Yangi 2021 yilning ilk kunlarida Vatan himoyachilari kuni hamda O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganining 29 yilligini keng nishonlar ekanmiz, davlatimiz rahbarining, xalqimizning, keng jamoatchilikning Vatan himoyachilariga bo‘lgan yuksak ishonchi va mehru muhabbatini chuqur his qilmoqdamiz. Zero, qadimdan o‘z isbotini topib kelayotgan bir haqiqat bor, ya’ni yurtning ilmli, mard va fidoyi yoshlari hamisha xalqdan kuch-quvvat olgan.

Butun dunyo ahli uchun tahlikali kelgan 2020 yilning so‘nggi kunlari, yangi yil arafasida barchamiz O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlisga Murojaatnomasini mamnuniyat bilan tingladik. Davlatimiz rahbari xalqimizning, xususan, ezgulikni o‘ziga shior qilgan fidoyilarning, og‘ir kunlarda el dardiga darmon bo‘lgan mutaxassislarning, o‘z kasbini ardoqlab, mamlakatimiz rivojiga hissa qo‘shgan va qo‘shayotgan vatandoshlarimizning xizmati va mehnatini alohida e’tirof etdilar.
Murojaatnoma 2021 yilda hayotning barcha jabhalarini isloh qilishga qaratilgan faoliyat yo‘nalishlarini belgilab bergani bilan ahamiyatli bo‘ldi. Sohalar kesimida bajarilishi kerak bo‘lgan ustuvor vazifalarning aniq ko‘rsatkichlari aks etgan Murojaatnomada qo‘yilgan topshiriqlar va muhim vazifalar o‘tgan yildagi ishlarning mantiqiy davomini o‘zida mujassam etdi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev taklifiga muvofiq, 2020 yildagi yuksak marralarni ko‘zlab amalga oshirilgan ishlarni davom ettirish va yuksak bosqichga ko‘tarish maqsadida 2021 yil mamlakatimizda «Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili» deb e’lon qilindi. Demak, boshlanayotgan yil Murojaatnomada bayon qilingan har bir ustuvor yo‘nalish ijrosi bilan davlatimizni taraqqiy ettiradigan, tinchlik-osoyishtalikni barqaror etadigan yil bo‘lib, mamlakatimiz tarixida yangi sahifa ochadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qo‘mondoni Shavkat Mirziyoyev Murojaatnomada mamlakatimiz Qurolli Kuchlari faoliyatiga alohida to‘xtaldi. O‘zbekistonning hududiy yaxlitligi va xalqimizning osoyishta hayotini himoya qilishda ishonchli kafolat, tog‘dek tayanch bo‘lib kelayotgan milliy armiyamiz qo‘shinlarida jangovar tayyorgarlik, yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ta’minot, ijtimoiy muhofaza yo‘nalishlarida boshlangan ishlar izchil davom ettirilishini ta’kidladi.
Darhaqiqat, o‘tgan yil davomida qo‘shinlarda jiddiy o‘zgarishlar, islohotlar o‘tkazildi. Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarini rivojlantirish, harbiy jamoalarga uyg‘oq ruhni olib kirish, jangovar tayyorgarlik, ta’minot va boshqa yo‘nalishlarda to‘p­langan muammolarni hal qilish, lo‘nda qilib aytganda armiyaning qiyofasini tubdan o‘zgartirish uchun jiddiy harakatlar amalga oshirildi. Dunyo­da sodir bo‘layotgan hodisalarni, harbiy va mudofaa sohasidagi yangiliklarni tahlil etgan holda ilg‘or tajribalarni o‘rganish, harbiy xizmatchilarni mutaxassisligidan kelib chiqqan holda har tomonlama tayyorlash borasida amaliy ishlarga qo‘l urildi. Bu jarayonda harbiy okrugimizda askardan to qo‘mondongacha, oddiy xizmatchidan to tajribali mutaxassisgacha – barcha faol ishtirok etdi. Natijada ko‘plab yutuqlarga erishdik. Pandemiya sharoitida harbiy xizmatchilarimiz o‘z burchi va majburiyatlariga vij­donan yondashib, Vatan oldidagi qasamyodiga sodiq qoldilar.
Qo‘shinlarning jangovar xizmat faoliyatini takomiliga yetkazish bo‘yicha dala-o‘quv maydonlarining infratuzilmasi butunlay qayta ko‘rib chiqildi. O‘quv joylari zarur vositalar va anjomlar bilan jihozlandi. Har bir mutaxassisning murakkab sharoitdagi kuchli ruhiy zo‘riqishi va jismoniy yuklamada chidamliligini oshirish borasida jang sharoitidagi tarbiyaviy ishlar takomillashtirildi. Harbiy xizmatchilar istalgan vaqtda, harakat holatidan qat’i nazar qo‘yilgan vazifani benuqson bajara olishiga erishishi uchun eng zamonaviy axborot kommunikasiya texnologiyalari amaliyotga joriy etildi.
Yil davomida «Men g‘olib!» shiori ostida o‘tkazilgan jangovar tayyorgarlik mashg‘ulotlarida, tanlov va musobaqalarda intellekt va tahliliy tafakkur qo‘shinlarni boshqarish, yuqori texnologiyalarga ega qurol-yarog‘larni ishonch bilan qo‘llash va qo‘yilgan vazifalarni bajarishga yangicha yondashuvda muhim ahamiyat kasb etdi.
Davlatimiz rahbari va xalqimizning yuksak ishonchiga javoban 2021 yilda ham mudofaa sohasi islohoti bo‘yicha belgilangan vazifalarning sifatli amalga oshirilishi, axborot-kommunikasiya texnologiyalarini joriy etish orqali qo‘shinlarni boshqarish tizimini, harbiy-vatanparvarlik, ma’naviy-ma’rifiy yo‘nalishdagi ishlarni takomillashtirish borasida qator ishlarni amalga oshirishni maqsad qilib qo‘ydik.
Inson o‘zligini anglagani, nasl-nasabini chuqurroq bilgani sari yuragida Vatanga muhabbat tuyg‘usi ildiz otib, ulg‘aya boradi. Bu ildiz qancha teran bo‘lsa, tug‘ilib o‘sgan yurtga muhabbat ham shu qadar yuksak bo‘ladi. Bu O‘zbekiston tuprog‘ida yashayotgan, uni o‘z ona Vatani deb biladigan barcha millat va elatlarga birdek daxldordir.
Xalqimiz boy tarix, yuksak madaniyat va buyuk ma’naviyatga ega. Zero, eng qaltis va tahlikali davrlarda millatimizga umid va ishonch bergan, uni yovlarga qarshi kurashga undagan, ajdodlarimizni ilmiy kashfiyotlar, harbiy zafarlarga, ma’rifat mash’alini baland ko‘tarib, jaholatga qarshi chiqishga chorlagan beqiyos kuch ma’naviy jasorat tuyg‘usidir.
Vatan himoyachilari kuni bayrami munosabati bilan yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash ishlarini tizimli, bosqichma-bosqich va samarali tashkil etish maqsadida, ta’lim muassasalari, mahallalar, eng chekka hududlarda, harbiy qismlarda o‘tkazilayotgan turli o‘yin va musobaqalar, Qo‘mondon va yoshlar uchrashuvlari, mardlik saboqlari, ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarda ilg‘or harbiy xizmatchilar, boy hayotiy tajribaga ega bo‘lgan Qurolli Kuchlar faxriylari, ilm-fan, madaniyat va sport sohalarida, turli musobaqa va tanlovlarda g‘olib bo‘lgan yosh avlod vakillari ishtirok etmoqda. «Kim Vatanga sodiq bo‘lsa, mendirman o‘sha!» shiori mazmun-mohiyatiga uyg‘un tarzda nishonlanayotgan Vatan himoyachilari kuni tadbirlarida O‘zbekiston yoshlar ittifoqining hududiy, mahalliy kengashlari, «Mahalla» xayriya jamoat fondi, «Nuroniy» jamg‘armasi, Xotin-qizlar qo‘mitasi va ularning hududiy bo‘limlari bilan hamkorlik qilinmoqda.
Tarix sinovidan o‘tgan haqiqat shuki, ezgu g‘oyalarga, ma’naviy merosga, an’analar va zamonaviy talablarga asoslanmagan har qanday davlat tizimi uzoqqa bormaydi. Dunyoda eng qiyin ish insonni tarbiyalash, uning ongu tafakkurini shakllantirish, degan gap bor. Chunki bu borada quruq so‘z va hatto bilim-tajribaning o‘zigina kifoya qilmaydi. Bu borada avvalambor, inson o‘zining amaliy ishi va ezgu sa’y-harakatlari, fidoyiligi bilan maqsadning to‘g‘riligi, haqqoniyligini isbotlab berishi kerak.


Bizning maqsadimiz oddiy va hayotiy – harbiy xizmatchilar, shu jumladan, yoshlar qalbi va ongida insoniy tuyg‘ular qaror topishi, olijanob fazilatlar ustuvor bo‘lishiga erishish. Tabiiyki, bunda farzandlarimizning nafaqat bilimini oshirish, balki ular qalbida mustaqilligimizni mustahkamlash bilan bog‘liq yangicha tafakkur, yangi g‘oyalarni kamol toptirish, ularni yurtimiz tinchligi, xalqimiz farovonligi va Vatanimiz taraqqiyotini ta’minlash yo‘lida ezgu ishlarga rag‘batlantirish, odamlar ongu shuurida hayotimizning turli sohalarida olib borilayotgan keng qamrovli islohotlarga daxldorlik, bunyodkorlik, kelajakka ishonch va shukronalik tuyg‘ularini rivojlantirish muhim ahamiyat kasb etadi.

Polkovnik Z. SAYFUDINOV,
Toshkent harbiy okrugi
qo‘shinlari qo‘mondoni