Bolaligimdan dengizni yaxshi ko‘raman. Lekin ona Vatanimni undan ko‘proq sevishimni keyin bildim. O‘zim orzu qilganimdek, qirg‘og‘i ko‘rinmaydigan daryo bo‘yidaman. Suv jimirlab, ko‘ngilni sururlantiradi. Mehmonxonaning derazasidan Volga daryosi ko‘rinib turishi yana ham yoqimli.
Erta tongda turib, daryo bo‘yini aylandim. Top-toza havodan sipqorib nafas olarkanman, Baxmal tog‘larini qo‘msayotganimni sezib qoldim. Qoyalar ustida qishloqni tomosha qilish, ota uyni topish qanchalar maroqli!? Dunyobexabar koptokning ortidan chopishlar, xayolan «nindzya»ga aylanishlar, kamon yasab, hind filmlariga taqlidan nishonga olishlar, futbol chog‘i bexosdan janjallarga sabab bo‘lish, qor o‘ynash, muz qoplagan qirda toyish…
Keyin ulg‘ayib qoldik. To‘g‘rirog‘i, majbur bo‘ldik. Bolalik bizni tark etayotgandi. Keyin o‘zim qishlog‘imni tark etishimga to‘g‘ri keldi. Musofir bo‘lib yurganimga 20 yildan oshibdi. Har gal uyga borsam, rizqimiz sababi bo‘lgan besh panjali buloqqa borib, ziyorat qilaman. Zilol suvidan qonib-qonib ichaman. Qaytib shu yerlarga kelganimga shukur qilaman.
Karantin bo‘lib, uydan chiqish taqiqlangan, boshqalar ishga bormay turgan bir pallada Xalqaro armiya o‘yinlarini yoritish uchun Rossiya Federasiyasiga xizmat safariga boradigan bo‘ldik. Samolyot qo‘zg‘alib, zamin bulutlar ortidan ko‘rina boshlagandan keyin, taqdirning taqozosini angladim.
Har bir insonning yaqinlari yurak hovuchlab qolganini yashirishga hojat yo‘q. Koronavirus xavfi, hamma bir-biridan hadiksiragan. Samolyotda jamlangan harbiy xizmatchilarni yagona maqsad – g‘alaba bilan qaytish fikri birlashtirardi.
U yerda bir oiladek bo‘lib qoldik. Kattalarning dashnomi ham mehrli. Bizni o‘ylab koyishadi. Ikki-uch kun o‘tmay, yaqinlarni sog‘ina boshladim. Haftada bir gaplashib, gaplashmaydigan qarindoshlarni hol-joniga qo‘ymayman: yozinglar, rasm yuboringlar…
Erta turib, yugurishga chiqamiz. O‘zbek yigit-qizlarini ko‘rsak, sevinamiz. Musofir yurgan partadosh sinfdoshim bilan ko‘rishdik. Birga shahar aylandik. Choyxonaga kirib yegan oshimiz yurtdagidek shirin bo‘lmasa ham qadrli.
Saratov Moskvadan samolyotda bir soatlik yo‘l ekan. Gapning indallosida aytganimdek, mehmonxona shundaygina Volga daryosining bo‘yida. Derazadan qayta-qayta tashqariga qarayman. Orolga o‘tkazuvchi ko‘prik tunda yana ham chiroyli ko‘rinadi. Tongda odamlar badantarbiya bilan shug‘ullanib yuribdi. Yugurgani qaysi!?
Har bir hujayrangizning nafas olayotganini his qilasiz.
Shu asnoda yurak bir entikib, tug‘ilgan manzillarni, yaqinlarni qo‘msaydi. Dunyo qadamingga poyondoz bo‘lsa ham ko‘zingga ko‘rinmaydi. Vatanga yaqinlashishni o‘ylashning o‘zi hayajonli. Endi ko‘proq qaytish haqida suhbatlasha boshladik.
– Xizmat safariga bir oy ko‘p ekan…
– O‘rigidan danagi shirin, nabiramni sog‘indim.
Yaqinlarga sovg‘a-salom olish musobaqaga aylanib ketdi, go‘yo. O‘zbekona mehr taftidan dilingiz yayraydi. Vatanni sog‘inasiz. Mashinalar bisyor shahar, cheku chegarasiz o‘rmonlar, jilvalangan daryolar o‘ziga jalb qilmay qo‘yadi. Baxmalimga borib, zilol chashmaning muzdekkina suvidan bir piyolagina ichishni qo‘msayman.
Xalqaro armiya o‘yinlarida O‘zbekiston Mudofaa vazirligi harbiylari 32 ta ishtirokchi mamlakat orasida umumjamoa hisobida faxrli 3-o‘rinni egalladi. Safar poyoniga yetib, samolyot Toshkent xalqaro aeroportiga qo‘nishi bilan o‘tirganlar xursandchiligidan qarsak chalib yubordi. Charchoqlar unutildi. Ona Vatan havosidan to‘yib-to‘yib nafas oldik.

Aziz NORQULOV