Dunyoda kechayotgan harbiy-siyosiy vaziyat bugun barchamizdan har qachongidan-da hushyor bo‘lishni talab etmoqda. Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan mamlakatimiz xavfsizligi va barqarorligi, uning sarhadlari daxlsizligini ta’minlash bo‘yicha taktik va strategik vazifalarni samarali hal etishga qodir bo‘lgan, zamonaviy, harakatchan, har tomonlama yaxshi qurollangan armiyani tashkil etish bo‘yicha ulkan ishlar amalga oshirib kelinmoqda.

Prezidentimizning tegishli farmoniga muvofiq viloyat hokimliklari huzurida harbiy-ma’muriy sektorlar tashkil etildi. Dunyoning hech bir mamlakatida uchramaydigan bu tajriba bugun o‘z samarasini berdi: qisqa vaqtlarda qo‘shinlarda yillar davomida yig‘ilib qolgan tizimli muammolar bartaraf etilib, milliy armiyamiz har qachongidan-da zamonaviylik kasb etib bormoqda.
Mudofaa vazirligining harbiy-ma’muriy sektorlar bilan hamkorlikda olib borgan kapital qurilish va ta’mirlash ishlari natijasida, qo‘shinlardagi eskirgan jangovar tayyorgarlik ob’yektlari va o‘quv-moddiy bazasi, harbiy shaharcha va poligonlar infratuzilmalari zamon talablariga mos ravishda takomillashtirildi. Bu o‘z-o‘zidan ona Vatan himoyachilarining doimiy jangovar shaylikni ushlab turishida ulkan ahamiyat kasb etyapti.
Yana shuni alohida ta’kidlash lozimki, harbiy-ma’muriy sektorlar hamkorligida o‘tkazilayotgan harbiy-vatanparvarlik ruhidagi keng ko‘lamli ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar yurtimiz aholisi, ayniqsa yosh avlod vakillari qalbida Vatanga sadoqat hissini oshirishga, harbiy kasb egalariga bo‘lgan hurmat tuyg‘ularining ortib borishiga xizmat qilmoqda.
Mudofaa vazirligi markaziy apparatida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi a’zolari hamda vazirlik mas’ul ofiserlari ishtirokida o‘tkazilgan yig‘ilishda davlat byudjeti va harbiy-ma’muriy sektorlar mab­lag‘lari sarflanishining to‘qqiz oylik natijalari tahlil etilib, milliy armiyamizning jangovar salohiyatini yanada oshirish, zamonaviy va professional armiyani shakllantirish borasida olib borilayotgan ishlar haqida tegishli ma’lumotlar berildi.
Yig‘ilish davomida kelgusida bajarilishi lozim bo‘lgan dolzarb vazifalar va ularning ijrosiga doir masalalar kelishib olindi.

I. NORMAMATOV