Qurolli Kuchlar akademiyasida «Men Jaloliddin Manguberdi va Amir Temur kabi buyuk sarkardalar avlodiman!» mavzusida ilmiy-ma’rifiy konferensiya o‘tkazildi.

Unda Qurolli Kuchlar akademiyasi vakillari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi hamda Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat uzbek tili va adabiyoti universiteti professor-o‘qituvchilarining ma’ruzalari ham tinglandi. Ularning aksariyati ko‘pchilikka ma’lum bo‘lmagan qiziqarli voqea va ma’lumotlar bilan boyitilgandi. Buyuk sarkardalar haqida yangi ma’lumotga ega bo‘lgan kursantlar o‘zlarini qiziqtirgan boshqa savollarga ham tarixchi olimlardan batafsil javob oldilar.
Tadbir so‘ngida Chirchiq oliy tank qo‘mondonlik-muhandislik bilim yurti kursantlarining tarixiy liboslar kiyib, sahnada ulug‘ bobokalonlarimiz siymosini yaratgani ko‘pchilikning olqishiga sazovor bo‘ldi. Bu ularning qonida jo‘sh urayotgan ajdodlar shijoatidan darak berardi. Videomuloqot tarzida o‘tkazilgan ushbu tadbirda boshqa oliy harbiy ta’lim muassasalarining kursantlari ham buyuk sarkardalarga naqadar munosib ekanliklarini onlayn namoyish qildilar.

Husniyabonu JO‘RAYEVA