1968 yilda Moskva shahrida o‘tkazilgan xalqaro kinofestivalda «General Rahimov» badiiy filmi Gran-pri mukofotini, unda birinchi o‘zbek generali – Sobir Rahimov obrazini yaratgan Zikir (Zokir) Muhammadjonov eng yaxshi erkak roli uchun bosh mukofotni qo‘lga kiritgan. Generalga xos jo‘shqinlik, shijoat, jasurlik, bag‘rikenglik uning ijrosida o‘z aksini to‘la topa olgan. Film dunyoning ko‘plab ekranlarida namoyish etilgan.

70 yildan ziyod faoliyat yuritgan O‘zbek milliy akademik drama teatrida yuzlab rollar ijro etgan, kinolarda ellikdan ortiq rollarda o‘ynagan, «O‘zbekfilm» kinostudiyasida ko‘plab filmlarga ovoz bergan, hayotligidayoq tirik afsonaga aylangan O‘zbekiston xalq artisti, O‘zbekiston qahramoni, «Do‘stlik» va «Buyuk xizmatlari uchun» ordenlari sohibi Zikir Muhammadjonov hayot bo‘lganida, u kishining bir asrlik yubileyini nishonlagan bo‘lardik.
Darhaqiqat, u yaratgan obrazlar kuchli psixologik dramatizmi, romantik ko‘tarinkiligi bilan ajralib turadi. Serqirra aktyor ijodiy faoliyati davomida nafaqat ko‘plab badiiy filmlarda, balki videofilm va telespektakllarda ham bir qancha obrazlar yaratgan: Ulug‘bek («Ulug‘bek xazinasi»), Husayn Boyqaro («Alisher Navoiy»), Isomiddin aka («Yer farzandi»), professor Komilov («Imon») shular jumlasidan. Bir qancha chet el filmlarida («Ali bobo va 40 qaroqchi», «Sevgi afsonasi») ham suratga tushgan.
Jahon dramaturgiyasining mumtoz namunalarida, o‘zbek adiblarining umuminsoniy mavzulardagi asarlaridagi obrazlarni mahorat bilan ijro etgan. Masalan, Ferdinand («Makr va muhabbat»), Jaloliddin («Jaloliddin Manguberdi»), Abdullatif («Mirzo Ulug‘bek»), Gorasio («Hamlet»), Kassio («Otello»), Furqat («Furqat»), Yedigey («Asrga tatigulik kun»), Samandar («Samandar»), Sintaro («O‘g‘irlangan umr»), Oktaviya Syezar («Yuliy Syezar»), Dehqonboy (Shohi so‘zana»), Jabborov («Parvoz»), Yusufbek hoji («O‘tkan kunlar»), Beruniy («Abu Rayhon Beruniy») kabi rollarda xalq artistining o‘ziga xos ijod nafasi ovozdagi jo‘shqin ehtiros, fikran teranlik va vazminlik bilan to‘ldirilib, imkoniyat kuchi namoyon bo‘lgan.
– Zikir bilan institutda bir kursda o‘qiganmiz, – degan edi rejissyor To‘la Xo‘jayev o‘z xotiralarida. – U kamtar, mehnatkash va o‘ta intizomli edi. Spektakllarga 2-3 soat oldin kelib, roli ustida ishlardi. Farzandi vafot etgan kuni kechqurun 800 ta tomoshabin qarshisida «Furqat» spektaklida bosh rolni ijro etgandi. Sahnadagi xatti-harakatlarida og‘ir yo‘qotish alomatlari yo‘q edi, barchasi tabiiy chiqqani butun ijodiy jamoamizni hayratga solgandi.
Ha, u haqiqatan buyuk aktyor, haqiqiy inson edi…

Ibrohim YUSUPOV