Tarix saboqlaridan ma’lumki, har qanday ezgu niyat, orzu maqsadlarning ro‘yobi, avvalo, jamiyatdagi tinchlik va xotirjamlik bilan chambarchas bog‘liq. Bugun dunyoning ayrim mamlakatlarida ro‘y berayotgan siyosiy beqarorliklar, davlatlarning osuda hayotiga rahna solayotgan tahdidlar barchamizni yurtimiz tinchligi, hayotimiz farovonligini ko‘z qorachig‘idek asrashga, qadrlashga undaydi.

Harbiy sohada olib borilayotgan izchil islohotlar bois, bugun milliy armiyamiz safidagi xizmat shu yurt, shu zamin farzandlari uchun nafaqat konstitusiyaviy burch, balki eng nufuzli va sharafli kasblardan biriga aylandi. Tom ma’noda harbiy xizmat – yoshlarimizning irodasini toblaydigan, ularning ongu shuurida o‘z Vatani va xalqiga sadoqat, jasorat hamda matonat tuyg‘ularini shakllantiradigan haqiqiy hayot maktabi vazifasini o‘tamoqda.
Men, buyuk sarkarda, Sohibqiron Amir Temurning «Askarlari baquvvat el qudratli bo‘lur, qud­ratli elning askarlari baquvvat bo‘lur», degan teran mohiyatli so‘zlarini ko‘p tak­rorlayman. Zero, bugun jismonan baquvvat, murakkab texnikalarni o‘zlashtira olish qobiliyatiga ega harbiy xizmatchilarimiz, keng dunyo­qarashi, yuksak ma’naviy-axloqiy fazilatlari bilan ham yurtdoshlarimiz, ayniqsa, yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash ishiga munosib hissa qo‘shib kelmoqda. Ushbu fidoyi, jonkuyar yurt himoyachilari safida Mudofaa vazirligi Toifalangan ob’yektlarni qo‘riqlash qo‘shinlari qo‘mondonligi harbiylari ham bor.
O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganining 29 yilligi va Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan «Kim Vatanga sodiq bo‘lsa, mendirman o‘sha!» degan ustuvor g‘oya asosida bosh­langan «Vatanparvarlik oyligi» tadbirlari qo‘mondonlik harbiy qismlarida ham ko‘tarinki ruhda o‘tmoqda.
Bugun «Vatanparvarlik», «Muruvvat» va «Saxovat» karvonlari kirib bormagan maktabgacha ta’lim tashkilotlari, umumta’lim maktablari, kollej va liseylar, mahallalar, nogironlar va mehribonlik uylari qolmadi. Bu jarayonda asosiy e’tibor olis hududlarga, jumladan Qoraqalpog‘iston Respublikasining Akshalak qo‘rg‘oni va Taxiatosh tumani, Navoiy viloyatining Uchquduq hamda Zarafshon shaharlari, shuningdek, qo‘mondonlik bo‘linmalari joylashgan boshqa barcha hududlarga qaratilib, joylarda faoliyat olib borayotgan targ‘ibot guruhlari tomonidan aholi qalbida yurtga sadoqat, Vatanimiz kelajagiga daxldorlik hissi bilan yashash tuyg‘ularini shakllantirishga yo‘naltirilgan keng ko‘lamli tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Mazkur jarayonda harbiy xizmatchilarimiz tomonidan 77 nafar Ikkinchi jahon urushi qatnashchisiga hamda 184 nafar mehnat faxriysiga moddiy va ma’naviy yordam ko‘rsatilib, ehtiyojmand, boquvchisini yo‘qotgan, nogironligi bo‘lgan yurtdoshlarimiz, shuningdek, marhum harbiy xizmatchilarning oilalaridan ham muntazam ravishda xabar olinmoqda.
«Mardlik va jasorat», «Armiya va yoshlar», «Mard, jasur va sadoqatli vatanparvarlarni tarbiya­lash – maktabdan boshlanadi!», «Armiya – yoshlar nigohida!» mavzularida o‘tkazilayotgan ma’naviy tadbirlar davomida esa jangovar-xizmat faoliyatida muvaffaqiyatlarga erishgan, davlat mukofotlari sovrindorlari hamda namunali harbiy xizmatchilar tomonidan aholiga harbiy xizmat nufuzi, bugungi kunda milliy armiyamizda amalga oshirilayotgan islohotlar, yurt himoyachilari uchun yaratilayotgan shart-sharoitlar haqida to‘liq ma’lumot berilmoqda.
«Er yigitning er yigitga aytgan gapi ta’sirli bo‘ladi!» va «Harbiy qismdagi bir kunim!» mavzularida o‘tkazilgan 50 dan ortiq uchrashuv, ochiq eshiklar kuni ham hududlardagi 400 dan ortiq uyushmagan yoshni birlashtirdi.
Harbiy qismlarga yaqin xududda joylashgan ta’lim muassasalarining barchasi bilan hamkorlik Memorandumi imzolangan. Shu asosda har bir bo‘linmaga maktablar biriktirilib, harbiy xizmatchilar chaqiriqqacha yoshlarni tayyorlash ishlarida ham faol qatnashmoqda.
Hamkor tashkilotlar bilan birga voyaga yetmaganlar o‘rtasida huquqbu­zarliklar profilaktikasi hamda jinoyatchilikka qarshi kurash, yoshlarda vatanparvarlik ruhini yanada mus­tahkamlash yuzasidan ishlab chiqilgan qo‘shma chora-tadbirlar rejalariga asosan, ichki ishlar organlarida profilaktik ro‘yxatda turgan voyaga yetmaganlar, shuningdek, maktab ichki ro‘yxatida nazoratga olinganlar hamda o‘quvchi yoshlar va keng jamoatchilik vakillari ishtirokida qo‘mondonlik boshqaruv apparati, uning Toshkent shahri va viloyatlarda joylashgan harbiy qismlarida uchrashuvlar, davra suhbatlari, profilaktik mashg‘ulotlar o‘tkazilmoqda. Mudofaa vazirligi sport klubida, Toshkent viloyati Bo‘s­tonliq tumani, Farg‘ona, Navoiy va Qarshi shaharlarida esa «Salomatlik uchun 5000 qadam», «Sport – salomatlik garovi», «Men – sog‘lom turmush tarzi tarafdoriman» shiorlari ostida tashkil etilgan sport festivali va marafonlar yurtdoshlarimiz o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etishga xizmat qilmoqda.
Davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilgan beshta muhim tashabbus doirasida harbiy qismlarda «Besh tashabbus – besh imkoniyat» shiori ostida madaniyat, san’at, sport, adabiyot, kompyuter savodxonligi yo‘nalishlari bo‘yicha jami 60 dan ortiq to‘garaklar tuzilib, ularga 2000 ga yaqin yoshlar jalb etilgan.
Yurt himoyachilarining ma’naviy olamini yanada boyitish, azaliy qadriyatlar va an’analarimizga asoslangan dunyoqarashini shakllantirish, yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash va harbiy xizmatga bo‘lgan qiziqishlarini oshirish maqsadida, qo‘mondonlik va bo‘ysinuvchi harbiy qismlar hududlarida «Adiblar bog‘i», «Harbiy tarix muzeyi», «Oila», «Yoshlar», «Nuroniylar», «Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan beshta muhim tashabbus» kabi burchaklar tashkil etilgan.
Bugun bo‘linmalarimizda barcha qulayliklarga ega, zamonaviy madaniyat markazlari, badiiy va o‘quv adabiyotlari hamda elektron va audio kitoblar bilan boyitilgan kutubxonalar shakllantirilib, 100 000 dan ortiq turli mazmundagi kitoblar xarid qilindi.
Shaxsiy tarkibning kitobxonlik madaniyatini oshirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar samarasi harbiy xizmatchilarimiz erishayotgan natijalarda ham aks etmoqda, jumladan, Mudofaa vazirligi miqyosida o‘tkaziladigan «Eng yaxshi yosh kitobxon» tanlovida qo‘mondonlikning Buxoro viloyatida joylashgan harbiy qismi kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatchi, oddiy askar Rustam Gʻofurov ketma-ket ikki yildan buyon eng yuqori natijaga erishib kelmoqda.


Shuningdek, harbiy xizmatchilarimiz Mudofaa vazirligi miqyosida o‘tkazilgan «Eng yaxshi kutubxona», «Eng yaxshi kutubxonachi», «Ruhiy zo‘riqishlarni yechishning namunali xonasi», O‘zbekiston yoshlar ittifoqi harbiy qism «Eng ilg‘or boshlang‘ich tashkiloti yetakchisi» hamda «Eng ilg‘or vzvod komandirining tarbiya­viy va mafkuraviy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari» tanlovlarida birinchilikni qo‘lga kiritgan bo‘lsalar, boshqa bir qator musobaqa va bellashuvlarda ham faxrli o‘rinlarni egalladilar.
Jizzax viloyati «Forish» dala-o‘quv poligonida kuch tuzilmalarining o‘ta muhim va toifalangan ob’yektlarni qo‘riqlash bo‘linmalari o‘rtasida o‘tkazilgan ko‘pkurash sport musobaqasida Toifalangan ob’yektlarni qo‘riqlash qo‘shinlari qo‘mondonligi jamoasi faxrli birinchi o‘rinni qo‘lga kiritgani shaxsiy tarkibning yaratilgan shart-sharoitlardan oqilona foydalanib, kasbiy malakasini oshirishga alohida e’tibor qaratayotganini yana bir bor namoyon etdi.
Erishilgan yutuqlar natijasida 6 nafar harbiy xizmatchi davlat mukofoti, 104 nafari «Mehr-saxovat» va 75 nafari «Namunali xizmati uchun» ko‘krak nishonlari bilan rag‘batlantirildi.
Qo‘mondonlik harbiy xizmatchilarning turmush o‘rtoqlari va farzandlarini ish bilan ta’minlash maqsadida harbiy qismlarda 28 ta ish joyiga mo‘ljallangan 4 ta tikuv-trikotaj sexlarining faoliyati yo‘lga qo‘yilgan. Tashkil etilgan 50 dan ortiq mehnat yarmarkalarida esa, 90 ga yaqin harbiy xizmatchilarning oila a’zolari ishga joylashtirildi. 135 nafar harbiy xizmatchi uzoq muddatli ipoteka krediti asosida uy-joy bilan ta’minlandi.
Bu esa davlatimiz tomonidan harbiy xizmatchilarning ijtimoiy himoyasiga e’tibori yuksak ekanligidan dalolat beradi.

Polkovnik Jur’at YAKUBOV,
Mudofaa vazirligi
Toifalangan ob’yektlarni
qo‘riqlash qo‘shinlari
qo‘mondoni