Poytaxtimizda barpo etilgan «Gʻalaba bog‘i» yodgorlik majmuasi va «Shon-sharaf» muzeyi xalqimizning sevimli go‘shalaridan biriga aylanib ulgurgan. Bu yerga qadam ranjida qilganlar avvalo tarix bilan yuzlashadi, tinchlik qadri, hurlik bag‘ridagi farovon hayot qay darajada qadrli va ulug‘ ekanligini his qilishadi.

Mirzo Ulug‘bek tumanidagi 205 hamda 64-umumta’lim maktabi o‘quvchilari ham mana shu qutlug‘ go‘shalarga tashrif buyurishdi. Qurolli Kuchlar akademiyasi tashab­busi bilan amalga oshirilgan bu o‘ziga xos ekskursiya o‘quvchilarda katta taassurot qoldirdi. Ular Ikkinchi jahon urushi davridagi suronli yillar, front va front ortida xalqimiz ko‘rsatgan mislsiz jasorat haqida ko‘p­lab qiziqarli ma’lumotlarga ega bo‘lishdi. O‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob olishdi.

Zulfiya YUNUSOVA