O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganligining 29 yilligi arafasida Markaziy harbiy okrugning Jizzax viloyatidagi harbiy qismida harbiy xizmatchilarining farzandlari uchun yangidan barpo etilgan 200 o‘ringa ega 2 qavatli zamonaviy maktabgacha ta’lim tashkiloti tantanali ravishda foydalanishga topshirildi.

Ochilish marosimida Markaziy harbiy okrug qo‘mondonligi, jamoatchilik vakillari, harbiy xizmatchilar va ularning oila a’zolari ishtirok etdi.
Tadbirda so‘z olgan okrug qo‘shinlari qo‘mondoni polkovnik Oybek Saidov maktabgacha ta’lim tashkilotining foydalanishga topshirilishi harbiy xizmatchilarning farzandlarini maktab ta’limiga tayyorlash darajasini tubdan yaxshilanishiga, ta’lim-tarbiya jarayoniga zamonaviy ta’lim dasturlari va texnologiyalarini tatbiq etilishiga, bolalarni har tomonlama intellektual, axloqiy, estetik va jismoniy rivojlantirishga xizmat qilishini ta’kidladi.
Mehmonlar binoni ko‘zdan kechirish bilan birga, bolajonlarning rassomchilik, musiqa, rus va ingliz tili kabi mashg‘ulotlari bilan ham yaqindan tanishishdi.


200 nafar bolajonlarni o‘z bag‘riga qamrab oladigan ushbu muassasaning yotoqxona, oshxona, madaniyat zali, musiqa va o‘quv xonalarida bolajonlarning ta’lim-tarbiya olishlari uchun barcha sharoitlar yaratilgan bo‘lib, zamonaviy yumshoq mebel va o‘yinchoqlar hamda o‘quv qurollari bilan to‘liq ta’minlandi.
Ushbu tashkilotning foydalanishga topshirilishi 22 nafar harbiy xizmatchining turmush o‘rtog‘ining ish bilan ta’minlanishiga zamin yaratdi.

Leytenant Otabek NORBOYEV,
Markaziy harbiy okrug
matbuot xizmati