Mudofaa vazirligi Havo hujumidan mudofaa qo‘shinlari va Harbiy havo kuchlari qo‘mondonligiga qarashli Jizzax viloyatidagi harbiy qismda Vatanimiz himoyachilarining ma’naviy jihatdan barkamol va yetuk shaxs bo‘lib yetishishlari uchun barpo etilgan zamonaviy «Ma’naviyat va ma’rifat markazi»ning ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Kapital ta’mirdan chiqqan ushbu bino o‘zining bir qancha imkoniyatlari bilan samoda qalqon, yerda posbon bo‘lgan yurt o‘g‘lonlarining jangovar tayyorgarlik mashg‘ulotlaridan bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazishga va o‘zlarining ma’naviy va ma’rifiy tayyorgarliklarini oshirishlariga xizmat qiladi.
Yangi binoni topshirish marosimida so‘zga chiqqanlar O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganligining 29 yilligi arafasida yaratilayotgan imkoniyatlar milliy armiyamiz qudratini yanada yuksaltirishga qaratilayotganligi hamda harbiy xizmatchilarning ham ma’nan, ham jismonan chiniqishlari uchun zamin yaratilayotganini ta’kidlab o‘tishdi.
Shundan so‘ng, harbiy xizmatchilar, faxriylar va keng jamoatchilik vakillari ishtirokida harbiy qismda kapital ta’mirdan chiqarilgan va yangidan barpo etilgan Ma’naviyat va ma’rifat markazi, oshxona hamda yong‘in o‘chirish brigadasi deposi bilan yaqindan tanishdilar.


Yangicha ko‘rinishga ega bo‘lgan Ma’naviyat va ma’rifat markazida Yoshlar ittifoqi boshlang‘ich tashkiloti xonasi, 280 o‘ringa mo‘ljallangan madaniyat zali, zamonaviy jihozlar hamda elektron kutubxona uchun 17 dona kompyuterlar to‘plami bilan ta’minlangan, 4 mingdan ortiq adabiyotlar, 5 mingga yaqin elektron kitoblarni o‘z ichiga olgan kutubxona samo qalqonlariga bayram sovg‘asi bo‘ldi.
Shu kuni 250 o‘ringa ega shinam va qulay oshxona va yangitdan qurib bitkazilgan yong‘in o‘chirish deposi, yotoqxona, o‘quv sinflari, maishiy xizmat ko‘rsatish xonasining foydalanishga topshirilishi ham harbiy xizmatchilarning ijtimoiy qo‘llab-quvvatlanishining yana bir namunasi bo‘ldi.

Nilufar ALIYEVA,
O‘zJOKU harbiy jurnalistika yo‘nalishi talabasi