Mudofaa vazirligi markaziy apparatida yuksak davlat mukofotlari bilan taqdirlangan harbiy xizmatchilarga mukofotlarni topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Unda mudofaa vaziri general-mayor Bahodir Qurbonov, vazir o‘rinbosarlari, mas’ul ofiserlar va keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi. Video­konferens-aloqa tarzida o‘tkazilgan mazkur tadbirda barcha harbiy okruglar ishtiroki ham ta’minlandi.
Dastlab davlatimiz madhiyasi yangradi.
Shundan so‘ng mudofaa vaziri so‘zga chiqib, 2020 yilda qo‘shinlarda amalga oshirilgan ishlar sarhisobi bilan tanishtirdi. Shuningdek, 2021 yilda bajarilishi lozim bo‘lgan asosiy vazifalarga ham to‘xtalib o‘tdi.
Darhaqiqat, mudofaa vaziri o‘z nutqida ta’kidlab o‘tganidek, 2020 yil nafaqat dunyo xalqlari, balki vatandoshlarimiz uchun ham sinovli yil bo‘ldi. Lekin shunga qaramasdan, bu yil ham ulkan qurilish, bunyodkorlik ishlari va islohotlar jarayoni barcha sohalarda jadal suratlarda davom etdi. Xususan, mudofaa vazirligi qo‘shinlarida amalga oshirilgan ulkan ijobiy o‘zgarishlar bugun Vatan himoyachilarining yuqori professionalligini ta’minlab turibdi.
Sarhisob qiladigan bo‘lsak, o‘tgan yil juda ko‘p harbiy xizmatchilar davlatimizning yuksak mukofotlari bilan taqdirlandi. Boisi, pandemiya va yurtimizda ro‘y bergan favqulodda holatlarni bartaraf etishda yurt posbonlari ulkan jasorat namunalarini ko‘rsatdi va ko‘rsatmoqda.


Mukofotlarni o‘z egalariga topshirayotgan mudofaa vaziri general-mayor Bahodir Qurbonov 2021 yil ham qo‘shinlarda «Jangovar vzvod yili» bo‘lishini e’lon qildi va jumladan shunday dedi:
– Jangovar tayyorgarlik qo‘shinning kuch-qudratini, salohiyatini ko‘rsatib beradi. Biz o‘tgan yili o‘z professionalligimizni yuqori bosqichga ko‘tardik va buni turli musobaqalar hamda xalqaro armiya o‘yinlarida isbotlay oldik. Endi bundan ham ko‘proq ter to‘kishimiz, o‘z ustimizda yanada ko‘proq mehnat qilishimiz kerak. Bizga faqat a’lo va yaxshi baholar yarashadi. Axir Vatanni uch bahoga himoya qilib bo‘lmaydi!
Tadbirda videokonferens-aloqa orqali ishtirok etgan harbiy okruglarning qisqa axboroti ham tinglandi.

Leytenant Islomjon QO‘CHQOROV,
«Vatanparvar»