Harbiy xizmatchilarni uy-joy bilan ta’minlash, ularning oila a’zolarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, yashash sharoitlarini yaxshilash bugungi kunning dolzarb vazifalaridan biriga aylandi. Zero yurt tinchligi, xalq osoyishtaligi uchun jonini tikkan Vatan o‘g‘lonlarini qancha ardoqlasak, shuncha kam.

Ana shunday xayrli ishlarning navbatdagisi Chirchiq shahrida bo‘lib o‘tdi. Saodat ko‘chasi bo‘ylab qad rostlagan ko‘rkam va pishiq ko‘p qavatli uylar kalitini qo‘lida tutib turgan harbiy xizmatchilar va ularning oila a’zolari quvonchini tasavvur qilavering. Bu quvonchli voqea quyidagicha bo‘ldi.
Dastlab harbiy orkestr va boshqa san’atkorlar ijrosidagi kuy-qo‘shiqlar sadosi ostida oilalar yangi uylar hovlisiga yig‘ildi. Mezbonlar, taklif etilgan mehmonlar jam bo‘lishgach, tantanali tadbir boshlandi. Toshkent harbiy okrugi qo‘shinlari qo‘mondoni polkovnik Zokirjon Sayfuddinov va shahar hokimiyati rahbariyati vakillari har bir xonadon sohiblariga uy kalitlarini topshirdi. Ta’kidlash joizki, uy kalitlariga qo‘shib harbiylarimiz farzandlari uchun kitoblar jamlanmasi ham taqdim etildi. Yangi uylar yurt o‘g‘lonlari va ular oilasi uchun haqiqiy bayram sovg‘asi bo‘ldi, deyish mumkin.


– Shu kun, shu lahzalargacha boshimizdan juda ko‘p qiyin damlar o‘tdi. Buni xo‘jayinim, men va farzandlarimiz yaxshi anglaymiz. Shukurki, «dadamiz» xizmat qilayotgan ona Vatan ham ko‘nglimizdan o‘tayotgan tuyg‘ularni juda yaxshi sezar va qadrlar ekan. Shu Vatan bizga bugun mana shunday ko‘rkam va chiroyli uy berdi. Bundan benihoya shodman, – deydi podpolkovnik Ilhom ­Shoyimovning turmush o‘rtog‘i Nasiba Shoyimova.
Nasiba opaning bu quvonchi shu kuni Chirchiq shahrining Saodat ko‘chasidagi 6 ta uydan o‘rin olgan 180 xonadonda turlicha ko‘rinishda bo‘y ko‘rsatdi.

Leytenant Islomjon QO‘CHQOROV,
«Vatanparvar»