Ulug‘ mutafakkir, so‘z mulkining sultoni Alisher Navoiyning boy ma’naviy merosi asrlar osha butun bashariyat olamini hayratga solib, insonlar qalbiga, ongu shuuriga ezgulik, vafo, go‘zal xulq, saxiylik, insonparvarlik, saxovat, mehr-muruvvat ziyosini taratib kelmoqda. Mir Alisher Navoiyning shoir va davlat arbobi sifatida o‘zbek milliy davlatchiligi, adabiyot, ma’naviyat va ma’rifat, tilshunoslik fanlari ravnaqiga qo‘shgan hissasi beqiyosdir.

Butun turk dunyosi Alisher Navoiyni «Shams ul-millat» – millat quyoshi, deb hamma davrlarda e’zoz bilan tilga oladi. Butun umrini turkiy til mavqeini ko‘tarish, turkiy adabiyot imkoniyatlarini dunyoga tan oldirish, turkiy davlatchilik asos­larini mustahkamlashga, jamiyatda haqiqat va adolat mezonlarini qaror toptirishga bag‘ishlagan bobokalonimiz bu e’tirofga to‘la-to‘kis munosib va haqlidir.
Alisher Navoiy 1441 yil 9 fevralda Xuroson o‘lkasining poytaxti Hirotda tug‘ildi. Zamondoshlari uni «Nizomiddin mir Alisher» deb ulug‘laganlar. «Nizomiddin» – din nizomi deganidir. Ko‘pincha, mansab egalariga nisbatan aytilgan «mir» – amir demakdir. Chunki u Husayn Boyqaro saroyidagi eng nufuzli amir bo‘lgan. Alisher bolalikdan ma’rifatli va ziyoli oila muhitida tarbiya topdi. Navoiyning otasi Gʻiyosiddin Muhammad temuriylarga yaqin amaldorlardan bo‘lib, o‘z davrining obro‘li va ma’rifatli kishilaridan sanalgan. Adabiyotshunos olim Davlatshoh Samarqandiyning yozishicha, u o‘g‘li Alisherning tarbiyasiga g‘oyat e’tibor qaratib, kelajakda fazilatli odam bo‘lib yetishmog‘i uchun astoydil harakat qilgan. Onasi Qobul amirzodalaridan Shayx Abusaid Changning qizi bo‘lgan. Bo‘lajak shoirning tog‘alari Mir Said Kobuliy yaxshi shoir, Muhammad Ali Gʻaribiy shoir, sozanda va xattot edilar.
Alisher oilada uchinchi farzand bo‘lib, maktabda bo‘lajak sulton Husayn Boyqaro bilan birga o‘qidi. U yerda savod chiqardi, she’r o‘qish va yod olish, she’r bitishga bolalikdan havas uyg‘ondi. Kichik maktab yoshida fors shoiri Farididdin Attorning katta yoshdagilar ham tushunishi qi­yin bo‘lgan «Mantiq ut-tayr» dostonini fors tilida o‘qib, ham uqib yod olgani uning yoshlik iste’dodining muhim qirralaridan edi.
1447 yilda podshoh Shohrux Mirzo vafot etib, poytaxt Hirot notinch bo‘lib qoladi. Alisherlar oilasi Iroqqa ko‘chib ketadi. Yo‘lda Taft shahrida Alisher mashhur tarixchi Sharafiddin Ali Yazdiy bilan uchrashadi, tiyrak va aqlli bolakayning zukkoligidan mamnun bo‘lgan keksa olim uning haqqiga duolar qiladi.
1451 yilda Alisherlar xonadoni Hirotga qaytadi. Ko‘p o‘tmay, taxtga Abulqosim Bobur Mirzo o‘tiradi. Alisherning otasi Gʻiyosiddin Muhammad Sabzavorga hokim qilib tayinlanadi. Alisher esa, o‘qishni davom ettiradi.
1453 yilda Alisherning otasi Gʻiyosiddin Muhammad vafot etdi. Alisher Abulqosim Bobur xizmatiga kirdi. Avval Sabzavorda, so‘ng Mashhadda yashadi. Ikki maktabdosh do‘st – Husayn va Alisher yana birga bo‘ldilar. Bu yillar ham yosh Alisher uchun o‘qish va bilim egallash yillari bo‘ldi.
She’rga bo‘lgan mehr Alisherni ijodga undadi. U 7-8 yoshlaridan she’r yoza boshladi. O‘zbekcha she’rlariga «Navoiy», forscha she’rlariga «Foniy» taxallusini qo‘ydi.
O‘smirlik davrlarida Alisher o‘qishda va yozishda tinim bilmas, she’r mutolaasidan charchamas edi. «Muhokamat ul-lug‘atayn» asarida o‘zining yoshlik chog‘ida mashhur o‘zbek va fors shoirlari nazmidan 50 ming bayt she’rni yod bilganini so‘zlaydi. Bolalik vaqtlaridayoq o‘z davrining Amir Shohiy, Lutfiy, Kamol Turbatiy kabi shoirlari bilan yaqindan aloqada bo‘ldi. Otasi vafotidan so‘ng yosh Alisherga taniqli ilm va adabiyot, san’at arboblaridan Sayyid Hasan Ardasher, Pahlavon Muhammad kabilar ustozlik qildilar. Sabzavorlik olim va shoir Darvesh Mansurdan aruz bo‘yicha ta’lim oldi.
1457 yilda Abulqosim Bobur Mirzo vafot etdi. Uning o‘rnini Abusaid Mirzo egalladi. Husayn Boyqaro taxt uchun kurashga sho‘ng‘ib ketdi. Navoiy esa Mashhad madrasalarida o‘qishni davom ettirdi. 1464 yilda Hirotga qaytib kelgan shoir hayotida noxushliklar boshlandi. Abusaid Mirzo taxtga da’vogar Husayn Boyqaroning yaqin kishilarini ta’qib ostiga oladi. Alisherning ota mulkini musodara qiladi, tog‘alari Kobuliy va Gʻaribiylarni qatl ettiradi.
Navoiy 1460 yillarning ikkinchi yarmida Samarqandda yashadi. Sohibqiron Amir Temur poytaxt qilgan bu ko‘hna shahar uning hayo­tida o‘chmas iz qoldirdi. Bu yerda o‘z davrining yetuk olimlaridan, xususan, shu kungacha asarlari Islom olamida moʻtabar sanalib kelayotgan Fazlulloh Abulays Samarqandiydek allomadan saboq oldi. Keyinchalik bu shaharni o‘z asarlarida «firdavs­monand» (jannatmisol) deb ta’rif etdi. Bu yerda shoir sifatida juda katta shuhrat topa bordi. Bir devonga yetib ortadigan asarlari bo‘lishiga qaramay, kamtarlik tufayli bo‘lsa kerak, o‘zi tartib bermaganligi uchun 1465 – 1466 yillarda uning muxlislari she’rlarini to‘plab, «Devon» tuzdilar. Bu kitob bugungi kunda shartli ravishda «Ilk devon» deb nomlanadi.
1469 yilda Hirot taxtiga Husayn Boyqaro chiqadi va Samarqandga xat yo‘llab, Alisher Navoiyni o‘z yoniga chaqirib oladi. Davlat ishlariga jalb etadi, avval muhrdor, so‘ng vazir qilib tayinlaydi. 1469 yil 14 aprel kuni, Ramazon hayiti bilan uyushtirilgan qabul marosimida Alisher Navoiy Husayn Boyqaroga yangi yozgan «Hiloliya» qasida­sini taqdim etadi. 1487 – 1488 yillarda Astrobodga hokimlik qildi. Husayn Boyqaro hokimiyat ishlarida Navoiyning aql va sadoqatiga tayanib ish ko‘rdi. Uning qarshiligiga qaramasdan, shoirni yuqori martabalarga tayinladi. Buyuk shoir «amiri kabir», «amir ul-muqarrab» unvonlariga musharraf bo‘ldi. Uning vazirlik yillari Hirotda obodonlik ishlari avj olgan, madaniyat gullab-yashnagan, adolat va haqiqat tug‘i baland ko‘tarilgan davr bo‘ldi.
Tarixchi Xondamirning «Makorim ul-axloq» asarida yozilishicha, Navoiy uch marta hajga otlanadi, ammo Husayn Boyqaro va o‘g‘illari o‘rtasidagi ixtiloflar tufayli muqaddas safar har gal ortga surilaveradi. Butun qalbi bilan Ka’baga intilsa-da, shoh va shahzodalar o‘rtasidagi taxt talashish­lar mamlakatning siyosiy yaxlitligiga zarba berib, elni qonga botirishi, navqiron yigitlarni tutdek to‘kishini o‘ylab Navoiy eng katta orzusini qurbon qiladi. Bunday fidoyilikdan tashqari, Navoiy 1480 yillar davomida o‘z mablag‘lari hisobidan Hirotda va mamlakatning boshqa shaharlarida bir necha madrasa, 40 ta rabot, 17 ta masjid, 10 ta xonaqoh, 9 ta hammom, 9 ta ko‘prik, 20 ga yaqin hovuz qurgan yoki ta’mirlattirgan.
Davlat ishlari bilan bir qatorda o‘zining sevimli mashg‘uloti – badiiy ijodni ham to‘xtatmadi. 1472 – 1476 yillarda «Badoye ul-bidoya» («Badiiylik ibtidosi»), 1476 – 1483 yillarda «Navodir un-nihoya» («Tuganmas nodirliklar») nomlari bilan ikki devon tuzdi. 1481 – 1482 yillarda «Chixl hadis» («Qirq hadis» yoki «Arbain») asarini yozadi.
1483 yilda turkiy tilda birinchi bo‘lib «Xamsa» yozishga kirishdi va misli ko‘rilmagan qisqa muddat – ikki yilda besh yirik dostondan iborat asarni («Hayrat ul-abror», «Farhod va Shirin», «Layli va Majnun», «Sab’ai sayyor», «Saddi Iskandariy») yozib tugatdi. Ilm va ijod ahli bu voqeani zo‘r shodliklar bilan qarshi oldi. Abdurahmon Jomiy Navoiy «Xamsa»siga yuksak baho berdi. Husayn Boyqaro buyuk shoirni o‘zining oq otiga mindirib, unga jilovdorlik qilib, Hirot ko‘chalarini aylantirdi. Bu insoniyat tarixida kamdan kam uchraydigan hodisa edi: qudratli davlatning shavkatli podshohi bir shoirga jilovdorlik qilsa. Mazkur hodisa ayni paytda Husayn Boyqaroning ma’nan yuksak, ma’rifatli va haqiqatpesha hukmdor bo‘lganligining dalilidir. Navoiy «Hayrat ul-abror» dostonida bejiz uni Shoh Gʻoziy deya ulug‘lamagan edi.
1488 – 1493 yillar shoir uchun ayriliq, og‘ir judolik yillari bo‘ldi. Do‘stlari, ustozlaridan Sayyid Hasan Ardasher (1488 yil), Abdurahmon Jomiy (1492 yil), Pahlavon Muhammad (1493 yil) ketma-ket vafot etdilar. Navoiy ularning xotirasiga bag‘ish­lab, uchta memuar – esdaliklardan iborat nasriy asarlar yaratdi. Navoiy fanning bir necha sohalarida qalam tebratib, zabardast olim ekanligini ham isbot etdi. O‘tmish mavzusida «Tarixi muluki ajam», «Tarixi anbiyo va hukamo» asarlarini yozgan. Turkiy adabiyotshunoslikda ham uning alohida o‘rni bor. Aruzga doir «Mezon ul-avzon», tazkirachilikka oid «Majolis un-nafois» kabi asarlar yaratdi. Bular o‘zbek (turk) tilida shu sohalardagi birinchi asarlar edi. Buyuk shoir tilshunoslik bilan ham qiziqdi. Lug‘atshunoslikka oid «Sab’atu abhur» («Yetti dengiz») nomli kitob yozdi. Ayniqsa, «Muhokamat ul-lug‘atayn» («Ikki til muhokamasi») asarida turk (o‘zbek) va fors tillarini solishtirib, o‘z ona tilining tuganmas imkoniyatlarini ilmiy asoslab berdi.
Navoiy 1490 yillarda adabiyotimiz tarixidagi yana bir katta hodisa – «Xazoyin ul-maoniy» («Ma’nolar xazinasi») majmuasini tuzdi. To‘rt devondan iborat bo‘lgan bu ulkan she’riy to‘plam shoirning turkiy tilda yozgan deyarli barcha lirik she’rlarini qamrab olgan edi. Shuningdek, fors tilini mukammal bilgan va unda ham barakali ijod qilgan shoir bu tilda yozgan she’rlarini to‘plab «Devoni Foniy»ni tuzdi.
Buyuk mutafakkir umrining oxiriga qadar ilm-u ijod bilan qizg‘in va samarali shug‘ullandi. Sharqda o‘tgan mashhur shayxlar, so‘fiylar hayoti haqida ma’lumot beruvchi «Nasoyim ul-muhabbat» asarini yozib tugatdi. So‘ng umr bo‘yi xayolini band etgan «Lison ut-tayr»ni qog‘ozga tushirdi. Boshqalar bilan olib borgan yozishmalari – xatlarini to‘plab «Munshaot» tuzdi. 1500 yilda buyuk mutafakkirning yaxshilik va yomonlik haqidagi qarashlarini o‘zida ifodalagan «Mahbub ul-qulub» asari tayyor bo‘ldi. Bu buyuk adibning hayoti va ijodidagi eng so‘nggi asari edi.
Alisher Navoiy 1501 yilning 3 yanvarida 60 yoshda vafot etdi.
Qayd etish lozimki, hazrat Navoiyning boy va serqirra ijodi faqat o‘zbek adabiyotidagina emas, balki jahon adabiyotida ham salmoqli o‘ringa ega. Navoiy lirik, epik va falsafiy asarlari bilan XV asr adabiyotida chuqur iz qoldirdi. Ulug‘ shoirning asarlari hayotlik davridayoq Xitoydan tortib, Kichik Osiyogacha yetib bordi va hozirda ham butun dunyo xalqlari tomonidan sevib o‘qilmoqda.
Navoiy ijodiga nazar tashlasak, she’riyatning 16 xil janrida ijod qilganligini bilib olamiz: g‘azal, ruboiy, tuyuq, fard, qit’a, muxammas, musaddas, musallam va hokazo. Bu kabi janrlarda hech bir shoir Navoiydek ijod qilganligini uchratolmaymiz.
Ulug‘ bobomiz she’r yozishda faqatgina o‘zbek tili imkoniyatlari bilan chegaralanib qolmagan, o‘rni kelganda boshqa tillardan ham unumli foydalangan. O‘zbekiston xalq yozuvchisi O‘tkir Hoshimov bu borada quyidagilarni qayd etadi: «Olimlar hisoblab chiqishgan. Pushkin o‘z asarlarida 21 ming 197 ta betakror so‘z ishlatgan, Shekspir salkam 20 mingta, Servantes 18 mingtaga yaqin. Alisher Navoiy esa 1 million 378 ming 660 so‘z, shu jumladan, 26 mingta betakror so‘z ishlatgan. Boisi, buyuk bobomiz faqat turkiy emas, forsiy, arabiy, urdu, xitoy, mo‘g‘ul va boshqa tillardagi so‘zlardan ham mahorat bilan foydalangan».
Dalillardan ko‘rinib turibdiki, Navoiyning so‘z zaxirasi nihoyatda ulkan bo‘lgan. Hazrat ishlatgan so‘z o‘yinlari ko‘lami ham beqiyosdir. Negaki, hazrat Navoiy she’rni shunchaki biror narsani bayon qilish emas, balki moʻjiza ko‘rsatish, deya e’tirof etganlar.
Navoiy nafaqat shoir, tarjimon, tilshunos olim, balki davlat arbobi sifatida ham tarixda katta iz qoldirgan. Ana shuning uchun ham uning ko‘p ruboiylari, dostonlari xalqni qay yo‘sinda baxtli-saodatli qilmoq mumkin, savoliga javob tariqasida yozilgandir.
Alisher Navoiy yashagan davrdan buyon besh asrdan ko‘proq vaqt o‘tdi. Movarounnahr tuprog‘i ne-ne bosqinlarga, toju taxt uchun qonli kurashlarga sahna va jang maydoni bo‘ldi. Ammo shoir ijodining qimmati aslo pasaymadi. Har avlod undan o‘zi uchun nimadir topdi. Navoiy asarlari xalqimiz uchun ma’naviy quvvat va yuksalish manbai bo‘ldi, uning shaxsiyati va ijodini tadqiq etish XV asrdan hozirga qadar olimlar, shoirlar, tarjimonlar, kotiblar, naqqosh va musavvirlar diqqat markazidagi masalalardan biri bo‘lgan.
Navoiy haqiqiy millatparvar shoir sifatida o‘zbek tili va adabiyo­timizning nechog‘lik boy, rang-barangligi va cheksiz imkoniyatlarini butun ijodi va serqirra faoliyati bilan isbotlab, uning nufuzini jahon miqyosiga olib chiqdi.
Shu ma’noda so‘nggi yillarda Alisher Navoiyning boy va serqirra ijodiy merosini har tomonlama chuqur o‘rganish, uning o‘lmas asarlarini yurtimizda va xorijiy mamlakatlarda keng targ‘ib qilish hamda xotirasini abadiylashtirish borasida ulkan ishlar amalga oshirilmoqda.
2016 yil Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti tashkil etilgani, yurtimizda hamda bir qator xorijiy davlatlarda Navoiyning haykallari o‘rnatilgani, asarlar to‘plami to‘liq nashrdan chiqarilgani, poytaxtimiz markazidagi ulug‘ bobomizning muazzam me’moriy yodgorligiga mutanosib ravishda «Adiblar xiyoboni» bunyod etilgani madaniy va ma’naviy hayotimizdagi ulkan tarixiy voqealarga aylandi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan ulug‘ shoir va mutafakkirning adabiy-ilmiy merosini mamlakatimizda va xalqaro miqyosda yanada chuqur tadqiq qilish va keng targ‘ib etish maqsadida 2020 yil 19 oktyabr kuni imzolangan «Buyuk shoir va mutafakkir Alisher Navoiy tavalludining 580 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida»gi qarori o‘z vaqtida qabul qilingani bilan katta ahamiyatga egadir.
Qarorga muvofiq, 2021 yilda buyuk shoir va mutafakkir Alisher Navoiy tavalludining 580 yilligi keng nishonlanadi. Boisi qaror bilan bu sanani nishonlash bo‘yicha amalga oshiriladigan chora-tadbirlar dasturi tasdiqlandi.
Qarorda belgilanganidek, Madaniyat vazirligi Tashqi ishlar vazirligi, Fanlar akademiyasi, Davlat bojxona qo‘mitasi bilan hamkorlikda xorijiy davlatlarda saqlanayotgan Alisher Navoiy qalamiga mansub va u yashagan davrga oid qo‘lyozmalarning faksimile nusxalarini mamlakatimizga olib kelish choralarini ko‘radi.
Fanlar akademiyasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi bilan birgalikda 2021 yil davomida Alisher Navoiyning qo‘lyozmalari asosida shoir asarlarining mukammal ilmiy nashrini yaratish ishlarini amalga oshiradi. Qolaversa, Alisher Navoiy ijodiy merosining sharhini yaratish ishlarini yakuniga yetkazib, ularni «Navoiy va yoshlar» maxsus dasturida joylashtirish uchun Yoshlar ishlari agentligiga taqdim etadi.
Prezident qarori bilan «Alisher Navoiy» nomidagi ordenning ta’sis etilayotgani yana bir quvonchli voqea bo‘ldi. Mazkur orden bilan Navoiyning ijodini chuqur o‘rganish, omma­lashtirishga ulkan hissa qo‘shgan yurtdoshlarimiz va xorijliklar, ilmiy va ijodiy muassasalar mukofotlanadi.
Shuningdek, mazkur qarorda Alisher Navoiy asarlarini uzluksiz o‘qitish konsepsiyasini ishlab chiqish hamda 2021/2022 o‘quv yilidan barcha ta’lim muassasalarida shu asosda o‘qitishni yo‘lga qo‘yish, O‘zbekiston milliy kutubxonasida Navoiy asarlari hamda navoiyshunoslik bo‘yicha qilingan tadqiqotlarning elektron platformasini yaratish ham belgilangan. Bunday choralar xalqimizni Navoiy ijodiga yaqinlashtiradi. 2021 yilda Toshkent shahrida Alisher Navoiy nomidagi ijod maktabining tashkil etilishi yoshlarning munosib izdosh, xalq xizmatiga kamarbasta insonlar bo‘lib yetishishiga zamin hozirlaydi.
Alisher Navoiyning maqbarasi Afg‘onistonning Hirot shahrida. Ushbu mamlakatdagi notinchlik sabab hazratning qabrini ziyorat qilolmasligimiz achinarlidir. Prezidentimizning qarorida esa hazratning maqbarasini obod etish tashabbusi ilgari surildi. Ya’ni, Navoiy maqbarasini obodonlashtirish imkoniyati o‘rganiladi, keyinchalik u yer obod qilinadi.
Umuman olganda, qarorda so‘z mulkining sultoni Alisher Navoiyning boy adabiy merosini o‘rganish va targ‘ib etishni keng yo‘lga qo‘yish, o‘quvchi yoshlar qalbi va ongiga Navoiy asarlarining mazmun-mohiyatini, ahamiyatini chuqur singdirish kabi muhim masalalar o‘z ifodasini top­gan. Shunday ekan, belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash, ulug‘ shoirning adabiy-ilmiy merosini mamlakatimizda va xalqaro miqyosda keng targ‘ib etishda faol va tashabbus­kor bo‘lishimiz talab etiladi.
Bir so‘z bilan aytganda, buyuk ajdodimizning insoniyat, jamiyat oldidagi buyuk xizmatlari nafaqat o‘sha davr bilan bog‘liq, balki bugun ham, kelajakda ham el-yurtga naf keltirishni oliy saodat deb bilganini komil inson, xalqparvarlik, millatlararo do‘stlik, tinchlik va osoyishtalik tarannum etilgan asarlari orqali ham yaxshi bilamiz. Shunday ekan, yurtimizda faoliyat olib borayotgan turli soha vakillari bilan bir qatorda davlat harbiy tashkilotlarida xizmat qilayotgan biz harbiylarning ham hazrat mir Alisher Navoiy asarlarini qo‘ldan qo‘ymay, o‘qib o‘rganishimiz ham farz, ham qarz hisoblanadi.

Qahramon KAMOLOV,
Mudofaa sanoati bo‘yicha
davlat qo‘mitasi
raisining maslahatchisi