchrashuv va tadbirlar bo‘lib o‘tmoqda.

Kattaqo‘rg‘on garnizonida joylashgan harbiy qism o‘quvchi yoshlarni hamisha o‘z bag‘riga chorlab keladi. Bu tashriflar, albatta, bejiz ketmaydi. Chunki mazkur dargohga kelgan har bir yosh avlod qalbida ona Vatanga muhabbat, yurtga sadoqat tuyg‘ulari yana bir bor bo‘y ko‘rsatadi.
Harbiy qismda «Kim Vatanga sodiq bo‘lsa, mendirman o‘sha!» shiori ostida shahardagi maktab o‘quvchilari uchun ochiq eshiklar kuni tashkil etildi.
Dastlab saf maydonida davlatimiz madhiyasi jo‘rligida mamlakatimiz va Mudofaa vazirligining bayroqlari ko‘tarildi. Shundan so‘ng harbiy qism va ta’lim dargohlari vakillari bu kabi tadbirlarning yoshlar tarbiyasi hamda harbiy-vatanparvarlik targ‘ibotidagi ahamiyati haqida so‘z yuritdi.
O‘quv nuqtalarida o‘quvchilar, shuningdek, safarbarlik chaqiruvi rezervi bataloni oddiy askarlari uchun tashkil etilgan harbiy texnikalar va qurol-aslahalar ko‘rgazmasi ularda ulkan taassurot qoldirdi. Unda yoshlar Vatan himoyachilarining sharafli kasbi, mashaqqati va mas’uliyatini yurakdan tuygani rost.
Yuzaki qaralsa, yurtimiz bo‘ylab tashkil etilayotgan ochiq eshiklar kuni doirasida bo‘lib o‘tayotgan ko‘rgazmalarda bir xillik ko‘zga tashlanishi mumkin. Lekin mazmun-mundarijasiga ko‘ra bularning bari bir-biridan butkul farq qiladi. Misol uchun, bu galgi qurol-aslahalar ko‘rgazmasida harbiy xizmatchilar o‘quvchi-yoshlarga ularning ishlatilish tartibi haqida sodda va dastlabki tushunchalar berdi. Bu haqda Kattaqo‘rg‘on shahar kasb-hunar maktabi o‘quvchisi Boburjon Narzullayev shunday deydi:
– Kinolarda ko‘ramiz: raqib ikkinchi tomonga qurol o‘qtalib turganida himoyalanayotgan raqib uning qo‘lidagi pistoletni mahorat bilan olib qo‘yadi. Bunday bo‘lishi mumkin emas-e, deb o‘ylardim o‘shanda. Lekin bugun harbiy akalarimiz buning imkoni borligini ko‘rsatib berishdi. Vaqti kelsa, oddiy «lopata» ham talafot yetkazuvchi qurolga aylanar ekan. Qoyil!
O‘quvchilar, shuningdek, artilleriya brigadasining tarixiy muzeyida ham bo‘lib, u yerdagi eksponatlarni ko‘zdan kechirdi. Ko‘p sonli kitob fondiga ega bo‘lgan harbiy qism kutubxonasi ham yoshlarga manzur bo‘ldi. Ayniqsa, yotoqxonalarda yaratilgan shart-sharoit mehmonlarda katta taassurot qoldirdi. Bir so‘z bilan aytganda, kun yoshlar uchun mazmunli o‘tdi.

Leytenant Islomjon QO‘CHQOROV,
«Vatanparvar»