O‘zbekiston Respublikasi «Umumiy harbiy majburiyat va harbiy xizmat to‘g‘risida»gi Qonunda mamlakatimiz fuqarolarini harbiy xizmatga tayyorlash me’yorlari haqida keng yoritib berilgan. Mazkur Qonunning 14-moddasi esa «Chaqiriluvchilarning harbiy-texnika mutaxassisliklari bo‘yicha tayyorgarligi» deya nomlanadi va unda yigitlik burchini o‘tash niyatida bo‘lgan yoshlarga qo‘yilgan talablar, shuningdek, yaratilgan shart-sharoitlar belgilab qo‘yilgan.
2003 yildan boshlab, muddatli harbiy xizmat bir yillik muddatga o‘tkazilgandan keyin Qurolli Kuchlar tizimida qator islohotlar olib borildi. Chunki qisqa muddat davomida fuqarolarning to‘laqonli va maqsadli xizmat burchini o‘tashini ta’minlash oldinga qo‘yilgan vazifalardan biri hisob­lanadi. 2019 yil barcha viloyatlarda viloyat Mudofaa ishlari boshqarmasi huzuridagi chaqiriluvchilarni harbiy-texnika mutaxassisliklari bo‘yicha tayyorlash markazlari tashkil etilib, ko‘zlangan natija tomon yana bir muhim qadam tashlandi.
Yangiyo‘lda joylashgan Toshkent viloyati Mudofaa ishlari boshqarmasi huzuridagi chaqiriluvchilarni harbiy-texnika mutaxassisliklari bo‘yicha tayyorlash markazi ham o‘z oldiga qo‘yilgan vazifalarni bajarib kelmoqda. 2019 yil 2 aprelda ochilgan markazda boshqa viloyatlardagi singari «S» toifali haydovchi – elektrik, «VS» toifali haydovchi, radiotelefonist, telefonist, xizmat iti yetaklovchisi, chavandozlik va oshpazlik mutaxassisliklari bo‘yicha muddatli harbiy xizmatga boruvchilar tayyorlanadi. Tuman miqyosida belgilangan sinovlardan o‘tganlar o‘z hududlariga qarashli Mudofaa ishlari boshqarmasi tavsiyasiga binoan harbiy-texnika mutaxassisliklari bo‘yicha tayyorlash markazida o‘qish imkoniyatini qo‘lga kiritadi. Muddatli harbiy xizmat burchini o‘tash istagida bo‘lgan yigitlar ma’lum muddat davomida markazda Qurolli Kuchlar tizimida muhim bo‘lgan mutaxassisliklar bo‘yicha ta’lim oladilar.
Yangiyo‘ldagi markazda xizmat safari bilan bo‘lganimizda «Umumiy harbiy majburiyat va harbiy xizmat to‘g‘risida»gi Qonunning 14-moddasi qay darajada amalga oshirilayotganining guvohi bo‘ldik. Markaz boshlig‘i podpolkovnik Alisher Ro‘zmetov o‘quv dargohida 20 dan ortiq ustozlar tegishli mutaxassisliklar bo‘yicha yoshlarga saboq berib kelayotganini ta’kidladi. Nazariy va amaliy bilimlarni o‘zlashtirish uchun mo‘ljallangan zamonaviy o‘quv sinflari, yotoqxona, sport zali, oshxona, kutubxona hamda ma’naviyat xonasi haqiqatan ham Mudofaa vazirligi tomonidan qo‘yilgan barcha talablarga javob beradi.
Bundan tashqari kinologiya va chavandozlik bo‘yicha ta’lim olayotgan kursantlar Mudofaa vazirligi Markaziy xizmat itlari pitomnigi hamda poytaxt otchoparida o‘tkaziladigan amaliy mashg‘ulotlarda o‘z ko‘nikmalarini oshirib boradilar. Haydovchilik yo‘nalishidagi kursantlarga esa maxsus avtodromda KAMAZ, UAZ, ZIL, Ural kabi mashinalarni boshqarish jarayoni o‘rgatiladi.


Chaqiriluvchilarni harbiy-texnika mutaxassisliklari bo‘yicha tayyorlash markazining bir kunlik o‘quv jarayonlarini kuzatish davomida haqiqiy harbiy xizmatdagi muhitning guvohi bo‘ldik. Egniga yarashib turgan harbiy kiyimdagi yigitlarning nigohiga nazar tashlar ekansiz, ularning ilmga chanqoqligi orqali Vatan himoyachisi bo‘lishdek sharafli burchni qalban anglab yetganiga amin bo‘lasiz. Xulosa qilib aytganda, yigitlik burchini o‘tash niyatida bo‘lgan yoshlar qo‘yilgan talablar va o‘zlariga yaratib berilgan shart-sharoitlardan unumli foydalangan holda chaqiriluvchilarni harbiy-texnika mutaxassisliklari bo‘yicha tayyorlash markazida muddatli harbiy xizmatga maqsadli tarzda tayyorgarlik jarayonini o‘tamoqdalar.

Asror RO‘ZIBOYEV, «Vatanparvar»