So‘nggi yillarda mamlakatimiz mudofaa qudratini mustahkamlash, qo‘shinlar jangovar shayligini oshirish, harbiy kadrlarni tayyorlash, mustahkam ijtimoiy himoya, harbiy xizmatchilarni jismonan va ma’nan barkamol etib tarbiyalash borasida keng qamrovli ishlar amalga oshirilmoqda.

Xususan, harbiy qismlarning infratuzilmasini yanada yaxshilash, shaxsiy tarkibni har tomonlama qulay, barcha zarur shart-sharoitlarga ega shinam xizmat xonalari bilan ta’minlash maqsadida qo‘shinlarda qurilish hamda kapital ta’mirlash ishlari jadal sur’atlarda olib borilmoqda.
Ana shunday ezgu ishlar ro‘yobini Mudofaa vazirligi Toifalangan ob’yektlarni qo‘riqlash qo‘shinlari qo‘mondonligi harbiy qismlari misolida ham ko‘rishimiz mumkin.
Yaqinlashib kelayotgan Vatan himoyachilari kuni arafasida qo‘mondonlikning Qarshi shahrida joylashgan harbiy qismi shaxsiy tarkibi uchun foydalanishga topshirilgan yangi shtab binosi harbiylar uchun haqiqiy bayram sovg‘asi bo‘ldi. Binolarning ochilish marosimida Toifalangan ob’yektlarni qo‘riqlash qo‘shinlari qo‘mondoni polkovnik Jur’at Yakubov, Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrug qo‘shinlari qo‘mondoni polkovnik Zaynobiddin Iminov va keng jamoatchilik vakillari ishtirok etib, yig‘ilganlarni bayram bilan qutladilar. Harbiy qism jamoasiga yengil avtomobil kaliti topshirilgach, jangovar xizmat faoliyatida yuqori natijalarga erishgan bir guruh harbiy xizmatchilar rag‘batlantirildi.


Ramziy lentalar kesilib, mehmonlar binolarni ko‘zdan kechirar ekan, shinam, yorug‘ xizmat xonalari, qo‘shinlarni tezkor boshqarish uchun mo‘ljallangan qo‘mondonlik shtab punkti faoliyati, o‘zbek va jahon adabiyoti namunalari, davriy nashrlar, elektron hamda audio kitoblar bilan boyitilgan kutubxona, ma’naviy-ma’rifiy tayyorgarlik xonasi, shuningdek, ko‘rgazmali targ‘ibot-tashviqot materiallari hamda buyuk tarixiy siymolarimizning suratlari bilan go‘zal qiyofaga kirgan harbiy qism hududi alohida e’tirof etildi.
Albatta, yaratilayotgan bunday shart-sharoitlar harbiy xizmatchilarning jangovar-xizmat faoliyatini yanada samarali olib borishlari va yuqori natijalarga erishishlarida dasturulamal bo‘lib xizmat qiladi.

Kapitan Farida BOBOJONOVA,
Toifalangan ob’yektlarni
qo‘riqlash qo‘shinlari
qo‘mondonligi matbuot xizmati boshlig‘i