O‘zbekiston Milliy matbuot markazida Mudofaa vazirligi tashabbusi bilan Prezidentimizning «O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarini muddatli harbiy xizmatga navbatdagi chaqiruvi hamda belgilangan xizmat muddatini o‘tab bo‘lgan muddatli harbiy xizmatchilarni Qurolli Kuchlar rezerviga bo‘shatish to‘g‘risida»gi qarori ijrosini ta’minlash bo‘yicha matbuot anjumani o‘tkazildi.

Unda, Mudofaa, Favqulodda vaziyatlar, Ichki ishlar va Sog‘liqni saqlash vazirliklari, Milliy gvardiya va Davlat xavfsizlik xizmati Chegara qo‘shinlari qo‘mondonligining mas’ul xodimlari, shuningdek, Toshkent shahar va viloyati mudofaa ishlari boshqarmalari boshliqlari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Matbuot anjumani davomida vazirlik va idora vakillari tomonidan nomzod chaqiriluvchi bilan yakkama-yakka tarzda suhbat o‘tkazish orqali ularni harbiy xizmatni o‘tash uchun tanlab olish va qo‘shin turlariga tayinlashning pog‘onali mexanizmi joriy etilgani hamda chaqiruv tadbirlarini sifatli o‘tkazish uchun mudofaa ishlari boshqarmalari va mudofaa ishlari bo‘limlarida hududiy tibbiy komissiyalar tuzilganligi haqida batafsil ma’lumotlar berildi.

– Yangilangan tizimni yo‘lga qo‘yish orqali, – deydi Mudofaa vazirligi boshqarma boshlig‘i podpolkovnik Ulug‘bek Qodirov, – muddatli harbiy xizmatga chaqirish ishlarining shaffofligini ta’minlashga, eng asosiysi, chaqiriluvchi va ularning ota-onalarida ijtimoiy adolat mavjudligiga, tashkil etilayotgan Rahbariyat kengashi va qo‘shinlarni butlash bo‘yicha komissiya faoliyatiga nisbatan ishonchga, ayniqsa, armiyaga chaqiriluvchilarni takror tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilmaslikka  erishildi.

Anjuman mobaynida ommaviy axborot vositalari xodimlari o‘zlarini qiziqtirgan savollarga batafsil javob olishdi.

A. JANIBEKOVA