Mudofaa vazirligi Toifalangan ob’yektlarni qo‘riqlash qo‘shinlari qo‘mondonligi harbiy qismlaridan birining targ‘ibot guruhi tomonidan Yunusobod tumanidagi 53-umumta’lim maktabida «Armiya va yoshlar» mavzusida vatanparvarlik soati o‘tkazildi.

Mashg‘ulot davomida jangovar xizmat faoliyatida ko‘plab muvaffaqiyatlarga erishgan namunali harbiy xizmatchilar tomonidan o‘quvchi yoshlarga harbiy xizmat nufuzi, bugungi kunda milliy armiyamizda amalga oshirilayotgan islohotlar, yurt himoyachilari uchun yaratilayotgan shart-sharoitlar xususida ma’lumotlar berib o‘tildi. Shuningdek, bolajonlarga qo‘mondonlik hayotidan hikoya qiluvchi videolavhalar ham namoyish etildi.
Qo‘mondonlikning Toshkent viloyati Nurobod qo‘rg‘onida joylashgan harbiy qismi targ‘ibot guruhi vakillari esa Ohangaron tumani «Yangiobod» mahalla fuqarolar yig‘ini Yangiovul ko‘chasi, 11-uyda istiqomat qiluvchi Ikkinchi jahon urushi faxriysi Bekmirza ota Abdusalomovning holidan xabar oldilar. «Siz millat g‘ururi, faxru iftixori!» shiori ostida amalga oshirilgan mazkur tashrifda otaxonga birlamchi oziq-ovqat mahsulotlari yetkazib berilib, xonadonda obodonlashtirish ishlari ham olib borildi.

BARKAMOL AVLODNI SHAKLLANTIRISH YO‘LIDA

«Kim Vatanga sodiq bo‘lsa, mendirman o‘sha!» shiori ostidagi vatanparvarlik oyligi tadbirlari Mudofaa vazirligi Toifalangan ob’yektlarni qo‘riqlash qo‘shinlari qo‘mondonligining Qoraqalpog‘iston Respublikasi Taxiatosh tumanida joylashgan harbiy qismlaridan biri tomonidan keng miqyosda barcha aholi qatlamlarini qamrab olgan holda o‘tkazilmoqda.
Xususan, «Harbiy qismdagi bir kunim!» mavzusida 25 nafar uyushmagan yoshlarning harbiy qismga tashrifi uyushtirildi. Dastlab yurt himoyachilari uchun yaratilgan shart-sharoit va qulayliklarga guvoh bo‘lgan yoshlar harbiylarning qo‘l jangi bo‘yicha ko‘rgazmali chiqish­lari va o‘quv-moddiy bazasi bilan tanishdilar. Ma’naviy-ma’rifiy tayyorgarlik xonasida o‘tkazilgan suhbat davomida esa yoshlarning kun davomida olgan taassurotlari ting­landi.
Qorako‘llik harbiylar tomonidan ham tumandagi akademik litsey, xalqaro matematika maktabi hamda 1- va 8-umumta’lim maktablarida «Mard, jasur va sadoqatli vatanparvarlarni tayyorlash – maktabdan boshlanadi» mavzusida uchrashuvlar o‘tkazildi.
Ta’kidlash joizki, bu kabi keng qamrovli tadbirlar ham jismonan, ham ma’nan barkamol avlodni tarbiyalashga, ular qalbida yurtparvarlik, mehr-oqibat tuyg‘ularini yanada oshirishga xizmat qiladi.

Kapitan Farida BOBOJONOVA,
Toifalangan ob’yektlarni qo‘riqlash qo‘shinlari
qo‘mondonligi matbuot xizmati boshlig‘i