«Endi, Vatanim meni suymas ekan, men uni sevganligimdan, ulusim meni tanimas ekan, men uni taniganligimdan, Vatan ustida bo‘layotgan tarixiy o‘zgarishlarni va ham buning kelajakdagi yaxshi-yomon natijalarini ko‘rsatib, Vatan bolalariga ulgu bo‘lg‘udek, boshqalar bundan ibrat olg‘udek tarixiy bir asar yozishga kirishdim. Biroq men yolg‘izgina islomparast emas edim, balki yaralishimdayoq insonparast edim. Xalqqa qaysi yo‘lliq yaxshilik qila olg‘ayman deb, yoshlik-yigitlik davrlarimni g‘am-g‘ussa kunlari bilan o‘tkazdim. Endi esa soch-soqolim oqarib, qariligim yetdi. Yoshim saksonga erishib, ichki-tashqi kuchlarim orqaga chekindi, qarilik yukki ostida bukula turib, oldimizda ko‘rina boshlagan halokat chuquri yaqinlashayotganiga chidayolmay, kelajak bo‘g‘in nasllarimiz g‘amxo‘rligi uchun, har yoqlama qi­yinchiliklar bo‘lsa ham, shu tarixni yozishga boshladim. Qalamim tilidan dardlik so‘zlarim qonlik ko‘z yoshima qo‘shilib, bu kitob varaqlari yuziga to‘kilmish edi. Shuning uchun buning otini «TURKISTON QAYGʻUSI» qo‘ydim».
Ha, yaqin tariximizda shunday buyuk vatanparvar o‘tgan edi. «Qalamim tilidan dardlik so‘zlarim qonlik ko‘z yoshima qo‘shilib, bu kitob varaqlari yuziga to‘kilmish edi…» deya o‘rtangan ulug‘ qalbli insonni Alixonto‘ra Sog‘uniy derdilar. Zero, Vatan qayg‘usidan cho‘ngroq qayg‘u yo‘qdir.
Aziz o‘quvchi, siz «Sheryurak» badiiy filmini juda yaxshi eslaysiz. Chunki bu film katta-yu kichikning birdek muhabbatini qozongan. Jasorat, mardlik, muhabbat, vatanparvarlik, ilm, zakovat, olijanoblik er kishining ko‘rkidir. Har bir erkak bularning barchasiga sohib bo‘lishni xohlaydi. Ammo bularning bari bir insonda bo‘lishi kamdan kam uchraydi. Ulug‘ bobokalonimiz Alixonto‘ra Sog‘uniyda bundan ham ko‘proq fazilatlar mujassam edi.
Men mashhur filmni bejiz keltirmadim. Millatimizning katta-kichigi birdek maftuni bo‘lgan bu film qahramoni bilan Alixonto‘ra Sog‘uniyni taqqoslash fikridan yiroqman. Aytmoqchi bo‘lganim bobokalonimizning darajasi bu kabi qahramonlardan aaancha baland, yuksakdir!
Sizga o‘qishni tavsiya etayotganimiz «Turkiston qayg‘usi» kitobi 1966 – 1973 yillarda Toshkentda yozilgan. Bu davr siyosatini katta avlod juda yaxshi eslaydi. Sovet tuzumi gurkirab rivojlanayotgan bir davrda bu kabi kitobning bitilishi muallifdan nechog‘li ulkan jasorat talab etishini o‘qib chiqqach, anglaysiz.
U shunday yozadi: «…Insoniyat olamining ofati, kufr-nifoq madaniyatining zaharlik mevasi hisoblangan kommunistlar bozori qanday yerda qizidi? So‘zga tushunmagan, hech narsa bilmagan, ayniqsa, yo‘qsillik-kambag‘allikda yashayotgan gumroh, Vatan, millat nima ekanligini bilmaydigan ongsiz nodonlar ko‘p bo‘lsa, mana shular ichidagina rivojlanib, tezdan ishlari avj oldi».
Ko‘zga ko‘ringan ne bir iste’dodlar jon-jahdi bilan mustabid sovet tuzumini sharaflab yotgan bir pallada bunday so‘zlarni yozish, yana ko‘rinmas nigohlarning qattiq nazorati ostida yozish uchun jasoratning o‘zi kamlik qiladi. O‘zi degani kabi insonparast edi, Vatan, millat qayg‘usi, manfaati qo‘rquvdan, har narsadan ustun edi.
Bugun ona tilimiz ham muhofaza, himoyatalabdir. Hali ham oramizda mustabid tuzumni orzumandlik, «tashnalik» bilan xotirlovchilar mavjud. Bu, ayniqsa, ijtimoiy tarmoqlardagi tuturuqsiz da’volarda yaqqolroq ko‘rinadi. Bunga javobni «Turkiston qayg‘usi»dan topish mumkin.
O‘qiymiz: «Hozirgi o‘qimishlik, tushungan Vatan bolalarimiz, agar milliy hislik bo‘lmas ekanlar, ulardan bizga, ya’ni o‘z xalqiga foyda yetishi hech vaqt mumkin emasdir. Balki bolta sopini o‘zimizdan chiqargandek, yov qo‘lida tub ildizimiz bilan kesib quritishga qurol bo‘ladilar. U holda esa o‘zlaridan umid etilgan Vatan o‘g‘illarining qo‘llari bilan Vatan ahllarini ko‘mishga chuqur qaziladi demakdir».
Ha, bu so‘zlar eskirmasdir. Bu bizni har vaqt hushyor bo‘lishga undab turguvchi da’vatdir.
Yana o‘qiymiz: «…Milliy hokimiyatimizdan hozircha ajrab turgan bo‘lsak ham, milliy hissiyotimizdan ajramay, uni saqlay olsak, kelajakda dushmanlarga yutilishdan o‘zimizni qutqara olamiz. Endi bu maqsadga yetish uchun qo‘yilgan masalalarning eng birinchi sharti til masalasidir. Agar biz til-adabiyotimizni kengaytirib, uning qadr-qimmatini oshirib, boshqa madaniy tillar darajasiga yetqizur ekanmiz, mana bu chog‘da millatimiz, milliy hissiyotlarimiz doimiy ravishda o‘sib saqlang‘usidir. Agar bunday bo‘lmay, balki, aksincha, o‘z ona tili qadriga yetmasdan unga ahamiyat bermas ekanlar, u chog‘da ko‘p uzoqlamayoq alvido aytib, o‘z tillaridan abadiy ajragan bo‘ladilar. Shundoq bo‘lib o‘z ona tilidan ajramoqlik, milliy hissiyotlarini yo‘qotish natijasidir. Bu ish esa insoniyat olami oldida ulug‘ xiyonat, kechirilmas jinoyat hisoblanadi. Bunday bo‘ldi demak, ulug‘ Turkiston ulusi – Turon nasli bosqinchilar tilagicha, qurbon bo‘lgan holda inqirozga uchrab, Alloh saqlasin, tarix sahifalaridagi shon-sharaflik nom-nishonlari o‘chiriladi demakdir».
Mana, nima uchun tilga e’tibor berilishi kerak! Bugun ona tilimizning holati juda maqtanarli emas. Ijtimoiy tarmoqlarda uning qadr-qimmatini tushirishga bo‘lgan intilishlarning ham guvohi bo‘lyap­miz.
Alixonto‘ra Sog‘uniy Qur’on haqida qimmatli fikrlar bildiradi.
O‘qiymiz: «…Qur’on hukmlari, asosan, uch ishga to‘xtalmish:
1 – ittifoqlik;
2 – zamonaviy ilm-hunarni o‘rganib, har ishning sabablarini imkoniyat boricha to‘liqlash;
3 – dushman qarshisida o‘limdan qo‘rqmaslik.
Mana, shu uch narsaga hayot olamida har kim ega bo‘lar ekan, o‘z Vatanlarini, butun insoniy huquqlarini bosqinchi dushmanlar hujumlaridan, albatta, saqlay oladilar».
Uning o‘zida mana shu uch narsa mujassam edi. Alixonto‘ra Sog‘uniy «Turkiston qayg‘usi» asarida O‘rta Osiyoning istilo qilinishi, uch xonlikni tanazzulga olib kelgan xurofot, johiliyat haqida to‘xtalgan.
Bu kitobdan olgan taassurotlarimiz aytgan bilan tugamas. Unda Shodmon botir haqida bir-biridan qiziqarli voqealar bitilgan. Botirning kim ekanligi bilan qiziqqan kishi, albatta, bu kitobni qo‘liga olishiga ishonaman. Chunki eng go‘zal qissalar, hikoya, hikmatlar botirlar haqidadir.
Shodmon botir haqidagi ayrim parchalarni keltiramiz: «Shu yurganicha ergashgan tomoshachi kishilar birgaligida ko‘pchilik xalq o‘rashib olg‘on qalin chitrg‘anaq yaqiniga kelganida: «Hay jonivor, sen – hayvondan chiqqan yo‘lbars bo‘lsang, men insondan tug‘ilgan arslonmen!», deb yaroqlagan yalang qilichi bilan oning ustiga otilmish ekan, botir hujumiga yo‘lbars chidayolmay, yotgan yeridan qochib chiqayotganida inisi Momut otgan o‘qdan qattiq yaralanmish edi. Buni ko‘rgach: «Hay, endi yog‘iy yaralandi, yaralangan yovni xotin olg‘ay» – deb uyiga qaytmishdur».
Yana bir voqea shunday bo‘libdi: «Haj safariga ketayotganida mozorlarni ziyorat qilmoqchi bo‘lib, Samarqandga tushmush ekan. Amir Temur qabriga kirganida qarasa, sayohat uchun kelgan rus zobit (ofiser)laridan birovi Temur sulton qabriga oyog‘ini tirab xat yozayotganini ko‘ribdur. Buni ko‘rgach bahodurligi qo‘zg‘alib: Hay, puting kesilgur junbosh, er qadrini bilmagan, tort oyog‘ingni!», deb hayqirgan ekan, qo‘rqqanidan sapchib turib, kechirim so‘ramishdur».
Kitobda «Temur tuzuklari» haqida ham so‘z boradi. Bilasizki, tuzuklar tarjimoni ham Alixonto‘ra Sog‘uniyning o‘zidir. Biz aynan shu ulug‘ inson orqali «Temur tuzuklari» asli turkiy tilda yozilganini bildik. «Bu «oltin kitob» o‘z zamonasiga ko‘ra, siyosiy, harbiy yasoqlar qonunnomasi bo‘lganliqdan, Temur shahzodalari uni qizg‘anishib, yoshirib saqlamish edilar. Taxt talashgan shayboniylar temuriylarni yenggandan keyin, mirza Bobur padshohlikdan ajrab, xazinalarini tashlab qochgan bo‘lsa ham, unga rahmatlar bo‘lsin, bu kitobni u dushman qo‘lida qoldirmay olib ketmish ekan.
…Bu gavhar kitob ilk vaqtida yoshirin saqlanib, so‘nggi kunlari esa forscha bo‘lib qolgani uchun, shu kunlargacha o‘z ulusi, o‘z meros­xo‘rlari undan foydalanishi buyon tursin, balki, Temurning bunday kitob yozganligini, ba’zi tarixchilardan boshqa, hech kim bilmagan edi. Mana shundan foydalangan dushmanlar va ham ularning yaloqchilari bu jahon qahramoni haqida har turlik aqldan tashqari nohaq tuhmat so‘zlar yozib, matbuot orqali butun xalq ichiga tarqatmish edilar. O‘z tarixini tanimaganlikdan bularga qo‘shilganlar orasida o‘z sharafini bilmagan, olimsifat yerlik ahmoqlar ham oz emas edi».
Achchiq haqiqat… Axir biz ham tarix darsliklarida buyuk bobomiz sohibqiron Amir Temurni «qonxo‘r jallod» deb o‘rgangan edik. Tarix darsliklari orasida ajratilgan bir parchagina ham mamlakatimiz, muqaddas zaminimizga bag‘ishlangan yolg‘on-yashiqlardan iborat bo‘lgan ekan. Afsus.
«Turkiston qayg‘usi» haqida bu sahifamizda batafsil to‘xtalish imkonsiz. Bu asarni o‘qish kerak. Kitob qimmatini ta’riflashga ojizman. Tarixiy ilmiy asarlarga manba bo‘lishga arzirli, har turli oldi-qochdi, bir yoqlama fikrlardan yiroq asar.
Maqsadingiz o‘zingiz kabi yurt himoyasi, yurt taqdirini o‘z taqdiri deb biladigan farzandlar tarbiya­lash bo‘lsa, bu kitobni, albatta, o‘qishingiz lozim.

Inobat IBROHIMOVA,
«Vatanparvar»