O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari Kichik mutaxassislarni tayyorlash markazida taktika sikli tomonidan «Zamonaviy taktik harakatlarda serjant (kichik komandir)ning o‘rni va roli» mavzusida respublika miqyosidagi ilmiy-uslubiy konferensiya o‘tkazildi. Unda mamlakatimizdagi qator oliy harbiy ta’lim muassasalari vakillari ishtirok etishdi.

Konferensiyani o‘tkazishdan asosiy maqsad zamonaviy taktik harakatlarda serjantlarning o‘rni va roli to‘g‘risida fikr almashish, kichik komandirlarni nazariy va amaliy jihatdan puxta tayyorlash, zarur ko‘nikmalar berish hamda vatanparvarlik ruhida tarbiyalashda yangi yo‘llar va uslublarni izlashdan iborat.
Anjumanda Qurolli Kuchlar Kichik mutaxassislarni tayyorlash markazi boshlig‘i polkovnik Anvar Djabbarov, markaz boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari – shtab boshlig‘i polkovnik Akrom Musulmanov, Qurolli Kuchlar akademiyasi «Taktika» kafedrasi katta o‘qituvchisi podpolkovnik Ilhomjon Qodirov, Chirchiq oliy tank qo‘mondonlik-muhandislik bilim yurti «Taktika» kafedrasi katta o‘qituvchisi podpolkovnik Nurbaxt Ahmedov, IIV Qorovul qo‘shinlari boshqarmasi ofitseri mayor Bobir Sadikov hamda markazning yetakchi yo‘riqchilari I darajali serjant Iskandar To‘raboyev, II darajali serjant Yashnarbek Ashrapov va boshqalarning ma’ruzalari tinglandi.
Qo‘shinlarda guruh komandiri, ularning o‘rinbosari, seksiya komandiri kabi vazifalarda xizmat qilayotgan, o‘z qasamyodiga sodiq yurt posbonlari texnik va taktik jihatdan yuqori malakaga ega bo‘lishi, o‘z bo‘linmasining jangovar imkoniyatlarini bilishi, ularni jangda ustalik va mohirlik bilan qo‘llashi zarurligi qayd etildi.
Kun tartibiga qo‘yilgan barcha masalalar aniq taklif va qiziqarli savol-javoblar orqali interfaol usulda muqokama etildi. Konferensiyada faol ishtirok etgan harbiy xizmatchilar markaz boshlig‘ining faxriy yorlig‘i va sertifikatlari bilan taqdirlandi.

Podpolkovnik J. YADGAROV,
Kichik mutaxassislarni tayyorlash
markazining taktika sikli boshlig‘i