Mudofaa vazirligi Havo hujumidan mudofaa qo‘shinlari va Harbiy havo kuchlari qo‘mondonligida «2020 yilda Havo hujumidan mudofaa qo‘shinlari va Harbiy havo kuchlari qo‘mondonligi harbiy qism va qo‘shilmalarida parvozlar xavfsizligi holatini tahlil qilish» mavzuida anjuman o‘tkazildi.

Dastlab tadbir ishtirokchilari poytaxtimizdagi Harbiy uchuvchilar yodgorligi poyiga gulchambarlar qo‘yib, Vatan tinchligi va osoyishtaligi yo‘lida jon fido qilgan hamkasblarining yorqin xotirasiga hurmat bajo keltirdi.
Anjumanning ochilish marosimida mudofaa vazirining o‘rinbosari – Havo hujumidan mudofaa qo‘shinlari va Harbiy havo kuchlari qo‘mondoni general-mayor A. Burxonov so‘zga chiqib, mamlakatimizda Qurolli Kuchlar, xususan, harbiy aviasiya rivojiga alohida e’tibor qaratilayotgani, zamonaviy uchish apparatlari xarid qilinib, ularni erkin boshqarishga qodir, har tomonlama yuqori malakali kadrlar uzluksiz tayyorlanayotganini ta’kidladi.
Qo‘mondonlikka qarashli barcha qo‘shilmalar va harbiy qismlar komandirlari, ularning o‘rinbosarlari ishtirok etgan anjumanda parvoz ishlarining tashkil etilish holati, aviasiya-muhandislik ta’minoti, muhandis-texnik xodimlar tomonidan erishilgan yutuqlar hamda yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar atroflicha muhokama qilindi.
Shuningdek, «2020 yilda parvozlarni meteorologik va ornitologik ta’minlash masalalari», «Parvozlarning yer usti ta’minoti vositalari ishini tahlil etish», «Aerodrom-texnik ta’minoti, 2020 yilgi parvozlar moddiy-texnik ta’minotidagi kamchiliklar va ularni hal etish yo‘llari», «Uchuvchi va muhandis-texnik xodimlarning sog‘lig‘i va tibbiy ta’minoti statistikasi» singari mavzulardagi ma’ruzalar yig‘ilganlarda katta qiziqish uyg‘otdi. Qolaversa, joriy yilda aloqa bo‘linmalari va radio yoritish texnik ta’minoti parvozlari hamda O‘zbekiston Respublikasi havo bo‘shlig‘idan foydalanish yagona boshqaruv tizimining bosh markazi faoliyati sarhisobi bo‘yicha ma’lumot berildi.
– Pandemiya hamda kutilmagan ofatlardan jabrlangan fuqarolarni qutqarish va evakuasiya qilish, bemorlarga zarur tibbiy uskuna va birlamchi dori-darmonlarni yetkazib berishda harbiy aviasiyaning o‘rni katta bo‘ldi, – deydi podpolkovnik Kamoliddin Nizomov. – Bu esa shaxsiy tarkibning jangovar va ma’naviy-ma’rifiy tayyorgarligini ikki hissa oshirdi, desam xato bo‘lmaydi. Bugungi anjuman oldimizdagi maqsad va rejalarni yanada aniq belgilab, bor kuch-g‘ayratimizni Qurolli Kuchlarimiz nufuzini oshirish uchun safarbar etishga undaydi.
Anjuman so‘ngida qo‘mondonlik tomonidan parvoz xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha amaliy taklif va tavsiyalar o‘rtaga tashlandi hamda kelgusidagi ustuvor vazifalar belgilandi.

Dilshod RO‘ZIQULOV, «Vatanparvar»